Bugunga kelib kriptoaktiv (kriptovalyuta)ni yig‘uvchilar soni keskin ko‘paydi. Kriptoaktiv bu ma’lumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan qiymati va egasi bo‘lgan mulkiy huquq hisoblanib, uning notcoin, bitcoin, efirium singari turlari (ko‘rinishlari) mavjud.
Ularni hamma sotishi va sotib olishi mumkinmi?
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini lisenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra xizmatlar provayderlari faoliyatining turlari quyidagilardan iborat:
▪️ kripto-birja;
▪️ mayning-pul;
▪️ kripto-depozitariy;
▪️ kripto-do‘kon.
Yuqoridagi xizmat provayderlarisiz kriptovalyutani sotib olish yoki sotish (huquqbuzarlik) birinchi marta sodir etish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘ridagi kodeksning 155⁴-moddasi bilan kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollarini musodara qilib,
- o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga;
- yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’muriy jarima qo‘llanilgandan keyin (1 yil ichida) yana yuqoridagi huquqqa xilof harakatni sodir etganda Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasiga ko‘ra:
- bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima;
- yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash;
- yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.