Skip to main content

Maktabda telefonlarni olib qo`yish uchun maxsus qutilar tashkil etish mumkinmi?

Ta’lim muassasalarida mobil aloqa vositalaridan foydalanish tartib qoidalari mavjud. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 21-maydagi 139-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

Mazkur nizomning 7-bandiga asosan ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari va shu kabilar) boshlanishidan oldin ta’lim oluvchilar:

  • telefonini o‘chirib qo‘yishi;
  • telefonini portfeli, sumkasi va shu kabilarga solib qo‘yishi shart.

Bunda nizomning 14-bandiga binoan buzilgan taqdirda ta’lim muassasasining har qanday pedagog xodimi ta’lim oluvchidan telefonni olib qo‘yish huquqiga ega.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrug‘iga 1-ilovada Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq Qoidalari tasdiqlangan.

Mazkur qoidalar 9-bandiga ko‘ra ta’lim muassasasi hududida har bir ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari, ta’lim muassasalarida ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, ma’naviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qulfli qutilar tashkil etilishi, ta’lim muassasasining binosiga kirilganda mobil aloqa vositalarini topshirish va dars jarayonlari tugagandan so‘ng qabul qilib olish tartibini yo‘lga qo‘yish tavsiya etiladi.

Ushbu qoidaga binoan maktab o`zining imkoniyatlaridan kelib chiqib, maktabda o`quvchilar telefonlarini saqlash uchun maxsus qutilar tashkil etishi mumkin.

Categories: Ta'lim