Skip to main content

Sudlarda komplayens nazorati: huquqiy mohiyat va amaliy ahamiyat

Aliyev Umidjon Hakimovich
Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni (keyingi o‘rinlarda – farmon) mamlakatimiz sud tizimini modernizatsiya qilish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish hamda odil sudlovga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga qaratilgan tizimli mexanizmlarni shakllantiradi.

Farmonning muhim institusional yangiligi shundaki, unda birinchi marta sud tizimi uchun ixtisoslashtirilgan Komplayens nazorat xizmati tashkil yetilmoqda. Bu xizmat Oliy sud raisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobot beradi va uning asosiy vazifasi — sud apparati xodimlari o‘rtasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini tartibga solish hamda etika normalari va qonunchilik talablariga rioya yetilishini nazorat qilishdir. Shuningdek, tegishli nazorat mexanizmi sudyalar korpusi uchun Sudyalar oliy kengashining Sud inspeksiyasi orqali amalga oshiriladi. Shunday qilib, nazorat ikki mustaqil tizim orqali olib boriladigan bo‘lib, bu ularning samaradorligini oshiradi.

Farmonning alohida ye’tiborga loyiq jihati shundaki, u faqat tashkiliy tuzilmalar yaratish bilan cheklanmaydi — unda aniq muddatlar va o‘lchov mezonlari belgilangan. Jumladan, 2026 yil 1-sentyabrga qadar korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati tasdiqlanishi, 2027 yil 1-maygacha yesa daromadlar va mol-mulkni deklaratsiya qilishning avtomatlashtirilgan yelektron tizimi ishga tushirilishi lozim. Bundan tashqari, “vacancy.sud.uz”  portali va “SudHR” yelektron platformasi orqali kadrlar boshqaruvi raqamlashtirilib, inson omilining salmoqli bo‘lgan jarayonlari minimallashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Binobarin, farmonning diqqatga sazovor yana bir jihati — sud apparati xodimlarining xizmat faoliyatiga doir qat’iy cheklovlar va preventiv choralarning belgilanganidir. Xususan, muqaddam korrupsiyaviy jinoyatlar sodir yetganlikda aybdor deb topilgan yoki notarius, advokat, sudya, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat organi faoliyatida nojo‘ya xatti-harakatlari uchun lavozimidan ozod yetilgan shaxslarni muayyan muddat davomida sud tizimiga qabul qilinmasligi kafolatlangan. Shu bilan birga, xodimlarning pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa tadbirkorlik subektlarida ishtirok etishi, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bank hisobvaraqlariga ega bo‘lishi hamda ko‘chmas mulkka egalik qilishi qonunan taqiqlanmoqda. Ushbu maxsus cheklovlar sud hokimiyati xodimlarining xolisligi va daxlsizligini ta’minlashga xizmat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro andozalar, xususan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablariga to‘liq mos keladi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, ushbu farmon Yangi O‘zbekiston qurish yo‘lidagi islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. U sud tizimini nafaqat korrupsiyaga chidamli, balki fuqarolar ishonchiga munosib institutga aylantirish bo‘yicha puxta o‘ylangan va aniq muddatlarga bog‘langan me’yoriy asosini shakllantiradi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, komplayens nazorat tizimi, raqamli yechimlar va shaxsiy javobgarlikning o‘zaro uyg‘unligi kelgusida odil sudlov mustaqilligini hamda tizimning preventiv salohiyatini tubdan oshirishga xizmat qiladi.

Categories: Ilmiy maqolalar