Ma’lumki, yurtimizda yoshlar orasidan xorijiy tillarni o‘zlashtirishlari hamda malakali mutaxassis sifatida shakllanishlari uchun ko‘plab imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Ushbu imkoniyatlaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.05.2021-yildagi PQ-5117-son Qarorini aytib o‘tishimiz mumkin.
Ushbu qarorga asosan, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini ta’sis etilgan.
Ushbu sovrin uchun musobaqalar umumta’lim maktablari o‘rtasida quyidagi uch bosqichda tashkil etiladi:
- birinchi bosqich — tuman va shaharlarda o‘tkazilib, g‘oliblar 100 mln so‘mgacha;
- ikkinchi bosqich — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilib, g‘oliblar 250 mln so‘mgacha;
- uchinchi bosqich — respublika miqyosida o‘tkazilib, g‘oliblar 500 mln so‘mgacha pul mablag‘lari bilan mukofotlanadi;
Ushbu qaror bilan xorijiy tillarda dars mashg‘ulotlarini olib borayotgan o‘qituvchilarga ham bir qancha imtiyozlar belgilandi, Jumladan:
Ta’lim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab boriladi;
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind) o‘qituvchilari attestatsiya jarayonida malaka sinovi uchun maksimal ball bilan baholanib, xorijiy til moduli bo‘yicha sinovdan ozod etiladi.