Xodim statya bilan bo‘shatishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Amaliyotda xodim o‘z mehnat majburiyatini bir marta qo‘pol ravishda buzgan holatda ish beruvchi bu xodimni ishdan bo‘shatadi. Lekin ishdan bo‘shatishda xatolikka yo‘l qo‘yishi oqibatida xodim sud orqali ishga tiklanadi.

Shu tufayli mehnat intizomini bir marta qo‘pol ravishda buzgan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda bir qator qoidalariga rioya qilish shart. Aks holda xodim ishga tiklanishi mumkin bo‘ladi.

Ma’lumki, Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga ko‘ra xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi munosabati bilan ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli bo‘ladi.

Bunda Mehnat kodeksining 162-moddasiga asosan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxati:

  • ichki mehnat tartibi qoidalari;
  • ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tashkilot mulkdori va rahbari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi;
  • o‘ziga nisbatan intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan intizom to‘g‘risidagi ustavlar hamda nizomlar bilan belgilanadi.

Shunga ko‘ra, xodim sodir etgan xarakat yuqoridagi hujjatlarda bir marta qo‘pol ravishda buzish sifatida belgilangan bo‘lsagina, unda xodim bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish mumkin.

Misol uchun ichki mehnat tartib qoidalarida bunday asos yo‘q bo‘lsa, garchi xodim sababsiz 1 kun ishda kelmasa ham uni bu asos bilan ishdan bo‘shatib bo‘lmaydi. Agar xodimning ish joyida sababsiz 3 soat yoki undan ortiq muddat bo‘lmasligi ichki mehnat tartib qoidalarida ko‘rsatilgan holdagina xodimni MK 161-modda ikkinchi qism 5-bandi bilan ishdan bo‘shatishga yo‘l qo‘yiladi.

Lekin bunda bir qator qoidalariga rioya qilish shart.

1.  Kasaba uyushmasining roziligi olinishi lozim. Ushbu kodeks 164-moddasiga muvofiq kasaba uyushmasi qo‘mitasi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga roziligi masalasi bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning yozma taqdimnomasi olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda ish beruvchiga xabar qilishi kerak.

Agar ko‘rsatilgan muddat tugaganidan keyin kasaba uyushmasi qo‘mitasi qabul qilingan qaror haqida xabar qilmasa, ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kasaba uyushmasi qo‘mitasining roziligisiz bekor qilishga haqli.

Shunga ko‘ra kasaba uyushmasining roziligi olingandan so‘nggina xodimni ishdan bo‘shatish mumkin.

2.  Ogohlantirish. Mehnat kodeksining 165-moddasiga asosan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) munosabati bilan bekor qilinganda kamida uch kun oldin yozma shaklda (imzo qo‘ydirib) ogohlantirishi shart.

Bunda xodimga ogohlantirish xati shaxsan topshirilishi yoki xodimning o‘zi korxonada bo‘lmaganda pochta orqali yuborilishi kerak. Xat pochta topshirilganda xodimga topshirilgan sanaladi.

3.  Ishdan bo‘shatishni to‘g‘ri rasmiylashtirish. Mehnat kodeksining 170-moddasiga ko‘ra ishdan bo‘shatish haqida buyruq chiqarilishi hamda mazkur buyruq ham xodimga tanishtirilgan holda topshirilishi talab etiladi.

Buyruqda ishdan bo‘shatish asosi aniq ko’sratilishi shart. Ya’ni buyruqda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari Mehnat kodeksining yoki tegishli qonunning moddasiga (bandiga) havola qilingan holda MK yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar moddalarining (bandlarining) ta’riflariga aniq muvofiq tarzda ko‘rsatilishi kerak.

4.  Mehnat daftarchasini berish. Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart (MK 171-m).

5.  Hisob-kitob qilish. Mehnat kodeksining 172-moddasi ikkinchi qismiga asosan hisob-kitob xodimga:

  • oxirigacha olinmagan ish haqini;
  • xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyalarni;
  • agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida boshqa to‘lovlarni to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu to‘lovlarni to‘lashni o‘z ichiga oladi.

Yuqoridagilardan birortasi buzilganda xodim ishga tiklanish huquqiga ega bo‘ladi. Shunga ko‘ra mehnat intizomini bir marta qo‘pol ravishda buzgan xodimni agar bu korxonaning ichki mehnat tartib qoidalarida belgilangan bo‘lsa, u bilan tuzilgan shartnomani yuqoridagi qoidalariga rioya qilgan holda bekor qilish mumkin.

Ogohlantirish muddati

Ayrim tumanlarda ish haqlari naqd pulda berilishini bilasizmi?

Ish beruvchiga ayrim xodimlar uchun to‘lanadigan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi

Enagalik faoliyati uchun ham staj yoziladi

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud

Mehnat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga qanday imtiyozlar berilgan?

Xodimning diplomi soxta bo‘lib chiqsa uni boshqa ishga o‘tkazishga majburmizmi?

Mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomaning o‘zaro nisbati

Fuqarolik-huquqiy shartnomalari mehnat shartnomasi deb tan olinadi

Ishdan bo‘shatish nafaqasi va ishsizlik nafaqasi o‘rtasida farq bor