
Fuqarolik kodeksidagi oʻzgarishlar
Oʻzbekiston Respublikasining “Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Soliq kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Garov toʻgʻrisida”gi qonuniga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonuniga, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun bilan Fuqarolik kodeksining 279, 280, 281, 285-moddalariga oʻzgartirishlar kiritildi va kodeks 7461-modda bilan toʻldirildi.
Xususan, Fuqarolik kodeksining 279-moddasiga kiritilgan toʻldirishga koʻra agar garov bilan taʼminlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining oʻn besh foizidan kamroqni tashkil qilsa, agar garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan boʻlsa garov bilan taʼminlangan majburiyatning buzilishi mazkur shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi.
Kodeksning 280-moddasi toʻrtinchi qismining 1-bandi quyidagi tahrirda, yaʼni “qonunda boshqa shaxsning yoki organning garov toʻgʻrisida shartnoma tuzish uchun roziligi yoxud ruxsati haqidagi talab belgilangan boʻlsa, bundan mazkur mol-mulkni garovga berish chogʻida zarur boʻlgan rozilik yoki ruxsat olingan hollar mustasno” deb bayon etildi.
Kodeksning 281-moddasi quyidagi tahrirda bayon etildi:
- “Garovga qoʻyilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, boʻlib-boʻlib sotish yoʻli bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.
- Garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narxi garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi.
- Garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasida mol-mulk narxi boʻyicha kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, mustaqil baholovchi tashkilot jalb etiladi va garovning dastlabki qiymati bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda baholash bilan bogʻliq barcha xarajatlar mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan taraf tomonidan qoplanadi”;
Kodeksning 285-modda moddasiga kiritilgan toʻldirishga koʻra garov narsasi boʻlgan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda, garovga oluvchida oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi.
Shuningdek, kodeks 746-1-modda bilan toʻldirildi. Unga koʻra kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi. Bunda agar qarz oluvchi muddati oʻtgan qarzni toʻliq toʻlamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli ekanligi belgilandi.
Oʻylaymizki, ushbu Qonun kreditorlarning garovga qoʻyilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlashga, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirishga, majburiyatlarni garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirishga va kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.
U.Aliyev Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi |