Skip to main content

Masofaviy ish rejimi nima

Soʻnggi yillarda dunyo miqyosida mehnat munosabatlari tizimida sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, pandemiya davrida keng joriy etilgan masofaviy ish shakli koʻplab tashkilotlar va xodimlar tomonidan muqobil va samarali ish formatiga aylangan. Oʻzbekiston mehnat qonunchiligida ham masofaviy ishning huquqiy asoslari va ushbu shaklda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qoidalar bayon etilgan.

Mehnat Kodeksining 452-moddasiga koʻra, masofaviy ish — bu xodim oʻz vazifalarini ish beruvchining ish joyidan tashqarida, yaʼni uydan yoki boshqa joydan turib bajaradigan ish shaklidir. Bu holatda ish jarayoni, asosan, internet va axborot texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Masalan, dasturchi yoki grafik dizayner oʻz uyida turib topshiriqlarni bajarsa, bu masofaviy ish sanaladi.

Masofaviy ishga oid qonunchilik umumiy mehnat normalarini saqlab qolgan holda, ushbu shaklning oʻziga xos jihatlarini ham nazarda tutadi. Masofaviy ish ikki holatda joriy etilishi mumkin: xodimni ishga qabul qilishda yoki ish davomida odatdagi rejimdan masofaviy shaklga oʻtilganida. Agar xodim vazifasini oʻzgartirmasdan davom ettirsa, bu mehnat shartlarining oʻzgarishi, aks holda esa boshqa ishga oʻtkazish deb baholanadi.

Masofadan turib ishlash turlari

Mehnat kodeksining 453-moddasiga koʻra, masofaviy ish doimiy, vaqtincha yoki aralash shaklda boʻlishi mumkin. Doimiy masofaviy ishda xodim butun ish davrida masofadan ishlaydi. Vaqtincha masofaviy ish esa faqat maʼlum muddatga joriy etiladi va bir yildan oshmasligi kerak. Aralash rejimda esa ishning bir qismi ofisda, qolgani masofaviy tarzda bajariladi.

Ish beruvchi tashabbusi bilan masofaviy ishga oʻtkazish

Tabiiy yoki texnogen hodisalar, epidemiyalar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, yongʻin, toshqin, zilzila va aholining hayoti yoki yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa favqulodda holatlar yuz bergan taqdirda, ish beruvchi xodimning roziligisiz uni vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtkazishi mumkin.

Agar xodimning bajarayotgan vazifasi masofadan bajarishga mos boʻlmasa yoki ish beruvchi zarur vositalarni (kompyuter, dasturiy taʼminot, axborotni muhofaza qilish vositalari va boshqalar) taqdim eta olmasa, quyidagi choralarni koʻrishga haqli:

  • ➖taʼtillar jadvaliga muvofiq yillik mehnat taʼtilini berish;
  • ➖xodimning roziligi bilan navbatsiz yillik taʼtil taqdim etish;
  • ➖xodimning roziligi bilan ish haqi qisman yoki toʻliq saqlanmagan holda taʼtil belgilash;
  • ➖toʻliqsiz ish vaqtini joriy etish.

Toʻliqsiz ish vaqti kamida ikki hafta oldin yozma ogohlantirish orqali belgilanadi.

Agar yuqoridagi choralarni qoʻllashning imkoni boʻlmasa va xodim oʻz mehnat vazifalarini bajara olmasa, bu vaqt mehnat faoliyatidagi bekor turish deb hisoblanadi. Bunday hollarda xodimga Mehnat kodeksiga muvofiq tarzda ish haqi toʻlanadi, agar jamoa kelishuvlari yoki ichki hujjatlar bilan yuqoriroq toʻlov miqdori nazarda tutilmagan boʻlsa.

Favqulodda holatlarda quyidagi xodimlar masofaviy rejimga oʻtishda ustuvorlikka ega boʻladi:

  • ➖homilador ayollar;
  • ➖14 yoshgacha farzandlari bor ota-onalar yoki vasiylar;
  • ➖nogironligi boʻlgan shaxslar;
  • ➖yoshga doir nafaqadagi xodimlar;
  • ➖parvarishga muhtoj nogiron yoki bemor oila aʼzolariga qarayotganlar.

Jamoa kelishuvlari yoki mehnat shartnomasida boshqa toifadagi xodimlarga ham bunday huquq berilishi mumkin.

Masofadan ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasi tuzish

Masofadan turib ishlashga oid mehnat shartnomasi yoki uning shartlariga oʻzgartirishlar umumiy tartibda yoki elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuzilishi mumkin. Bunday hollarda tuzilgan joy sifatida ish beruvchining manzili koʻrsatiladi. Elektron tarzda tuzilgan shartnoma boʻyicha xodim yozma soʻrov bildirsa, ish beruvchi uch ish kunida shartnomaning qogʻozdagi nusxasini pochta orqali yuborishi shart.

Ishga kirishda zarur hujjatlar elektron shaklda taqdim etilishi mumkin. Ish beruvchi soʻrasa, ularning qogʻozdagi nusxalari ham yuboriladi. Tomonlar shartnomani imzolaganliklarini bir-birlariga elektron shaklda bildiradilar.

Masofadan turib ishlash shartnomasida ish vaqti jadvali, topshiriqlarni bajarish va aloqa tartibi, aralash ish rejimi (yaʼni ofis + masofadan ishlash), texnika taʼminoti va undan foydalanish, uskunalarni taʼmirlash, aloqa vositalari bilan taʼminlash, zarar uchun javobgarlik, xarajatlarni qoplash va hujjatlar almashish tartibi belgilanadi.

Agar xodim ish beruvchining hududida yashasa, ish vaqtining bir qismini ofisda, qolgan qismini esa masofadan turib bajarishi mumkin. Agar ish vaqtining kamida yarmi masofaviy boʻlsa, u masofadan turib ishlovchi xodim deb eʼtirof etiladi.

Masofaviy xodimlar uchun ish vaqti tartibi

Masofadan turib ishlovchi xodimga ishlab chiqarish topshiriqlari belgilanayotganda, ish hajmi va uni bajarish uchun zarur boʻlgan vaqt normativlari hisobga olinadi. Bu vaqtda xodim bir oyda bajarishi kerak boʻlgan ishlar majmuini ado etish uchun ajratiladigan vaqt meʼyoriy yoki qisqartirilgan ish vaqtidan oshmasligi lozim.

Xodimning ish vaqti ikki qismdan iborat boʻladi:

  1. 1. Qayd etilgan ish vaqti — bu xodim ish beruvchi bilan aloqada boʻlishi shart boʻlgan vaqt. Aralash rejimda bu, odatda, ofisda bajariladigan ish vaqtini anglatadi.
  2. 2. Erkin belgilanuvchi ish vaqti — bu xodim oʻzi mustaqil ravishda tanlaydigan ish vaqti boʻlib, ish hajmiga mos ravishda amalga oshiriladi.

Mustaqil tarzda belgilanadigan ish vaqtiga faqat oddiy ish haqi toʻlanadi. Bunda ortiqcha ish, dam olish va bayram kunlaridagi ishlar, yoki tungi mehnat uchun qoʻshimcha toʻlovlar qoʻllanilmaydi — faqat ayrim istisno holatlardan tashqari.

Dam olish yoki bayram kunlarida ish beruvchi bilan aloqada boʻlish, shuningdek belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda ishlash faqat qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Agar ish beruvchi tashabbusi bilan bu kabi vaqtlarda ishga jalb etilsa, xodimga qonunda nazarda tutilgan tartibda oshirilgan haq toʻlanadi.

Masofaviy ish uchun haq toʻlash tartibi

Masofadan turib ishlovchi xodimga ish haqi ikki usulda toʻlanadi:

  • Vaqtbay tizimda — haqiqatda ishlangan vaqt asosida;
  • ➖Ishbay tizimda — bajarilgan ish hajmiga qarab.

Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar mehnat qonunchiligiga muvofiq, ish vaqtidan kelib chiqib, tomonlar kelishuviga binoan belgilanadi.

Masofaviy xodimning ish haqi, korxonada ishlayotgan boshqa xodimlarning ish haqi bilan taqqoslanadigan boʻlishi kerak. Agar xodim oʻz vazifasini bajarsa, unga toʻlanadigan haq qonunchilikda belgilangan eng kam miqdordan kam boʻlmasligi, lekin eng koʻp miqdor bilan cheklanmasligi lozim.

Agar xodim mehnatini bajarayotgan hududda ish haqi uchun hududiy koeffitsiyent belgilangan boʻlsa, u holda ish haqi ushbu koeffitsiyentni hisobga olgan holda belgilanadi.

Categories: Mehnat huquqi