Soliq qonunchiligida jismoniy shaxslarning daromadlari tarkibi, undan soliq solinadigan hamda soliqqa tortilmaydigan daromadlari belgilanadi.
Xususan, Soliq kodeksining 376-moddasida jismoniy shaxsning moddiy naf tarzidagi daromadlari qayd etilgan bo‘lib, unga ko‘ra soliq to‘lovchining manfaatlarini ko‘zlab tekin, shu jumladan hadya shartnomasi bo‘yicha berilgan mol-mulkning va ko‘rsatilgan xizmatlarning qiymati soliq to‘lovchi tomonidan moddiy naf tarzida olingan daromadlar tarkibiga kiradi.
Mazkur daromad soliq to‘lovchining jami daromadlariga qo‘shilgan bois, umumiy qoida bo‘yicha hadya asosida olingan mol-mulklar soliq solish obyektiga aylanadi.
Lekin qonun chiqaruvchi Soliq kodeksining 378-moddasida jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari tarkibi belgilangan. Ushbu moddaning 11-bandiga ko‘ra jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan pul va natura shaklidagi daromadlar daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Lekin bundan quyidagilar mustasno:
- ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarining, adabiyot hamda san’at asarlari ijrochilarining, shuningdek kashfiyotlar, ixtirolar va sanoat namunalari mualliflarining merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) to‘lanadigan pul mukofotlari;
- yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlar.
Demak, ota o‘z farzandiga uy-joy yoki boshqa ko‘chmas mulk sovg‘a qilganda mazkur hadya asosida olingan mulk garchi soliq to‘lovchining jami daromadlari tarkibiga kirsa-da, yuqoridagi imtiyoz qo‘llanilgan holda hadya asosida olingan ko‘chmas mulk soliqdan ozod qilinadi?
Lekin shu o‘rinda savol tug‘iladi, yaqin qarindoshlar toifasiga kimlar kiradi? Agar qaynota yoki qaynana kuyov yoki kelinga mol-mulk sovg‘a qilsachi? Bunda soliq to‘lanadimi?
Soliq kodeksining 60-moddasida jismoniy shaxsning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalari va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolari, buvilari, nevaralari, shuningdek erining (xotinining) ota-onasi – yaqin qarindoshlar ekani belgilangan.
Shunday ekan, misol uchun qaynota tomonidan kelinga sovg‘a qilingan uy-joy kelinning daromadlari bo‘lsa-da (SK 376-m), lekin bu daromad soliqdan ozod qilinadi.