Ustama o‘qituvchining bir o‘quv yilidagi natijalariga qarab belgilanadi. Bunda o‘qituvchining ma’lum muddat mehnatga qabilyatsiz bo‘lishi, dekret ta’tili olishi, malaka oshirishga borishi ustamaga da’vogarlik qilishga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 20-bandiga ko‘ra pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar:
- tarbiyaviy jarayonning amalga oshirilish sifati va samaradorligiga;
- sinfdan tashqari ishlarga hamda o‘quvchilarni insonparvarlik va mehr-oqibat ruhida tarbiyalashga;
- tegishli sinflar va o‘quv fanlari uchun tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlarida nazarda tutilgan bilimlar va ko‘nikmalar to‘liq hajmining o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirib olinishi darajasiga;
- o‘quv jarayoniga qo‘shilgan aniq hissa, o‘qitishning yuqori samaradorligi va sifati uchun 40 foizgacha miqdorda belgilanadi.
Nizomning 21-bandiga ko‘ra umumta’lim muassasalari pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga Jamg‘arma hisobidan har oylik ustamalar yangi o‘quv yili uchun o‘tgan o‘quv yili yakunlari bo‘yicha belgilanadi.
Aynan shu qoidaga ko‘ra homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqqan o‘qituvchi o‘quv yilida davomida erishgan natijalari bo‘yicha ustamaga da’vogarlik qilishi mumkin.
Misol uchun, F ismli o‘qituvchi 2023-yil oktabr oyida homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqdi va ushbu ta’tildan fevral oyida qaytdi. Bunday holatda F ismli o‘qituvchi sentabr va fevral – may oylarida ustama uchun baholash mezonlarida ko‘rsatilgan natijalari uchun ustama olishga haqli.