Talabalarga ijara haqi to‘lab beriladi

Agar talaba OTMga qabul qilingandan so‘ng u talabalar turar joyiga (yotoqxonaga) joylasha olmasa va ijara shartnomasini rasmiylashtirgan holda ijarada yashasa, ijara haqining bir qismi qoplab beriladi.

Bu tartib Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom asosida belgilangan.

Mazkur nizomning 3-bandiga ko‘ra ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini qoplab berish qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.

­­Bunda talaba Fuqarolik kodeksining 600-moddasiga asosan ijaraga beruvchi bilan uy-joy ijarasi shartnomasini tuzishi talab etiladi. Mazkur shartnomasi Fuqarolik kodeksining 603-moddasiga binoan davlat soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.

Demak, ijara haqini qoplash uchun talaba soliq organiga ro‘yxatga qo‘yilgan ijara shartnomasi asosida o‘zining doimiy yashash joyidan boshqa joyda yashashyotgan bo‘lishi lozim.

Ijara haqining qancha qismi qoplab beriladi?

Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar:

  • Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari;
  • qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi.

Bir uyda bir nechta talaba yashasa qanday tartib qo‘llaniladi?

Ushbu nizomning 4-bandiga ko‘ra bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.

Demak, bir uyda bir nechta talaba yashasa, ularning har biri bu imtiyozdan foydalanish uchun ijara shartnomasini tuzishi talab etiladi.

Ijara haqini qoplash uchun kimga va qachon murojaat qilish lozim?

Bunda ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi anketa-arizani ikki nusxada to‘ldirib, ijara shartnomasi nusxasi bilan o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga topshiradi.

Ushbu nizomning 8-bandiga ko‘ra oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish:

  • o‘quv yili davomida, ya’ni har yili 1-syentabrdan 1-iyulgacha etib yoki o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘quv yilining davomiyligiga qarab belgilanadi;
  • ariza beruvchi tomonidan har oyning 7-sanasiga qadar arizalar mas’ullarga taqdim etilganidan so‘ng amalga oshiriladi.