
Algoritmik javobgarlik: sun’iy intellekt qarorlarining ortida kim turadi?
Texnologiya taraqqiyoti – yangi javobgarlik shakllarini talab qilmoqda
Bugungi kunda sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish (Machine Learning – ML) algoritmlari hayotimizning deyarli har bir sohasiga kirib kelgan. Banklar kredit berishda, kasalxonalar tashxis qo‘yishda, onlayn xizmatlar esa bizga film yoki mahsulot tavsiya etishda ML tizimlaridan foydalanmoqda. Bu tizimlar hayotni qulaylashtirayotgandek tuyulsa-da, ular orqasida kutilmagan xavflar va adolatsizliklar ham yashiringan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ayrim ML tizimlari irqiy yoki ijtimoiy tafovutlarni chuqurlashtirgan (Obermeyer, 2019; Blattner & Nelson, 2021), ayrimlari esa shaxsiy hayot daxlsizligiga ziddir (Hill, 2012; Mattu, 2022). Shu sababli jahon miqyosida “algoritmik javobgarlik” (algorithmic accountability) tushunchasi ilgari surilmoqda. Biroq bu atama ortida faqatgina “kim aybdor?” degan savol emas, balki butun boshqaruv va nazorat mexanizmi yashiringan.
Algoritmik javobgarlik nima?
Oddiy qilib aytganda, algoritmik javobgarlik — bu ML tizimlari qanday tuzilgan, qanday ishlatilgan va qanday natijalar bergani uchun kim mas’ul ekanini aniqlash mexanizmidir. Biroq bu faqat texnik masala emas — bunda:
- ➖foydalanuvchilar
- ➖tashkilotlar
- ➖dasturchilar
- ➖regulyatorlar va butun jamiyat manfaatdor tomon sifatida ishtirok etadi.
Algoritmik tizimlarning o‘zi javobgarlikni sezmaydi — lekin uni yaratgan va foydalangan odamlar sezadi. Shu sababli, javobgarlik bir necha darajaga bo‘linadi:
Javobgarlikning to‘rt darajasi mavjud.
№ | Javobarlik darajasi | Tasnifi |
---|---|---|
1 | Ijtimoiy javobgarlik (Social accountability) | Foydalanuvchilar va ta’sir ko‘rgan shaxslar tizimdagi adolatsizlikka qarshi chiqish, jamoatchilik fikrini bildirish va axborot talab qilish huquqiga ega. |
2 | Institutsional javobgarlik (Institutional accountability) | Davlat va regulyatorlar maxsus qonunlar, audit va sanksiyalar orqali kompaniyalardan javobgarlik talab qiladi. Masalan, Yevropaning AI Act qonunchilik loyihasi shular jumlasidandir |
3 | Tashkiliy javobgarlik (Organizational accountability) | Kompaniyalar ichki siyosat, audit, kodeks va xodimlarni o‘qitish orqali o‘z tizimlarining oqibatlarini nazorat qiladi. |
4 | Texnik javobgarlik (Technical accountability) | Izohlanuvchanlik (interpretability), nazorat qilish imkoniyati (controllability), adolatlilik, xatolarga bardoshlilik kabi texnik mezonlar orqali tizimning shaffofligi ta’minlanadi. |
Kim kimga nisbatan javobgar?
Quyidagi bu aloqalar aniq ko‘rsatilgan:
- ➖Foydalanuvchilar — tashkilotlardan javobgarlik talab qiladi.
- ➖Tashkilotlar — xodimlariga nisbatan ichki nazorat o‘rnatadi.
- ➖Institutsiyalar — regulyator sifatida tashqi talablar qo‘yadi.
- ➖Amaliyotchilar — tizimni ishlab chiqadi yoki undan foydalanadi.
Ushbu murakkab tizimda har bir aktyor o‘ziga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rishi yoki chora talab qilinishi mumkin.
2023-yilda e’lon qilingan maqolada (Horneber & Laumer) algoritmik javobgarlik bo‘yicha quyidagi kelajakdagi tadqiqot yo‘nalishlari aniqlangan:
Javobgarlik turi | Tadqiqot savoli |
Ijtimoiy | Foydalanuvchilarning javobgarlikka oid tasavvurlarini qanday omillar shakllantiradi? |
Institutsional | Qanday siyosatlar ML tizimlarining ijtimoiy zararlarini oldini oladi? |
Tashkiliy | Qanday ichki siyosatlar xodimlarning axloqiy yondashuvini kuchaytiradi? |
Texnik | ML tizimlari izohlanadigan va boshqariladigan bo‘lishi uchun qanday dizayn tamoyillari zarur? |
Bu savollar orqali algoritmik tizimlarni nafaqat texnik, balki ijtimoiy va axloqiy nuqtai nazardan ham mas’ul qilish mumkin.
Algoritmik javobgarlik nega bu muhim?
Sir emaski, sun’iy intellekt allaqachon qaror qabul qilishda insonlarni ortda qoldira boshladi. Biroq qarorni kim qabul qilsa, oqibatiga ham o‘sha javobgar bo‘lishi kerak. Shuning uchun:
- ➖Kompaniyalar — dizayndan tortib foydalanuvchiga qadar javobgarlikni nazorat qilishi,
- ➖Foydalanuvchilar — o‘z huquqlarini bilishi,
- ➖Regulyatorlar — aniq qonunlar joriy qilishi lozim.
Algoritmik javobgarlik — bu kelajakdagi axloqiy texnologiyalarning asosi. Bu orqali texnologiya foydali bo‘lishi bilan birga adolatli, shaffof va mas’uliyatli bo‘lishi ham ta’minlanadi. Siz sun’iy intellektdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, demak, bu mavzu sizga bevosita taalluqlidir.