
Kuryerlar yoʻl-transport hodisasiga uchrasa, zararni kim qoplaydi?
Soʻnggi yillarda yirik shaharlarda oziq-ovqat va tezkor yetkazib berish xizmati jadal rivojlanmoqda. Yandex, Uzum, Express24 kabi platformalar orqali minglab kuryerlar piyoda, velosipedda, skuter yoki mototransportda har kuni koʻchalarda harakatlanmoqda. Afsuski, yoʻl-transport hodisalaridan (YTH) hech kim himoyalanmagan, shu jumladan, kuryerlar ham. Agar kuryer YTHga uchrasa yoki kuryerning oʻzi yoʻl-transport hodisasiga sababchi boʻlsa, yetkazilgan zarar kim tomonidan va qanday tartibda qoplanadi? Bu holatlarda javobgarlik subyektlari kimlar boʻladi?
Mazkur maqolada shu savollarga javob berishga harakat qilamiz. Avvalo, bunday vaziyatlarda amal qiladigan huquqiy asoslarni koʻrib chiqamiz, real hayotdagi holatlarga nazar solamiz, tizimdagi mavjud muammolarni tahlil qilamiz hamda xorij tajribasi asosida yechim va takliflarni ilgari suramiz.
Oʻzbekiston qonunchiligida YTH natijasida yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha asosiy normalar Fuqarolik kodeksi va unga muvofiq qabul qilingan qonun hujjatlarida belgilangan. Fuqarolik kodeksi 985-moddasiga koʻra, agar biror shaxs boshqasiga aybi bilan zarar yetkazsa, u mazkur zararni toʻliq qoplashi shart (bosh delikt prinsipi). Yoʻl-transport hodisalari esa odatda transport vositasi egasi yoki haydovchisi aybi bilan roʻy bersa, jabrlanuvchi tomon yetkazilgan moddiy zarar va sogʻliqga ziyon uchun kompensatsiya talab qilishga haqli boʻladi.
Shu maqsadda, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasi joriy etilgan boʻlib, bunda avtotransport vositasi ishtirokidagi YTH tufayli uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararlarni sugʻurta kompaniyasi qoplaydi. Majburiy sugʻurtaning maqsadi – yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilarining manfaatlarini himoya qilish, jabrlanuvchilarga zarar oʻrnini qoplab berishdir.
Yaʼni, masalan, avtomobil haydovchisi notanish piyodani urib yuborsa, haydovchining majburiy sugʻurtasi jabrlangan piyodaning davolanish xarajatlari va boshqa zararlarini (belgilangan limitlar doirasida) toʻlab berishi lozim. Shu tariqa, majburiy avtosugʻurta jabrlanuvchilarning huquqlarini kafolatlaydi, haydovchining mol-mulkiga daʼvo qilmasdan, zararni sugʻurta hisobidan qoplash imkonini beradi.
Endi bevosita kuryerlar faoliyatiga tegishli huquqiy normalarga toʻxtalsak. Kuryerlik xizmatida ishlayotgan shaxslar odatda ikki xil maqomga ega boʻlishi mumkin: mehnat shartnomasi asosida rasmiy xodim yoki mustaqil ijrochi (fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida).
Agar kuryer biror kompaniya (masalan, pochta xizmati yoki rasmiy kuryerlik firmasi) bilan mehnat shartnomasi tuzib ishlasa, u Mehnat kodeksi talablari bilan himoyalanadi. Mehnat qonunchiligiga binoan, xodim xizmat vazifasini bajarishi vaqtida sogʻligʻiga shikast etsa yoki halokatga uchrasa, bu ish joyidagi baxtsiz hodisa deb baholanadi. Bunday hollarda ish beruvchi qonun boʻyicha javobgar sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida va unga muvofiq qabul qilingan normativ hujjatlarda ish beruvchiga xodimning hayoti va sogʻligʻiga mehnat faoliyati davomida yetkazilgan zarar uchun toʻlovlarni amalga oshirish majburiyati yuklatilgan. Xususan, 2005 yil 11 fevraldagi Vazirlar Mahkamasining 60-son qarori bilan tasdiqlangan maxsus Qoidalarga asosan, ish joyidagi jarohatlanish yoki halokat tufayli jabrlangan xodimga va uning oilasiga toʻlovlar belgilangan tartibda toʻlanishi kerak.
Kuryer mehnat shartnomasi asosida ishlaganda, u mehnat qonunchiligi bilan himoyalangan dedik. Vazirlar Mahkamasining 60-son qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarga muvofiq, agar xodim ish vaqtida ogʻir jarohatlanib nogiron boʻlib qolsa yoki vafot etsa, ish beruvchi tomonidan muayyan miqdorda tovon toʻlanishi lozim.
Masalan, xodim xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlsa, uning boquvchisiz qolgan oila aʼzolariga ish beruvchi marhumning kamida oltita yillik oʻrtacha ish haqi miqdorida bir martalik nafaqa toʻlashi shart etib belgilangan. Agar xodim jarohat olib mehnat qobiliyatining maʼlum foizini yoʻqotsa, shunga mutanosib ravishda har oyda tovon puli yoki bir martalik nafaqa toʻlanishi nazarda tutilgan – bu holat mehnatga qobiliyatni yoʻqotish darajasi va oʻrtacha ish haqi miqdoriga bogʻliq tarzda hisoblab chiqiladi (60-son qaror ilovasi bilan belgilangan tartibda). Demak, rasmiy ish beruvchi bilan ishlovchi kuryerlar baxtsiz hodisa yuz berganda qonuniy ravishda himoyalanadi: bir tomondan ish beruvchining sugʻurtasi orqali, ikkinchi tomondan esa ish beruvchining bevosita majburiy tovon toʻlovlari orqali.
Ammo yetkazib berish platformalari kuryerlarni mehnat shartnomasisiz, fuqarolik-huquqiy shartnoma (pudrat yoki xizmat koʻrsatish shartnomasi) asosida ishlatadi. Bunday holda kuryer de-yure “mustaqil tadbirkor” yoki “kontraktor” boʻlib, u mehnat qonunchiligi subyekti emas. Shu sababli yuqoridagi mehnat sugʻurtasi va ish beruvchining javobgarligi haqidagi normalar formal ravishda bu kuryerlarga tatbiq etilmaydi. Platforma kompaniyalari huquqiy nuqtayi nazardan oʻzlarini buyurtmachi sifatida koʻrsatadi xolos – yaʼni ular kuryerga buyurtma yetkazib berish vazifasini yuklaydi, buning uchun haq toʻlaydi, lekin uni xodim deb hisoblamaydi. Natijada, agar bunday kuryer ish davomida avariyaga uchrasa, bu mehnat intizomi yoki mehnatni muhofaza qilish masalasi sifatida koʻrilmay qolmoqda. Fuqarolik kodeksi nuqtayi nazaridan esa bunday munosabatlar oddiy pudrat yoki haq evazizga xizmat koʻrsatish munosabatidek qaraladi.
Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: agar platforma-kuryer uchinchi shaxslarga zarar yetkazsa, masʼuliyat kimga yuklanadi?
Fuqarolik qonunchiligida korxona yoki tashkilotning xodimi xizmat vazifasini bajarish chogʻida yetkazgan zarar uchun bevosita ish beruvchi javobgar boʻlishi prinsipi mavjud (bu prinsp vicarious liability, yaʼni bilvosita javobgarlik deb ham ataladi). Chunki xodim ish beruvchining topshirigʻini bajarayotgan paytda kimnidir ranjitib qoʻysa yoki mol-mulkiga zarar yetkazsa, jabrlanuvchi bilan xodim oʻrtasida bevosita munosabat yoʻq – xodim ish beruvchi manfaatida harakat qilayotgani uchun, zarar qoplash majburiyati ham korxonaga yuklatiladi. Fuqarolik kodeksida ham ushbu qoida mustahkamlangan boʻlib, xodimining aybi bilan yetkazilgan zarar uchun ish beruvchi javobgar boʻlishi belgilangan (FK 989-m). Demak, agar kuryer rasmiy xodim maqomida boʻlsa va u yetkazib berish paytida (masalan, velosipeddan ehtiyotsizlik bilan piyodani urib qoʻyib) kimnidir jarohatlasa, jabrlangan shaxs bevosita kuryerdan emas, balki kuryer ishlayotgan tashkilotdan zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Tashkilot esa, oʻz navbatida, zarar qoplab bergach, xodimdan ichki tartibda regress tartibida undirish masalasini qoʻyishi mumkin (agar xodim qoʻpol beparvolik yoki qoidabuzarlik qilgan boʻlsa).
Amaliy holatlar
Kuryerlarning yoʻllarda harakatlanishi jarayonida turli noxush holatlar roʻy berishi mumkin. Quyida bir necha amaliy holatni koʻrib chiqamiz va har birida zarar qoplash masalasi qanday hal etilishini tahlil qilamiz:
- 1-holat. Kuryer jabrlanuvchi boʻlsa (uni avtomobil urib yuborsa). Masalan, velosipedda ketayotgan kuryerni svetoforda qoidani buzib oʻtgan haydovchi urib yubordi deylik. Bunday vaziyatda aybdor – avtomobil haydovchisi. Agar haydovchining majburiy avtosugʻurtasi mavjud boʻlsa, kuryerga yetkazilgan zarar (velosipedning buzilishi, kuryerning davolanish xarajatlari, vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik davridagi oʻrtacha daromad yoʻqotishi va hokazo) sugʻurta kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Sugʻurta qoplamasining maksimal miqdori qonunchilikda belgilangan. Agar kuryerning koʻrgan zarari shu limitdan oshsa, oshgan qismini aybdor haydovchi oʻz choʻntagidan qoplashi lozim boʻladi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, kuryerning jabrlanishi faqat moddiy zararni emas, balki maʼnaviy zararni ham keltirib chiqarishi mumkin – jarohat tufayli jismoniy ogʻriq, ruhiy iztirob. Fuqarolik kodeksi boʻyicha maʼnaviy zarar uchun ham pul kompensatsiyasi undirishi mumkin (FK 1021-m). Kuryer jabrlanuvchi sifatida sudga murojaat qilib, aybdor shaxsdan (yoki uning sugʻurta kompaniyasidan) maʼnaviy zarar uchun ham qoʻshimcha tovon undirishni soʻrashi mumkin. Sud bu miqdorni holatga qarab hal qiladi.
- 2-holat. Kuryer aybdor boʻlsa (u boshqa shaxsga zarar yetkazsa). Endi vaziyatni teskari tasavvur qilaylik: kuryer (masalan, skuter haydovchisi) qoidani buzib, piyodani urib yubordi yoki avtomobilga borib urildi deylik. Bu yerda jabrlanuvchi – piyoda yoki avtomobil egasi, aybdor esa bizning kuryer boʻladi. Albatta, kuryer yollangan xodim boʻlsa, jabrlanuvchi zarar qoplashni kuryer ishlayotgan tashkilotdan talab qilishni ham tanlashi mumkin (yuqorida aytganimizdek, xodimning xizmat vazifasini bajarishda yetkazgan zarari uchun ish beruvchi javob berishi prinsipi asosida).
Shu oʻrinda kuryerlarning qanday transport vositasida harakatlangani muhim. Piyoda yoki velosipedda harakatlanayotgan kuryerlar majburiy javobgarlik sugʻurtasiga ega boʻlishi talab etilmaydi – chunki qonunchilikda faqat motorli transport egalari uchun majburiy sugʻurta joriy qilingan. Demak, agar velokuryer yoki piyoda kuryer biror texnika yoki insonni jarohatlasa, jabrlanuvchi zararni undirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri kuryerning oʻziga murojaat qilishga majbur boʻladi. Velosipedchi kuryer odatda yirik mol-mulkka zarar yetkazmasa-da (aytaylik, mashinalarga jiddiy shikast yetkazish ehtimoli motorlilarga nisbatan kamroq), biroq piyodalarni jarohatlashi yoki oʻzi yiqilib tushganida yukiga zarar yetkazishi mumkin. Bunday vaziyatda javobgarlik masʼuliyati kuryerning oʻz zimmasida qoladi.
- 3-holat. YTHda mijozning buyurtmasi zarar koʻrsa. Kuryerlar odatda mijoz buyurtmasini (ovqat, mahsulot va h.k.) tez yetkazib berishga masʼul. Agar YTH tufayli yetkazilayotgan mahsulot zararlansa (masalan, velokuryer yiqilib ketib, ovqat toʻkilib ketdi yoki buyurtma singan, muzqaymoq erib ketgan), bu holatda kim javob beradi? Odatda, platformalar bunday risklar uchun javobgarlikni shartnoma shartlarida kuryerning zimmasiga yuklaydi: yaʼni buyurtma yoʻqolsa yoki shikastlansa, kuryer uning qiymatini qoplashga majbur. Rasmiy ish beruvchi tizimida esa korxona moddiy javobgarlik masalasini ichki hujjatlarda belgilaydi – ehtimol kuryer bilan tovar-moddiy boyliklarga javobgarlik haqida shartnoma tuziladi. Agar YTH boshqa birovning aybi bilan yuz bergan boʻlsa, kuryer (yoki uning ish beruvchisi) aybdor tomondan moddiy zarar undirishi mumkin, shu jumladan buzilgan buyurtmaning qiymatini ham. Lekin koʻp hollarda bunday mayda zararlar (masalan, bir porsiya ovqat puli) uchun sudlashib yurilmaydi, platforma buni xizmat koʻrsatish doirasida hal qilishi mumkin – kuryerga jarima solishi yoki mijozga kupon berishi va h.k.
Kuryerlar ishtirokidagi YTHlarda zararni qoplash tartibi koʻp jihatdan kuryerning huquqiy maqomi (xodim yoki mustaqil kontraktor), foydalanayotgan transport vositasining turi (motorli yoki motorsiz) va hodisa sharoitlariga bogʻliq. Har bir holatda javobgarlik va tovon mexanizmi turlicha shakllanadi.
Yuqoridagi tahlillar va misollardan koʻrinib turibdiki, kuryerlar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarida zarar qoplash va javobgarlik masalasi murakkab va koʻp qirralidir. Bir tomonda, amaldagi qonunchilik anʼanaviy normalarga ega – haydovchilarning majburiy sugʻurtasi, ish beruvchining javobgarligi sugʻurtasi kabi tizimlar mavjud. Boshqa tomondan esa, yangi iqtisodiy model – platforma kuryerlari fenomeni – ushbu mavjud tizimda “boʻshliq”larni yuzaga keltirdi. Koʻplab kuryerlar mehnat munosabatlaridan tashqarida faoliyat yuritmoqda, bu esa ularning oʻzlari ham, atrofdagilar ham huquqiy jihatdan himoyasizroq ekanini anglatadi.