Bolalar chet davlatlarga ota-onasi bilan birgalikda dam olishga, sayohatga, davolanishga, sport musobalariga borishadi. Agar voyaga yetmagan bolaning chet elga chiqish pasportini (qizil pasport)olishda ota-ona birgalikda ariza bersa, hech qanday muammosiz bolalar chet elga chiqishi mumkin bo‘ladi.
Lekin shunday holatlar bo‘ladiki (masalan, ota-onalar alohida yashaganda, nikohdan ajrashganda), bolani chet elga olib chiqishda alohida tartib qo‘llaniladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom 22-bandiga ko‘ra voyaga yetmagan farzandni chet elga chiqishida uning ota-onasi notarial rozilik berishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu bandga ko‘ra 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning voyaga yetmagan shaxsning mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda, xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin.
Yuqoridagi qoidalarga muvofiq voyaga yetmagan bolalarni chet elga olib chiqishda u qanday maqsadda bo‘lishidan qat’iy nazar ota-onasining roziligi olinishi shart. Negaki, Oila kodeksining 66-moddasi ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shartligini belgilaydi. Bunda ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega.
Lekin shunday holatlar bo‘ladiki, unda ota yoki onaning roziligisiz bolalarni chet elga olib chiqish mumkin bo‘ladi.
Mazkur nizomning 33-bandida xorijga chiqishda ota-onaning roziligi olinmaydigan asoslar belgilangan. Unga muvofiq quyidagi holatlarda ota-onadan birining roziligi talab qilinmaydi:
- ota-onaning biri vafot etganda;
- boquvchisi yolg‘iz ona bo‘lgan hollarda;
- bolaning ota-onasidan biri xorij fuqarosi bo‘lganida;
- ota-onadan biri sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud muomalaga layoqatsiz deb topilganida;
- ota-onadan birining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxati xorijga doimiy yashashga ketganligi munosabati bilan bekor qilinganida.
Shunday ekan, yuqoridagi asoslardan biri mavjud bo‘lmasa, farzand qanday maqsadda chetga chiqishidan qat’iy nazar ota yoki onaning bunga rozilik berishi lozim bo‘ladi.