Skip to main content

Kreditorlar huquqlarining ustuvorligi ta’minlanadi

O‘zbekiston Respublikasining “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, Soliq kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi qonuniga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuniga, “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi qonunining 26-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra agar garov bilan ta’minlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining o‘n besh foizidan kamroqni tashkil qilsa, agar garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan bo‘lsa garov bilan ta’minlangan majburiyatning buzilishi mazkur shartlar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi.

 Qonunning 27 va 58-moddalariga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, qonunning 28-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, agar mol-mulk bir nechta kreditor oldidagi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlasa, garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushgan pul mablag‘lari mazkur majburiyatlarni qonunda belgilangan navbat bo‘yicha bajarishga yo‘naltiriladi.

Garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo‘lib-bo‘lib sotish yo‘li bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.

Garovga qo‘yilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxi garovga qo‘yuvchi va garovga oluvchi o‘rtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi. Garovga qo‘yuvchi va garovga oluvchi o‘rtasida mol-mulk narxi bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda, mustaqil baholovchi tashkilot jalb etiladi va garovning dastlabki qiymati bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda baholash bilan bog‘liq barcha xarajatlar mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan taraf tomonidan qoplanadi.

Qonunning 29-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra garov narsasi bo‘lgan mol-mulk garovga qo‘yuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilganda, garovga oluvchida o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi.

O‘ylaymizki, ushbu Qonun kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlashga, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirishga, majburiyatlarni garovga qo‘yilgan mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.

U.Aliyev
Toshkent tumanlararo
iqtisodiy sudining sudyasi

Categories: Fuqarolik huquqi