Ishsizlik nafaqasining miqdori qancha?

Ma’lumki, ishsizlik nafaqasi amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqaning bir turi hisoblanadi.

Aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunning 51-moddasi beshinchi qismiga binoan ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran hisoblanadi va to‘lanadi.

Bunda mazkur nafaqa o‘n ikki oylik davr ichida ko‘pi bilan yigirma olti kalendar hafta davomida to‘lanadi.

Demak, shaxs hududiy mehnat organlari orqali ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgandan boshlab ushbu nafaqani olishga haqli bo‘ladi va bu nafaqa 1 yillik davrda ko‘pi bilan 6.5 oygacha to‘lanishi mumkin.

Endi haqli savol tug‘iladi, ushbu nafaqaning miqdorlari qanday o‘rnatilgan? Yuqoridagi qonunning 52-moddasidan mazkur savolga javob topishimiz mumkin.

Normaning birinchi qismida ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxsning avvalgi ish joyidagi oxirgi bir yildagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foizda, boshqa hollarda ishsizlik nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan foizda belgilanishi qayd etilgan.

Misol uchun, A ismli shaxs Delta korxonasidan ishdan bo‘shagandan so‘ng mehnat organidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, ushbu shaxsning oxirgi yillik o‘rtacha ish haqi 5.3 mln so‘mni tashkil etsa, unga ishsizlik nafaqasi manashu miqdordan kelib chiqib moddaning ikkinchi qismida belgilangan foizlarda hisoblanadi.

Normaning ikkinchi qismiga ko‘ra ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) so‘nggi o‘n ikki oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.

Yuqoridagi misolni davom ettiradigan bo‘lsak, bu holatda A ismli shaxsga ishsizlik nafaqasi 2 650 000 so‘mni (o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida) tashkil etadi. Lekin shuni ham aytish kerakki, bunday holatda nafaqaning eng kam miqdori 03.05.2024 yil holatiga 1 050 000 so‘mdan kam bo‘lmasligi va 4 900 000 so‘mdan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Ikkinchi holatda ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan hamda uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida hisoblanadi.

Aytaylik, yuqoridagi A ismli shaxs ishdan bo‘shagandan so‘ng 14 oy o‘tib mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bunday holatda uning ishsizlik nafaqasi miqdori 03.05.2024 yil holatiga 1 050 000 so‘m etib belgilanadi.

Uchinchi holatda ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida yetmish besh foizi miqdorida hisoblanadi.

Agar A ismli shaxs oldin mehnat munosabatlariga kirishmagan va birinchi marta ish qidirayotgan bo‘lsa, unga ishsizlik nafaqasi miqdori 787 500 so‘m etib belgilanadi.

Kuz-qish mavsumida koʻp qavatli uylardagi havo harorati kamida 20 gradus C boʻlishi kerak.

Xotin-qizlar faolining maoshi mahalladagi xonadonlar sonidan kelib chiqib belgilanadi.

Kambagʻal oilalar uchun imtiyozlar koʻpaymoqda

Kimlar xususiy tibbiyot muassasalarida bepul davolanishlari mumkin?

“Oqila ayollar” moliyaviy rag‘batlantiriladi.

Olimpiada g‘oliblari hamda ularning ustozlari rag‘batlantiriladi

Xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolariga qonunchilikda imtiyozlar mavjud

Agar kupelarda kondisioner ishlamasa, chiptalar uchun to‘langan pullar chegirib qolinadi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar “Ishga marhamat” monomarkazlarida kasb-hunar o‘rgangan taqdirda ularga stipendiyalar beriladi.

Ayrim advokatlar moddiy rag‘batlantiriladi