
Da’vo muddati nima?
Fuqarolik huquqida muddatlarning ahamiyati juda katta, chunki ular huquqiy munosabatlarning aniq tartibda amalga oshirilishini ta’minlaydi. Harakatlarni bajarish yoki da’vo qilish uchun belgilangan muddatlar shaxslarning huquq va majburiyatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Muddatlar o‘tib ketganda, ayrim huquqiy imkoniyatlar yo‘qolishi mumkin, bu esa javobgarlikni kamaytiradi yoki butunlay yo‘q qiladi. Ayniqsa, da’vo muddati fuqarolik ishlari yuritilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, sud jarayonining o‘z vaqtida hal bo‘lishini kafolatlaydi.
Fuqarolik Kodeksining 149-moddasiga muvofiq, da’vo muddati – shaxs oʻzining buzilgan huquqini da’vo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir. Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari ushbu huquqlarni sud orqali himoya qilish hisoblanganligi sababli, da’vo ana shu himoyani amalga oshirishning asosiy vositasi hisoblanadi. Ushbu kodeksning 150-moddasiga muvofiq, umumiy da’vo muddati 3 yil hisoblanadi.
Endi esa ushbu institutning ahamiyatini koʻrsatish uchun amaliyotdan misol keltirib oʻtamiz. Misol uchun, Farhod 2020-yil 10-yanvarda Jamshidga 10 million so‘m qarz beradi. Qarz qaytarish muddati 2020-yil 10-iyul etib belgilangan. Jamshid qarzni qaytarmaydi, lekin Farhod faqat 2024-yil 15-avgustda sudga murojaat qiladi. Sud Fuqarolik kodeksidagi 3 yillik da’vo muddati (2023-yil 10-iyulgacha) o‘tganini aniqlaydi. Jamshid muddati o‘tganini asos qilib ko‘rsatganida, sud da’voni rad etadi. Agar Farhod 2023-yil 10-iyulda sudga da’vo kiritganda da’vo muddati oʻtib ketmagan hisoblanardi.
Da’vo muddati fuqarolik huquqida shaxslarning buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida himoya qilishini ta’minlovchi muhim huquqiy mexanizmdir. Agar fuqaro o‘z huquqini belgilangan muddat ichida himoya qilmasa, sud hatto haqli da’voni ham rad etishi mumkin. Shu bois, har bir fuqaro o‘z huquqlari va ularni himoya qilish muddatlarini aniq bilishi va ularga amal qilishi lozim.