Skip to main content

Mehnat shartnomasiga “raqobatlashmaslik kelishuvi” noqonuniymi?

Yulchi Buriev — Fuqarolik huquqi kafedrasi oʻqituvchisi

Hozirda mehnat shartnomalarida “maxfiylik toʻgʻrisidagi” (Non-disclosure agreement) shartlarni kiritish odatdagi holga aylangan. Ammo, aynan “maxfiylik toʻgʻrisidagi” shartga oʻxshash baʼzan u bilan yonma yon keladigan yana bitta shart ham borki, bu “raqobatlashmaslik kelishuvi” ( non-compete agreement — NCA)dir. Bu xodimning ishdan boʻshatilgandan soʻng raqobatchi boʻlgan boshqa tashkilotda ishlashi yoki oʻzi oldin ishlagan soha boʻyicha raqobatlashuvchi biznesni boshlash harakatini cheklovchi kelishuvdir.

Mazkur NCA kelishuvini ish beruvchi uchun afzalligi va xodimlar uchun noqulayligi quyida keltirilgan.

Bir tomondan, ish beruvchi oʻzining tijorat sirlari xodimning harakatlari bilan boshqa raqobatchilarga oʻtib ketishini xohlamaydi. Sababi bir tashkilotda uchinchi shaxslarga maʼlum boʻlmagan katta moddiy va nomddiy qiymatga ega fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot va boshqa tijorat sirlari mavjud boʻladi va mazkur tashkilotda ishlovchi xodim odatda ulardan xabardor boʻladi. Ikkinchidan, ish beruvchilar juda koʻplab moliyaviy resurslarni sarflab xodimlarining malakasini oshiradi. Shundan keyin mazkur xodimlarni mana shu malakalaridan foydalanib boshqa raqobatchi tashkilotlarning foydasiga xizmat qilishlarini istashmaydi. Shuning uchun ish beruvchilar mehnat shartnomalarida shunday shartlarni (NCA) kiritishyaptiki, mazkur shartlar xodimga ishdan boʻshaganda maʼlumot vaqt mobaynida, maʼlum bir hudud doirasida yoki kasbning qoʻllanish doirasida boshqa raqobatchi tashkilotda ishlamaslikni majburiyat zimmasiga yuklayapti. Bunday sabablar, albatta ish beruvchining manfaati nuqtai nazaridan toʻgʻri va mantiqiy hisoblanadi.

Ikkinchi tomondan esa, har bir shaxs istalgan bir ish joyida mehnat qilishga haqlidir. “Inson huquqlari boʻyicha butun jahon deklaratsiyasi”ning 23-moddasida “har bir inson mehnat qilishga, ishni erkin tanlashga, adolatli va maqbul mehnat sharoitlariga hamda ishsizlikdan himoyalanishga haqlidir”ligi qoidasi bilan mustahkamlangan.[1] Bundan tashqari, xuddi shunga oʻxshash qoidalar koʻplab davlatlarning konstitutsiyalarida va qonunlarida belgilan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash huquqiga ega ekanligini keltirilgan. Shuningdek, Mehnat kodeksining 2-moddasidagi kodeksning asosiy vazifalaridan biri sifatida “xodimlar mehnat huquqlari va erkinliklarining, shu jumladan mehnat qilishga, erkin ish tanlashga, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlariga hamda ishsizlikdan himoyalanishga boʻlgan huquqining davlat kafolatlarini belgilash” keltirilgan. Agar xodim avvalgi ish beruvchisi bilan tuzgan kelishuviga koʻra keyinchalik boshqa tashkilotda ishlay olmasa, bu holat mazkur xodim uchun iqtisodiy zarar va jamiyat uchun ishsizlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Yuqoridagi sabablarni solishtirsak, “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) masalasida konstitutsiya va qonunlardagi mehnatga oid tamoyillar bilan tijorat siri doirasi va qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa asoslarga koʻra erkin shartnoma tuzish huquqlari oʻrtasidagi toʻqnashuvini koʻrishimiz mumkin. Mazkur maqolada “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)larining tarixi  va normativ asoslari tahlil qilinadi va Oʻzbekistondagi vaziyatlarga bogʻliq xulosalar beriladi.

Fuqarolik kodeksining 2-moddasi beshinchi qismi mazmuniga koʻra, mehnat munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonunchiligi bu munosabatlar maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinmaydigan hollarda qoʻllaniladi. Yaʼni aytaylik, mehnat shartnomasiga fuqarolik qonunchiligi normalari qoʻllanilishini anglatadi. Mazkur moddaning birinchi qismi mazmunidan kelib chiqilsa, mehnat munosabatlarida tuziladigan mehnat shartnomalariga nisbatan fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan shartnoma haqidagi qoidalar, mulkiy va shaxsiy nomulkiy masalalarga oid normalar  qoʻllaniladi. Buning maʼnosi shuki, mehnat shartnomasiga nisbatan fuqarolik qonunchiligidagi bitimlarga oid normalar va boshqa fuqarolik qonunchilik normalari qoʻllanilishini anglatadi.

Agar “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) mehnat shartnomasiga kiritilsa, bunday shartnoma mehnat qonunchiligiga zid hisoblanadimi yoki tijorat siri boʻlgan axborotdan xodimning xabardorligi sababli tijorat siri mulkdori oʻrnatib bergan rejim doirasida shartnoma orqali uni boshqa uchinchi shaxslarga berish cheklanishi va bunday shartnoma qonuniy hisoblanadimi?

Mazkur savollarni tahlil qilish va ularga xulosa berishdan oldin, “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ning qisqacha tarixini bilish ham yordam beradi.

“Raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)larining tartibga solinish tarixi Anglo-sakson huquqiga borib taqaladi. Bu haqidagi yuridik masala birinchi marta 1414-yilda Angliyada javobgar Dyerga qarshi sud ishida koʻrib chiqilgan. Bu sud ishida daʻvogar ustaning javobgar Jon Dyer ismli shogirdini boshqa ustaxonalarda ishlashini taqiqlash sharti bilan tuzgan kelishuvi haqiqiy emas deb topilgan. Asrlar davomida hukmron boʻlgan qarash shundan iborat ediki, bunday kelishuvlar odatda iqtisodiy erkinlikka asossiz cheklov va shaxsning tirikchilik qilish qobiliyatiga toʻsiq deb hisoblangan.

Ammo, oradan uch asrcha vaqt oʻtib, jamiyatdagi iqtisodiy munosabatlar oʻsganligi uchun mazkur qarashlar biroz oʻzgarishni boshlaydi. Bunday burilish nuqtasi 1711-yildagi sud ishida koʻrib chiqilgan. Mazkur ishda daʼvogar Mitchel javobgar Reynoldsga qarshi daʼvosida ular oʻrtasidagi shartnoma sharti buzilganligini, chunki navvoyxonani ijaraga olgan javobgar 5 yil davomida oʻsha hududda boshqa yana bitta novvoylik faoliyatini yoʻlga qoʻymaslik shartini buzganligini keltirgan. Sud bunday kelishuvni qonunga muvofiq va asosli deb topgan va asos sifatida bunday kelishuv oʻsha hududda amal qilish sharti bilan haqiqiy ekanligini va novvoylik biznesi egasining rivojlanishi uchun zarurligidan va tijorat siri bilan bogʻliq jihatlari borligi zaruratidan kelib chiqqan degan xulosaga kelgan. Hozirda ham koʻplab davlatda geografik joylashuv, muddat va kasbning alohida sirlari bunday “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) larni asosli deb hisoblaydi. Xuddi shunga oʻxshash kelishuvlar keyinchlik mehnat shartnomalarida ham oʻz aksini topishni boshlaydi.

AQSHda Federal savdo komissiyasining 2023-yilda eʼlon qilgan qoidalariga koʻra, mehnat shartnomalarida  “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) haqidagi shartlarni qoʻllash taqiqlanadi. Bunga sabab sifatida bunday kelishuvni taqiqlash AQSH hududida har yili 8 ming 500dan ortiq yangi biznes subyektlarining koʻpayishi va ishsizlikning kamayishiga olib kelishi keltirilgan. Ammo, istisnolar ham mavjud boʻlib, unga koʻra, ish beruvchilar tashkilotlarning yuqori darajali rahbarlari bilan “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ni tuzishlari mumkin.[2]

Germaniya Federatsiyasining Tijorat kodeksida ham “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) haqidanormalar keltirilgan. Mazkur kodeksning 74-moddasi mazmuniga koʻra, prinsipal (ish beruvchi) va tijorat xodimi oʻrtasida tuzilgan, mehnat munosabatlari tugaganidan soʻng xodimning kasbiy faoliyatini cheklovchi kelishuv (raqobat qilmaslik sharti) yozma shaklda boʻlishi va ish beruvchi tomonidan imzolangan, kelishilgan qoidalarni oʻz ichiga olgan hujjat sifatida xodimga topshirilishi talab etiladi. Raqobat qilmaslik sharti, faqat ish beruvchi taqiq davridagi har yil uchun mazkur xodim tomonidan olingan oxirgi ish haqining kamida yarmiga teng boʻlgan kompensatsiyani unga toʻlash majburiyatini oldagina, kuchga kiradi.

Bundan tashqari, yuqoridagi Germaniya tijorat kodeksi normasiga koʻra, raqobat qilmaslik sharti ish beruvchining qonuniy tijorat sirib bilan bogʻliq manfaatini himoya qilishga xizmat qilmasa, kuchga ega hisoblanmaydi. Bundan tashqari, agar u kelishilgan kompensatsiyani toʻlashni hisobga olgan taqdirda ham, agar bunday shart xodimning joylashuvi, ish muddati yoki kasbiy istiqbollariga asossiz toʻsiq boʻlsa, bunday kelishuv ham kuchga ega hisoblanmaydi. “Raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ga erishilganda, bunday taqiq mehnat munosabatlari tugagan kundan boshlab ikki yillik muddatdan oshmasligi kerakligi belgilangan. Shuningdek, mazkur kodeks “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)gaGermaniya fuqarolik kodeksining jamoat manfaatlariga qarshi tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi qoidalari qoʻllanmasligini keltirgan. Bundan xulosa shuki, Germaniya bunday shart bilan mehnat shartnomasini tuzish qonuniy hisoblanadi.

MDH davlatlaridan Qozogʻiston Respublikasi Mehnat kodeksining 29-moddasida ham mehnat munosabatlari ishtirokchilari uchun Germaniya Federatsiyasidagi kabi raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ga ruxsat berilgan. Ammo, ular oʻrtasidagi farq shundaki, Germaniya Tijorat kodeksidagi qoidalar faqat tijorat tashkilotlari tomonidan tuziladigan mehnat shartnomalariga nisbatan qoʻllaniladi. Qozogʻiston Respublikasi Mehnat kodeksidagi qoidalar umumiy mehnat shartnomalarini tartibga solishga yoʻnaltirilgan.

Qozogʻiston Respublikasi Mehnat kodeksining raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) qoidalari mazmuniga koʻra, ish beruvchi va xodim oʻrtasida tomonlarning kelishuviga koʻra raqobat qilmaslik shartnomasi tuzilishi mumkin boʻlib, u xodimning ish beruvchiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlarni amalga oshirmaslik majburiyatini nazarda tutadi. Raqobat qilmaslik kelishuvida cheklovlar va ularni qabul qilish shartlari belgilanadi, shuningdek, agar Qozogʻiston Respublikasi qonunchiligida raqobat qilmaslik sharti nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu shartning amal qilish davri uchun kompensatsiya (toʻlov) belgilanishi mumkin. Raqobat qilmaslik shartnomasi tuzilishi mumkin boʻlgan, xodimlar egallab turgan yoki bajaradigan lavozimlar va ish turlari roʻyxati ish beruvchining qarori (buyrugʻi) bilan tasdiqlanishi nazarda tutilgan.

Yuqorida “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ning tarixi, rivojlanishi va uning bugungi kundagi xorijiy davlatlarning normalari tartibga solinishini koʻrib chiqdin. Endi esa quyida Oʻzbekistonda tuzilayotgan mehant shartnomalarida mazkur “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ning kiritilishi qonunga zid yoki zid emasligini masalasini koʻrib chiqamiz.

Tahlil qilib oʻtilganidek, mehnat shartnomasiga bitimlar haqidagi qoidalar ham qoʻllaniladi. Fuqarolik kodeksining 102-moddasiga koʻra, ikki taraflama yoki koʻp taraflama bitimlar shartnomalar hisoblanadi. Mehnat shartnomalarida ham ikki taraf boʻlganligi uchun shartnoma hisoblanadi. Mazkur kodeksning 116-moddasi birinchi qismiga koʻra, “qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emas” hisoblanadi. Demak, “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim boʻlganligi uchun oʻz-oʻzidan haqiqiy emas boʻlishi kerakmi degan savol paydo boʻladi? Buning uchun ana oʻsha qonunchilik talabi yoki huquq-tartibot asosi ochib berilishi kerak boʻladi.

Oʻzbekiston qonunchilik hujjatlarida “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ini mehnat shartnomasiga kiritishga toʻsqinlik qiladigan asoslar bor degan qatʼiy xulosaga kelib boʻlmaydi. Aksincha, aynan shunday kelishuvni shartnomaga kiritish uchun yetarli asoslar bor. Shulardan biri bu tijorat siri haqidagi normalardir.

Fuqarolik kodeksining nomoddiy obyektlaridan biriga (8-bob) tijorat siri ham kiradi va himoya qilinadi. Mazkur kodeksning 98-moddasiga koʻra, fuqarolik qonunchiligi xizmat yoki tijorat siri boʻlgan axborotni, basharti bu axborot uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonun yoʻli bilan undan erkin bahramand boʻlish mumkin boʻlmagan hamda axborot egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralar koʻrgan hollarda himoya etadi.

Ish beruvchi “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ni mehnat shartnomasiga kiritishi qonuniy ekanligiga yana bitta asos bu “Tijorat siri toʻgʻrisida”gi Qonundagi normalardir. Mazkur Qonunga koʻra, tijorat siri bu uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonuniy asosda erkin foydalanilmaydigan axborot boʻlib, ushbu axborot mulkdori uning maxfiyligini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi. Demak, tijorat sirining mulkdori bor. U yuridik yoki jismoniy shaxs boʻlishi mumkin. Ish beruvchilar xuddi shunday mulkdor hisoblanadilar.

Mazkur Qonunda tijorat sirining mulkdoriga tijorat siriga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etishni amalga oshiruvchi va unga nisbatan tijorat siri rejimini oʻrnatish huquqi berilgan. Mana shu norma bilan Qonun tijorat siri mulkdoriga (ish beruvchiga) uning muhofaza qilish uchun rejim oʻrnatish vakolatini beryapti. Bu rejimning ichiga Qonunning 3, 5-6, 11-12-moddalarida nazarda tutilganidek mehnat shartnomasiga uni muhofaza qilish nuqtayi nazarida xodimga majburiyat yuklash ham kiradi. Uni oshkor qilish mumkin emas. Xususan, Qonunning 3-moddasida tijorat sirini oshkor etish deyilganda tijorat sirini tashkil etuvchi axborotning uchinchi shaxslarga bunday axborot mulkdorining yoki konfidentning roziligisiz yoxud mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomaga xilof ravishda, mumkin boʻlgan har qanday shaklda (ogʻzaki, yozma, boshqa shaklda, shu jumladan texnika vositalaridan foydalangan holda) maʼlum boʻlib qolishiga olib keladigan harakat yoki harakatsizlik nazarda tutilgan.

Demak, yuqoridagi Qonundagi normalar tahlilini umumlashtirsak, quyidagi xulosa hosil boʻladi. Tijorat sirining mulkdori mavjud boʻlib, bu ish beruvchilar ham boʻlishi mumkin. Ish beruvchi mulkdor boʻlganligi uchun tijorat sirining ustidan rejim oʻrnatadi. Bu rejimda mehnat shartnomasida uni oshkor qilmaslik haqida boʻlishi mumkin. Tijorat siriga fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmatiga ega boʻlgan axborot kirishini hisobga olsak, mehnat shartnomasida “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ni kiritilishi ham asosli hisoblanadi.

Odatda, tijorat siriga egan boʻlgan ish beruvchilar mana shunday shartni mehnat shartnomasiga kiritadilar. Chunki, xodimlarning fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmati boʻlgan axborot ega boʻlishi oʻzi oʻzidan boʻladigan arzon jarayon emas. Buning uchun ish beruvchi aynan shu axborotlarni ularga toʻgʻri shaklda va ishonchli holda yetkazish uchun ularning malakalarini oshirish ishlarini olib borishadi yoki turli patentlar va shunga oʻxshash boshqa hujjatlar bilan tanishtirish orqali bajarishadi. Har bir xodimning malakasini oshirish va ular bilan tijoriy sirlar ulashish katta moliyaviy resurslarni, uzoq yillarni va eʼtiborni talab etadi. Mana shunday xodimlarning boshqa raqobatchi tashkilotlarga oʻtib, oʻzlarining avvalgi ish joylarida malakalarini oshirish evaziga yoki boshqacha asoslarga koʻra ega boʻlgan tijorat sirlari qoʻllashi ana oʻsha avvalgi ish beruvchining manfaatlariga toʻgʻri kelmaydi. Shu sababali ish beruvchi va xodim oʻrtasida “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ni mehnat shartnomalarida kelishishlari oqilona sababga ega hisoblanadi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, Oʻzbekiston qonunchilik hujjatlari ish beruvchi va xodimlar oʻrtasida “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA)ni mehnat shartnomalarida qoʻllashni taqiqlamaydi va bunday kelishuvlar yuqorida tahlil qilingan asoslarga koʻra, qonunchilikka muvofiq hisoblanadi. Ammo, Germaniya Federatsiyasining Tijorat kodeksi yoki Qozogʻiston Respublikasi Mehnat kodeksidagi normalar kabi Oʻzbekiston mehnat qonunchiligiga ham maxsus “raqobatlashmaslik kelishuvi” (NCA) haqidagi normalarning kiritilishi maqsadga muvofiq boʻlgan boʻlar edi. Sababi, bunday maxsus normaning kiritilishi, amaliyotdagi noaniqliklarga barham beradi, shuningdek, ish beruvchining tijorat sirini kelajakda yana yaxshiroq himoya qiladi va xodimlarining malakasini oshirishga undaydi, shuningdek, kompensatsiya toʻlovlarining mavjudligi oʻz navbatida bunday mehnat shartnomasiga qoʻshilgan xodimning ham manfaatlarini muvozanatlagan boʻlar edi.


[1] https://www.un.org/en/about-us/universal-declaration-of-human-rights

[2] https://www.ftc.gov/news-events/news/press-releases/2024/04/ftc-announces-rule-banning-noncompetes

Categories: Mehnat huquqi