Mashinani ishonchnoma orqali sotib olmang
Mashina bozorlarida, tanish-bilish orqali yoki “arzonroq tushadi” degan vaj bilan avtomobilni ishonchnoma asosida sotib olish holatlari hanuz keng uchraydi. Ko‘pchilik buni mutlaqo qonuniy va xavfsiz yo‘l deb hisoblaydi: “Axir notarius rasmiylashtirib berdi-ku”, degan fikr ustun. Ammo amalda bunday bitim xaridor uchun eng katta huquqiy xatolardan biri hisoblanadi.
Sababi oddiy: ishonchnoma — bu sotish emas. U mulk huquqini bermaydi va mashina sizniki bo‘lib qolmaydi.
Nega ishonchnoma orqali mashina olish ko‘p? Asosiy stimul — arzonlik
Amaliyotda avtomobilni ishonchnoma orqali olishga undaydigan eng asosiy omil — transport vositasini o‘z nomiga rasmiylashtirish xarajatlarining yuqoriligidir. Bugungi kunda mashinani qonuniy tartibda sotib olib, o‘z nomiga o‘tkazish bir necha majburiy to‘lovlarni talab qiladi.
| Xarajat turi | Stavka | Hisob-kitob | Summa |
| Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish | BHM 6,84 baravari | 412 000 × 6,84 | 2 818 080 so‘m |
| Davlat raqami belgisi (RO‘DRB) | BHM 3,5 baravari | 412 000 × 3,5 | 1 442 000 so‘m |
| Oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlash (davlat boji) | BHM 3 baravari | 412 000 × 3 | 1 236 000 so‘m |
| Jami | 5 496 080 so‘m | ||
Bu faqat avtomobilni qonuniy tartibda sotib olib, o‘z nomiga o‘tkazish bilan bog‘liq eng katta majburiy to‘lovlar bo‘lib, boshqa qo‘shimcha xarajatlar mavjud. Aynan mana shu deyarli 5,5 million so‘mlik moliyaviy yuk ko‘plab fuqarolarni “vaqtincha ishonchnoma bilan yurib turaman” degan qarorga olib kelmoqda. Biroq bu tejalgan mablag‘ ko‘pincha keyinchalik ancha katta huquqiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.
Avtomashina qanday sotilishi kerak?
Fuqarolik kodeksining 386-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi shart. Hukumat tomonidan belgilangan ayrim holatlar bundan mustasno.
Demak, agar avtomashina davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan transport vositasi bo‘lsa, uni sotish faqat notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi orqali amalga oshirilishi kerak.
Qaysi avtomashinalar davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi?
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, DYHXXda quyidagi transport vositalari majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi:
| Transport turi | Qisqacha tavsif |
| Avtomobil (elektromobil, gibrid) | Dvigateli 50 sm³ dan katta yoki elektrodvigateli 4 kVt va undan yuqori, tezligi 50 km/soatdan yuqori bo‘lgan barcha mashinalar |
| Mototsikl | Dvigateli 50 sm³ dan katta, tezligi 50 km/soatdan yuqori bo‘lgan ikki/uch/to‘rt g‘ildirakli mototsikllar |
| Elektromototsikl | Elektrodvigateli 4 kVt va undan yuqori, tezligi 50 km/soatdan yuqori bo‘lgan mototsikllar |
| Moped | Dvigateli 25–50 sm³, tezligi 25–50 km/soat oralig‘idagi transport vositalari |
| Skuter (elektr) | Elektrodvigateli 0,25–4 kVt, tezligi 25–50 km/soat bo‘lgan skuterlar |
| Maxsus texnika | Kon, shaxta va karyerlarda ishlatiladigan transport vositalari |
| Tirkama va yarim tirkama | Avtomobillarga ulanadigan barcha tirkama va yarim tirkamalar |
Amalda esa fuqarolar sotib olayotgan deyarli barcha yengil avtomobillar ushbu toifaga kiradi. Demak, ularning oldi-sotdisi notarial tartibda rasmiylashtirilishi shart.
Ishonchnoma nega mashinani sizniki qilib qo‘ymaydi?
Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga ko‘ra, ishonchnoma — bu bir shaxs tomonidan ikkinchi shaxsga uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolatdir. Ya’ni, ishonchnoma orqali mashinani boshqarish, undan foydalanish yoki uni sotish bo‘yicha harakatlar qilish mumkin, ammo bu hujjatning o‘zi mulk huquqini o‘tkazmaydi. Boshqacha aytganda, ishonchnoma mulkni o‘tkazmaydi, u faqat vakolat mavjudligini tasdiqlaydi.
Vakolatning huquqiy mazmuni Fuqarolik kodeksining 129-moddasida belgilangan. Ushbu normaga muvofiq, vakil tomonidan tuzilgan bitimlar vakolat beruvchining nomidan amalga oshiriladi va huquq hamda majburiyatlar bevosita vakolat beruvchida, ya’ni avtomobil egasida vujudga keladi.
Shu sababli, ishonchnoma asosida foydalanilayotgan avtomobil huquqiy jihatdan vakilga o‘tmaydi. Mulk huquqi avvalgidek egasida saqlanib qoladi
Xulosa esa aniq, ishonchnoma bilan siz mashinaning egasi bo‘lmaysiz.
Eng katta xavf: ishonchnoma har qanday vaqtda bekor qilinadi
Fuqarolik kodeksining 141-moddasiga muvofiq, ishonchnoma bergan shaxs uni istalgan vaqtda, hech qanday sabab ko‘rsatmasdan bekor qilishi mumkin.
Bu nimani anglatadi?
- 1. Mashina siz undan foydalanayotgan bo‘lsangiz ham, huquqiy jihatdan u boshqa shaxsniki bo‘lib qoladi.
- 2. Ishonchnoma bekor qilingan zahoti siz mashinadan foydalanish huquqini yo‘qotasiz.
- 3. Egasi mashinani bemalol qaytarib olishi mumkin.
Amaliyotda uchraydigan asosiy muammolar va ularning oqibatlari
Ishonchnoma orqali “sotib olingan” mashinalar bilan bog‘liq nizolar juda ko‘p. Bunday nizolarning aksariyati quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi:
- 1. Mashina egasi vafot etsa, ishonchnoma avtomatik bekor bo‘ladi, avtomobil meros tarkibiga kiradi va merosxo‘rlar mashinani talab qilib olishi mumkin.
- 2. Egasi qarzdor bo‘lib chiqsa, avtomobil egasi nomida bo‘lgani uchun xatlovga olinishi yoki qarzni undirish uchun sotilishi mumkin.
- 3. Egasi ishonchnomani bekor qilsa, vakolat darhol tugaydi, mashinadan foydalanish huquqi yo‘qoladi, avtomobil egasiga qaytariladi.
- 4. Egasi mashinani boshqa shaxsga sotsa, egasi mashinani notarial oldi-sotdi shartnomasi bilan boshqa shaxsga sotishi mumkin. Ishonchnoma egani bunday huquqdan mahrum qilmaydi.
Bu vaziyatlarning barchasida mashina egasi nomida turgani uchun, barcha huquqiy xavf “xaridor” zimmasida qoladi.
Ishonchnoma — bu qulaydek tuyulgan, ammo huquqiy jihatdan eng xavfli yo‘l. Avtomashina davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan transport vositasi bo‘lsa, uni sotib olishning yagona to‘g‘ri va xavfsiz yo‘li — notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasidir.
Aks holda, siz mashinani emas, muammolarni sotib olishingiz mumkin.