Skip to main content

Pora olish ham, berish ham jinoyat

Korrupsiya — har qanday demokratik jamiyatning taraqqiyotiga toʻsiq boʻluvchi eng xavfli ijtimoiy illatlardan biridir. U davlat organlarining ochiqligi va fuqarolarga boʻlgan ishonchiga putur yetkazadi. Ayniqsa, pora olish, pora berish yoki ushbu harakatlarda vositachilik qilish holatlari baʼzida jamiyatda “odatiy hol” sifatida qaralishi — qonunchilik talablariga va huquqiy ongga zid hisoblanadi.

Pora olish

Koʻpchilikning fikricha, pora berishni jinoyat deb baholashda uning miqdori katta ahamiyatga ega deb oʻylaydi. Masalan, 100 AQSH dollari bersa javobgarlik boʻlmaydi, 10 000 AQSH dollari boʻlsa javobgar boʻladi. Ammo, har ikkala holatda ham javobgarlik bor.

Jinoyat kodeksining 210-moddasiga koʻra, pora olish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Yaʼni, pora sifatida 100$ bersa, bu kam miqdor hisoblanadi va besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab boʻlishi mumkin. 10 000$ pora bersa, koʻp miqdor hisoblanadi va besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab boʻladi.

Pora berish

Shuni unitmaslik kerakki, pora berish ham jinoyat hisoblanadi.

Masalan: Haydovchi imtihondan oʻta olmagach, tanishlari orqali YHXBB xodimiga 300 AQSh dollari berib, guvohnoma olishga erishadi. Oradan bir oy oʻtgach, ichki ishlar organlari ushbu holatni fosh etadi. Haydovchi pora bergani uchun JKning 211-moddasi asosida javobgarlikka tortiladi va unga shartli jazo qoʻllaniladi.

Vositachilik qilish

Shu bilan birga, pora olish va berishda vositachilik qilish ham javobgarlikka sabab boʻladi.

Masalan: Yuqridagi vaziyatda haydovchi imtihonidan oʻtolmagach, doʻsti YHXBB xodimi bilan yaqin tanish ekanligini aytsa va 500 AQSH dollarini bersa, guvohnoma olib berishni vaʼda qilsa, bu JKning 212-moddasiga koʻra jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

Shuningdek:

– Hatto pora berilmasdan, faqatgina “kelishilgan” holat boʻlsa ham, bu jinoyat tarkibi sifatida qaraladi.

– Agar fuqaro pora berish yoki olish rejasidan voz kechib, oʻz ixtiyori bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilsa — javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish korrupsiyaga qarshi kurashning eng samarali vositalaridan biridir. Har bir fuqaro bu borada nafaqat oʻzini, balki jamiyat kelajagini ham oʻylashi zarur. Korrupsiya hech qachon “odatiy hol” sifatida qabul qilinmasligi kerak — u jinoyatdir va muqarrar jazoga sabab boʻladi.

Categories: Huquqbuzarlik