Intellektual mulk shunday mulkki undan bir vaqtning o‘zida bir necha yuz, ming va hattoki millionlab odamlar bir vaqtning o‘zida foydalanishi mumkin. Negaki u ashyoviy (jismiy) xususiyatga ega bo‘lmaydi, shu sababli uni yakka shaxs qo‘lida tutib tura olmaydi yoki unga nisbatan to‘liq xo‘jalik hukmronligini o‘rnata olmaydi.
Bu IMni boshqa mol-mulklardan (jismiy xarakterdagi) farqlovchi asosiy jihatlardan biri sanaladi. Uning yana bir o‘ziga xususiyati IMni muhofaza va himoya qilishning boshqa mol-mulklarga qaraganda murakkabligida namoyon bo‘ladi.
Aytaylik, siz mashina sotib olgandan keyin unga signalizatsiya o‘rnatib, avto turargoh (stoyanka)ga qo‘yib, o‘g‘irlab ketishdan yoki shikast yetkazishdan umumiy holatda himoya qilishingiz mumkin.
Lekin IM obyektlariga nisbatan bunday deb bo‘lmaydi.
Misol uchun, siz she’r yozdingiz va uni biror ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga joyladingiz. Uni sizning ruxsatingizsiz olishga, undan foydalanishga (masalan qo‘shib sifatida kuylab yuborish), o‘zlashtirib olishga shuning o‘zi yetarli. Mashinaga o‘xshab unga qulf, signalizatsiya o‘rnata olmaysiz. Shu sababli IM obyektlaridan muallif rozilisiz foydalanish holatlari ko‘p uchraydi.
Yaqin yillardan biri bunday keyslar anchagina ko‘paydi. Masalan, Yulduz Usmonova, Sanjay, Doston Ergashev, Jaloliddin Ahmadaliyev, Avazbek Olimov, Sardor Mamadaliyev bilan bog‘liq nizolarda ushbu honandalar muallif roziligisiz ularning qalimiga mansub she’rlarni qo‘shib sifatida kuylab yuborgan.
Bugungi ijtimoiy tarmoq rivojlangan jamiyatda IM bilan bog‘liq huquqbuzarliklar anchagina ko‘paymoqda.
Misol uchun A shaxs o‘zi ijtimoiy tarmoqlardan biri sahifa ochib yaxshi kontentlarni taqdim etib, o‘z sohasiga aloqador yangiliklardan, kerakli ma’lumotlardan boshqa fuqarolarni xabardor qilib boradi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, boshqa bir sahifa “muallifi” (to‘g‘rirog‘i uni muallif deb bo‘lmaydi, “ko‘chirmachi” yoki “o‘g‘ri deyish to‘g‘riroq) Aning kontentlarini o‘z sahifasiga biror o‘zgarish kiritmay, haqiqiy muallifni ko‘rsatmay joylab borishi ham intellektual mulk huquqining buzulishi hisoblanadi.
Negaki sahifalarda e’lon qilinayotgan kontentlar ham Fuqarolik kodeksining 1031-moddasiga binoan IM obyektlaridan biri sanaladi. Ulardan muallif ruxsatisiz foydalanish, shuningdek unda haqiqiy muallifni ko‘rsatmaylik yuqorida aytganimizdek, huquqbuzarlik aytish joiz bo‘lsa o‘g‘rilikdir.
Tom ma’noda bu o‘g‘irlik jismiy xususiyatga ega mol-mulklar o‘g‘riligidan ijtimoiy xavfliroq! Sababi mol-mulk o‘g‘irlansa, munosabat mol-mulk egasi va uni o‘g‘irlagan shaxs o‘rtasida vujudga keladi. Aytmoqchi bo‘lganimiz bu jinoyatda bir shaxsning mulki o‘g‘irlanadi, uni o‘g‘irlagan shaxsga qonuniy jazo chorasi ko‘riladi mol-mulk egasiga qaytariladi. Shu bilan hammasi yakunlanadi.
IMda esa bunday emas. Bunday huquqbuzarliklar nafaqat muallif uchun, balki jamiyat uchun zarar yetkazadi. Negaki o‘zining mehnati boshqalar tomonidan o‘g‘irlangan, ko‘chirilgan muallifda ijod qilish istagi yo‘qoladi. Buning natijasida jamiyat yangi bir roman, qissa, she’riy to‘plamlardan, o‘zi uchun foydali bo‘lgan kontentlardan mahrum bo‘ladi.
Agar bunday o‘g‘irlik ilmiy sohada bo‘lsa, unda bu iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishlanmalari ko‘chirilgan, uning ruxsatisiz foydalanilgan muallifning yangi ixitirolar, sanoat mulk obyektlarini yaratishga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nadi.
Shuning uchun ham IM obyektlaridan muallif rozilisiz foydalanish yoki muallifning asarlarida uning haqiqiy egasini ko‘rsatmaslik bu o‘g‘irlik!