Konsorsium shartnomasining huquqiy tabiati

Bugungi kunda xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining kengayishi, yirik loyihalarni amalga oshirish zarurati konsorsium shartnomalarining ahamiyatini oshirmoqda. Mazkur maqolada konsorsium shartnomasining huquqiy jihatlari, tuzilishi va amaliyotdagi masalalari tahlil qilinadi.

Konsorsium shartnomasi – bu ikki yoki undan ortiq shaxslar oʻrtasida tuzilgan, ishtirokchilarning maʼlum bir faoliyat yoki loyihani birgalikda amalga oshirish maqsadida oʻz resurslarini birlashtirish toʻgʻrisidagi kelishuvidir. Konsorsium, odatda, yirik loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi. Bunda ishlab chiqarish, moliyaviy, texnik yoki boshqa sabablarga koʻra bir nechta korxona (kompaniya yoki korporatsiyalar), sanoat yoki bank tashkilotlari kuchlarini birlashtirish zarur boʻladi. Konsorsium yaratishning klassik sxemasi ikki kompaniyaning qurilish va moliyaviy tajribasini birlashtirishdan iborat. Ulardan biri bevosita qurilish va pudrat ishlari bilan shugʻullanadi, tegishli litsenziyalarga va kadrlarga ega boʻladi, ikkinchisi esa moliyaviy mablagʻlarni investitsiya qiladi.

Konsorsium yuridik shaxs huquqiga ega boʻlmagan birlashmani bildiradi, shuning uchun uning tashkil etilishi yangi huquq subyektining paydo boʻlishini anglatmaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda konsorsium shartnomasi quyidagi oʻziga xos belgilarga ega:

  • Ishtirokchilar oʻz mustaqilligini saqlab qoladi;
  • Har bir ishtirok etuvchi oʻz majburiyatlari doirasida javobgar boʻladi;
  • Shartnoma vaqtinchalik yoki doimiy xarakterga ega boʻlishi mumkin;
  • Ishtirokchilar oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma bilan tartibga solinadi.

Konsorsium belgilariga koʻra, u oddiy shirkat shartnomasining belgilari bilan mos keladi. Ularning yagona farqi — tashkil etish maqsadidadir. Agar oddiy shirkat (sheriklik) foyda olish yoki qonunga zid boʻlmagan boshqa maqsadni amalga oshirish uchun yaratilsa, konsorsium faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun moʻljallangan boʻlib, odatda, uchinchi buyurtmachining talabiga koʻra ishlaydi.

Konsorsium shartnomasi quyidagi muhim shartlarni oʻz ichiga olishi lozim:

XususiyatiTasnifi
1Konsorsiumning maqsadi va faoliyat yoʻnalishlari.Bunda ishtirokchilar tomonidan amalga oshiriladigan loyiha yoki faoliyat aniq koʻrsatilishi, uning muddatlari va bosqichlari belgilanishi kerak.
2Ishtirokchilarning huquq va majburiyatlariHar bir ishtirokchining vazifalari, masʼuliyat doirasi, boshqa ishtirokchilar bilan munosabatlari aniq belgilanishi lozim.
3Boshqaruv organlari va qaror qabul qilish tartibiKonsorsiumni boshqarish organlari, ularning vakolatlari, qarorlar qabul qilish mexanizmi koʻrsatilishi zarur.
4Moliyaviy masalalarIshtirokchilarning ulushi, daromadlarni taqsimlash tartibi, xarajatlarni qoplash mexanizmi, hisobot berish tartibi aniq belgilanishi kerak.

Konsorsium shartnomasining tuzilishi va mazmuni

Konsorsium shartnomasi ichki va tashqi munosabatlarni belgilovchi murakkab shartnomadir. Ushbu shartnoma asosida ikki majburiyatli munosabatlar tizimi shakllanadi:

  1. Konsorsium ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlar, yaʼni ikki yoki undan ortiq hamkorlarning birgalikda yetkazib beruvchi va/yoki pudratchi sifatida harakat qilishi.
  2. Konsorsium aʼzolari va buyurtmachi (mijoz) oʻrtasidagi munosabatlar, bu yerda ular alohida yoki birgalikda javobgar boʻladilar.

Yuridik tabiat jihatidan konsorsium shartnomasi turlicha talqin qilinadi. Romano-german huquq tizimi davlatlarida uni sheriklik shartnomasi sifatida koʻrib chiqishadi. Anglo-sakson huquq tizimida esa konsorsium aʼzolari munosabatlariga sheriklik qoidalari tatbiq etiladi. Konsorsium toʻliq sheriklik bilan aynan mos boʻlmasa-da, “bitta bitim uchun sheriklik” sifatida koʻriladi.

Konsorsium shartnomasi – bu bir nechta tashkilotning umumiy maqsadlar uchun vaqtinchalik birlashishini tartibga soluvchi murakkab va koʻp qirrali shartnomadir. Uning oʻziga xosligi shundaki, u ishtirokchilar oʻrtasidagi ichki munosabatlarni, shuningdek, ular va buyurtmachilar oʻrtasidagi tashqi majburiyatlarni tartibga soladi. Konsorsium shartnomasi zamonaviy biznes munosabatlarining muhim elementi boʻlib, u orqali yirik loyihalarni amalga oshirish, resurslarni birlashtirish va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mumkin.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilishda Torrens tizimining afzalliklari

Korporativ shartnomalarning huquqiy tartibga solinishi

Merosdan majburiy ulush olish huquqi

Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari

Kvazi yuridik shaxslar

Fuqarolik huquqida elektron shaxs konsepsiyasi

Smart kontraktlar

Oʻzgartirish mulk huquqining vujudga kelishining asosi sifatida

Faktoring. U nima? Qanday ishlaydi?

Kontrfakt tovarlar boʻyicha huquqiy himoya nimalardan iborat