Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandiga ko‘ra pedagog xodimlar mehnatiga soatbay haq to‘lash:
- ketma-ket ikki oydan ortiq bo‘lmagan davrda kasallik yoki boshqa sabablar bilan ishda bo‘lmagan xodimlarning o‘rnini bosish tartibida ishlab berilgan soatlar uchun haq to‘lashda;
- boshqa muassasalardan jalb etiladigan o‘qituvchilar va boshqa mutaxassislarning, shu jumladan o‘rindoshlik bo‘yicha boshqa maktablardan jalb etiladigan o‘qituvchilar va mutaxassislarning pedagogik ishi uchun haq to‘lashda;
- o‘rnini bosish tartibida umumta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan o‘tilgan o‘quv soatlari uchun haq to‘lashda qo‘llaniladi.
Shunga ko‘ra faqat yuqoridagi holatlardagina darslar soatbay haq to‘lash asosida boshqa o‘qituvchilarga berish mumkin bo‘ladi.
Bunda O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlarini tasdiqlash to‘g‘risida qarorga (ro‘yxat raqami 3157) muvofiq umumta’lim maktablarining boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilari, o‘qituvchi-logopedi, logopediya shoxobchasi mudiri mehnatiga soatbay haq to‘lash miqdori bazaviy lavozim maoshlariga nisbatan 1.20 foizda haq to‘lanadi.
Bunda soatbay haq to‘lash miqdori tarkibiga mehnat ta’tili haqi kiritilgan. Shunga ko‘ra soatbay asosda o‘tilgan darslar uchun to‘langan haq ta’til puli to‘lashda qo‘shilmaydi.