Skip to main content

Davlat xaridlarida qonunbuzarliklar va ularning oqibatlari

Bugungi kunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan davlat xaridlari sohasida koʻplab qonunchilikda belgilangan talablarni buzish holatlari kuzatilmoqda. Buning natijasida esa tadbirkorlik subyektlari keskin zarar koʻrmoqda.

Shu bois, tadbirkorlik subyektlari davlat xaridlardan “zarar” koʻrganda vakolatli organlarga murojaat qilish huquqi mavjudligini eslatib oʻtmoqchimiz.

Demak, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Bundan xulosa qilish mumkinki, davlat xaridlari faqatgina bir qonun bilan emas balki boshqa qonunlar va qonun osti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Misol uchun: “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun,“Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 20.05.2022 yildagi 276-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom va boshqalar.

Taʼkidlash lozimki, ushbu sohada Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ hisoblandi.

Qiziqarli jihati shundaki, mazkur Qonunning 75-moddasiga asosan ushbu Qonunning va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan davlat nazoratini quyidagilar oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi:

  • Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi.

Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, davlat xaridlarini 5 ta davlat organi oʻzining vakolat doirasidan kelib chiqib nazorat qiladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda eng koʻp uchrab kelayotgan muammolardan biri, bu buyurtmachilar tomonidan taʼkidlangan Qonunda nazarda tutilgan baholash mezonlariga va tartib-taomillariga taalluqli qoidalarga jiddiy yondashmayotganligidan kelib chiqmoqda.

Vaholanki, Qonunda davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari, ularning nisbiy qiymati, baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qoʻllash tartibi boʻlishi kerakligi belgilangan.

Misol uchun: davlat buyurtmachisi xarid hujjatlarida (ball bilan baholash holatida) har bir ballni qanday holatda berilishini aniq qilib belgilashi lozim.

Misol tariqasida:

Ishtirokchining xarid predmetidan kelib chiqib ish tajribasi boʻyicha baholashda “Xarid predmetiga oʻxshash ishlarni bajarganlik”uchun bajargan ishlar qiymati 500 mln. soʻmgacha boʻlsa 1 ball, 500 mln. soʻmdan 1 mlrd. soʻmgacha boʻlsa 2 ball, 1 mlrd. soʻmdan koʻp boʻlsa 3 ball.

Biroq, ayrim hollarda davlat buyurtmachilarining xarid hujjatlarida “1-2 gacha” deb yozilmoqda va qaysi holatda qanday hujjatga (yoki xarida hujjatlarida belgilangan majburiy mezonlarga koʻra ish tajribasi talabiga koʻra) necha ball berilishi aniq qilib belgilanmaganligi natijasida buyurtmachilar tomonidan muayyan bir tadbirkorlarga imtiyozli shart-sharoit yaratib yuqori ball berilmoqda. Buning natijasida, haqiqatdan ham xarid hujjatlarida nazarda tutilgan talablar mos keladigan tadbirkorlar savdolardan nohaq chetlatilmoqda.

Taʼkidlash joizki, ushbu qonun talablarini buzganlik maʼmuriy javobgarlik va moliyaviy sanksiyalarga sabab boʻladi.

Raqobat qoʻmitasi Yuridik taʼminlash boʻlimi
bosh yuriskonsulti 3-darajali yurist
 Abdulhamidov Asilbek Qahramonovich
Categories: Biznes huquqi