Hujjatsiz yer va uylarni rasmiylashtirish muammolari
Amaliyotda fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushadi. Ularning aksariyati kadastr qilinmagan uylar, hujjatsiz qurilgan binolar, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar yoki eski qarorlar asosida foydalanib kelinayotgan uchastkalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Quyida bunday holatlarning umumiy huquqiy asoslari va yechimlari tushuntiriladi.
1. Yerga huquq rasmiylashtirilmasdan uy yoki bino kadastr qilinmaydi
Ko‘pchilik holatlarda fuqarolar avval uy qurib, keyin hujjat qilishga harakat qiladi. Biroq qonunchilikda bu tartib boshqacha belgilangan.
“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga ko‘ra:
binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ular joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq ro‘yxatdan o‘tkazilmaguncha amalga oshirilmaydi.
Demak, agar yer uchastkasiga nisbatan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa, uning ustidagi:
- ▪️uy,
- ▪️molxona,
- ▪️do‘kon,
- ▪️boshqa qurilmalarni kadastr qilish ham mumkin bo‘lmaydi.
Shu sababli ko‘plab fuqarolar olgan kadastr chizmasi yoki ma’lumotnomasi huquqni tasdiqlovchi hujjat hisoblanmaydi.
2. Yerga bo‘lgan huquqni nimalar tasdiqlaydi?
Qonunchilik yer uchastkasiga huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni ham aniq belgilab qo‘ygan. Qonunning 31-moddasiga ko‘ra:
2021-yil 1-avgustdan keyin yer uchastkasiga mulk huquqini tasdiqlovchi asosiy hujjat:
- ➖davlat mulkini boshqarish organlari tomonidan beriladigan davlat orderi hisoblanadi.
1998–2021 yillar oralig‘ida yer uchastkasiga huquq quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanadi:
- ▪️hokim qarori
- ▪️meros guvohnomasi
- ▪️auksion orqali olingan davlat orderi
“Yer to‘g‘risida”gi Qonun amal qilgan davrda (1998-yilga qadar bo‘lgan davr) berilgan yer uchastkalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun quyidagi hujjatlar asos bo‘lishi mumkin.Davlat arxivlari tomonidan tasdiqlangan:
- ➖Tuman yoki shahar hokimining qarori. Fuqaroga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyga xizmat ko‘rsatish uchun yer ajratilganligi haqidagi qaror.
- ➖Mahalla (fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organi) qarori. Fuqarolarga uy-joy qurish uchun yer ajratish haqida qabul qilingan qaror.
- ➖Shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish uchun ajratilgan yerlar. Qishloq joylarda fuqarolarga tomorqa sifatida berilgan yerlar to‘g‘risidagi mahalla qarorlari.
Ushbu hujjatlar davlat arxivlaridan tasdiqlanib olingan taqdirda ular yer uchastkasiga bo‘lgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Agar fuqaroda mana shu hujjatlardan biri bo‘lmasa, u yer uchastkasi huquqiy jihatdan unga tegishli hisoblanmaydi.
3. Uzoq vaqt foydalanilgan mulkka egalik huquqi (egalik muddati)
Amaliyotda ko‘plab uylar va binolar hujjatsiz bo‘lsa-da, o‘nlab yillardan beri foydalanib kelinadi. Bunday vaziyat uchun Fuqarolik kodeksining 187-moddasida alohida qoida mavjud. Unga ko‘ra:
agar shaxs 15 yil davomida ko‘chmas mulkdan halol, oshkora, uzluksiz o‘z mulkidek foydalanib kelgan bo‘lsa, u ushbu mulkka mulk huquqini olish imkoniyatiga ega.
Bunday hollarda fuqaro fuqarolik sudiga murojaat qilib mulk huquqini tan olishni so‘rashi mumkin. Bu norma, ayniqsa, eski uylar, hujjatsiz qurilgan yordamchi bino-inshootlar, uzoq yillardan beri foydalanib kelinayotgan eski qarorlar yo‘qolgan uylar mavjud holatlarda qo‘llaniladi
4. Yer uchastkasini xususiylashtirish imkoniyati
Ko‘pincha fuqarolardan “biz 20–30 yildan beri foydalanib kelmoqdamiz, lekin hujjatimiz yo‘q, uni qanday olsak bo‘ladi” degan mazmunda murojaatlar qiladi. Bunday vaziyatlarda ham yer uchastkasini qonuniy usulda olish mumkin va shundan keyin yer ustidagi binoni kadastr qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shulardan biri — xususiylashtirish.
“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga ko‘ra, bo‘sh turgan yer uchastkalari (ya’ni fuqaro bir necha yillardan beri foydalanib kelayotgan, ustida bir qator binolar mavjud bo‘lgan) elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtiriladi.
Mazkur normaning mazmuni shundan dalolat beradiki:
- ➖huquq rasmiylashtirilmagan yerlar davlat mulki hisoblanadi;
- ➖bunday yerlarni shunchaki egallab olish orqali mulk qilish mumkin emas;
- ➖ularni faqat elektron savdo orqali sotib olish mumkin.
Bunday auksionlar E-auksion platformasi orqali o‘tkaziladi.
Auksionda qanday ishtirok etiladi?
Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, elektron onlayn-auksionda ishtirok etish uchun fuqarolar yoki yuridik shaxslar buyurtma (ariza) berishi kerak.
Bu buyurtma tadbirkorlik faoliyati uchun, uy-joy qurish uchun, boshqa qonuniy maqsadlar uchun berilishi mumkin. Ariza elektron tizim orqali qabul qilinadi va auksionda g‘olib bo‘lgan shaxs yer uchastkasini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Yer uchastkasining qiymati qanday aniqlanadi?
Qonunning 28-moddasiga ko‘ra, yer uchastkasining qiymati auksion natijasiga ko‘ra belgilanadi.
Ya’ni boshlang‘ich narx belgilanadi, ishtirokchilar taklif beradi, eng yuqori narxni taklif qilgan shaxs yer uchastkasini sotib oladi.
Xulosalar shuni ko‘rsatadiki, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq ko‘plab muammolarning asosiy sababi yer uchastkasiga bo‘lgan huquq rasmiylashtirilmaganligidir. Qonunchilikka ko‘ra, yerga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tmaguncha, uning ustida joylashgan bino yoki inshootni ham rasmiylashtirish mumkin emas. Shu sababli bunday holatlarda fuqarolar avvalo yer uchastkasining huquqiy maqomini aniqlashi, zarur bo‘lsa sud orqali huquqni tan olish yoki yer uchastkasini xususiylashtirish (auksion orqali sotib olish) tartibidan foydalanishi lozim.