Skip to main content

Astrent nima?

Bugungi huquqiy amaliyotda sud qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmasligi jiddiy muammolardan biridir. Ayniqsa, qarzdor tomonidan mulkiy bo‘lmagan majburiyatlar (masalan, bino buzish, yer uchastkasini bo‘shatish, ashyoni topshirish) kechiktirilsa, kreditorlar ko‘pincha samarasiz kutishga majbur bo‘ladilar. Shunday vaziyatlarda astrent instituti zamonaviy va samarali huquqiy vosita sifatida maydonga chiqadi.

Astrent – bu nima?

Astrent (fransuzcha astreinte, “majbur etish” degan ma’noni anglatadi) — bu sud qarorini o‘z vaqtida bajarmagan qarzdorga nisbatan kundalik, haftalik yoki oylik asosda belgilangan pul jarimasidir. Mazkur vosita dastlab Fransiyada XIX asr oxirida sud amaliyoti orqali vujudga kelgan, keyinchalik u 1972-yilgi va 1991-yilgi qonunlar bilan, nihoyat esa 2012-yildan boshlab Fransiya Fuqarolik ijro kodeksida normativ mustahkamlangan.

Rossiya huquqida astrent instituti 2015-yildan boshlab Fuqarolik kodeksining 308.3-moddasida nazarda tutilgan. Sud qarorini bajarmagan javobgarga bu vosita qo‘llanilib, u da’vogarga to‘lov qiladi — davlatga emas. Demak, astrent klassik ma’nodagi jarima emas, balki kreditor manfaatini himoya qiluvchi kompensatsion-ijro vositasidir.

Astrent ning shakllari

Sud qaroriga muvofiq astrent quyidagicha belgilanadi:

  • bir martalik qat’iy summa (masalan, 1 million so‘m);
  • ➖kunlik yoki haftalik to‘lovlar (masalan, har bir bajarmagan kun uchun 0.1%);
  • ➖zarar miqdoriga foizli hisobda (masalan, umumiy etkazilgan zarar summasining 5% har hafta).

Bunda asosiy tamoyillar — adolat, mutanosiblik, va vijdonsizlikdan foyda ko‘rishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Sud qarorini bajarmaganlik foydali bo‘lmasligi kerak.

Qayerda qo‘llaniladi?

Astrent asosan quyidagi hollarda ishlatiladi:

  • ➖mulkiy bo‘lmagan majburiyatlar (bino buzish, mol-mulk topshirish, joy bo‘shatish);
  • ➖huquq egalarini himoya qilish (negator da’volar);
  • ➖bankrotlik doirasida hujjatlarni topshirish;
  • ➖shartnomani majburiy tuzdirish holatlari.

Ammo bu vosita pul to‘lovlariga nisbatan ishlatilmaydi, chunki ularga nisbatan shundoq ham kechiktirish foizi (masalan, FK 327-modda) belgilanadi. Shuningdek, astrent oilaviy, mehnat yoki ijtimoiy ta’minot sohasidagi da’volarda qo‘llanilmaydi.

Nima uchun astrent dolzarb?

Yuridik amaliyotda sudda yutish — ishning yarmi. Uni ijro ettirish esa — real natija. Astrent aynan mana shu bosqichda ishlaydi. U qarzdorni “faol harakat qilish”ga majbur qiladi: chunki har kechikkan kun — qo‘shimcha moliyaviy zarar.

Shuningdek, astrent sudlar tomonidan kreditor foydasiga belgilanishi uchun kreditorga albatta yozma iltimosnoma taqdim etish kerak bo‘ladi. Sud o‘z tashabbusi bilan (Rossiyadan farqli o‘laroq, Fransiyada sua sponte belgilanishi mumkin) bu chorani qo‘llamaydi.

Astrent – bu huquqiy majburiyatni vijdonan bajarmagan tomonlarga nisbatan sud tomonidan qo‘llaniladigan samarali moliyaviy tazyiq vositasidir. U kreditor manfaatini himoya qiladi, sud qarorlarini haqiqatan ijro ettirishga xizmat qiladi va qarzdorning sustkashligiga barham beradi.

Ayni paytda, astrent instituti milliy huquqimizga kiritilmagan. Biroq bu tajriba kelajakda fuqarolik majburiyatlarini ijro ettirish samaradorligini oshirish uchun muhim vosita sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Huquqiy islohotlar davomida bu institutdan foydalanish imkoniyati jiddiy baholanishi lozim.

Categories: Fuqarolik huquqi