Skip to main content

Mol-mulkni sotganda soliq to’lanmaydi, biroq…

Soliq toʻlovchilarning xususiy mulk huquqi asosida ularga tegishli boʻlgan mol-mulkni sotishdan olingan daromadlar soliqdan ozod qilinadi, ammo bundan ayrim holatlar mustasno. Quyida bandning mazmunini sodda tilda tushuntiramiz va har bir holat uchun misollar keltiramiz.

Soliqdan ozod qilingan daromadlar:

Soliq toʻlovchi oʻz xususiy mulk huquqiga ega boʻlgan mol-mulkni sotganida (misol uchun A oʻzining Spark rusumli avtomashinasini sotishdan olgan daromad), bu savdodan kelib chiqadigan daromadlar soliqdan ozod qilinadi, faqat quyidagi holatlar bundan mustasno:


1. Qimmatli qogʻozlarni sotishdan olingan daromadlar:

  • Fond birjasida sotilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlardan tashqari, barcha qimmatli qogʻozlarni sotishdan olingan daromadlar soliq solinadigan daromad hisoblanadi.

Misol:

Agar soliq toʻlovchi oʻzida mavjud boʻlgan aksiyalarni fond birjasidan tashqarida sotib, 10 000 000 soʻm foyda koʻrsa, ushbu daromad soliqqa tortiladi. Ammo, agar aksiyalar fond birjasida sotilsa, bu daromad soliqdan ozod qilinadi. Bunda Soliq kodeksining 381-moddasiga asosan daromad soligʻi stavkasi 12% ekanligi hisobga olsak,

Hisob-kitob: 10 000 000×0.12=1 200 000 soʻm daromad soligʻi


2. Yuridik shaxslarning ustav fondidagi ulushlarni sotishdan olingan daromadlar:

  • Masalan, tashkilotning ustav kapitalidagi ulush yoki paylarni sotishdan kelib chiqqan daromad soliq solinadigan daromad hisoblanadi.

Misol:

Agar soliq toʻlovchi MCHJ ustav kapitalidagi 30% ulushini 70 000 000 soʻmga sotgan boʻlsa, ushbu daromadga soliq solinadi.

Hisob-kitob: 70 000 000 × 0.12 = 8 400 000 soʻm daromad soligʻi


3. Noturar joylarni sotishdan olingan daromadlar:

  • Savdo doʻkonlari, ofislar, omborxonalar kabi noturar joylarni sotishdan olingan daromadlar soliqqa tortiladi.

Misol:

Agar soliq toʻlovchi oʻziga tegishli boʻlgan 200 m.kv. boʻlgan omborxonani 585 000 000 soʻmga sotib, 170 000 000 soʻm sof daromad qilsa, bu daromad soliqqa tortiladi.

Hisob-kitob: 170 000 000 × 0.12 = 20 400 000 soʻm daromad soligʻi


4. 36 oydan kam muddat davomida mulkda boʻlgan turar joylarni sotishdan olingan daromadlar:

  • Soliq toʻlovchining mulkida 36 oydan kam vaqt davomida boʻlgan turar joylarni sotishdan olingan daromadlar soliq solinadigan daromad hisoblanadi.

Misol:

Agar fuqaro 2023-yil yanvar oyida sotib olgan kvartirani 2024-yil dekabr oyida (23 oylik egalikdan soʻng) 650 000 000 soʻmga sotib, 50 000 000 soʻm foyda qilsa, bu foyda soliqqa tortiladi. Ammo kvartira 2020-yil dekabr oyida sotib olingan va 2024-yil dekabr oyida (4 yildan soʻng) sotilgan boʻlsa, bu daromad soliqdan ozod qilinadi.

Hisob-kitob: 50 000 000×0.12=6 000 000 soʻm daromad soligʻi

Soliq kodeksining 378-moddasi 7-bandiga binoan, mol-mulkni sotishdan olingan daromadlarning aksariyat qismi soliqdan ozod qilinadi. Ammo, qimmatli qogʻozlar, ustav fondidagi ulushlar, noturar joylar, va 36 oydan kam muddat davomida mulkka egalik qilgandan soʻng sotilgan turar joylar bundan istisno qilinadi va soliqqa tortiladi.

Categories: Soliq huquqi