
Qanday hollarda sudda himoyachi ishtirok etishi shart?
O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega. Ayniqsa, shaxs ushlanganida, ya’ni uning harakatlanish erkinligi amalda cheklangan paytdan boshlab, himoyachi yordamini olish huquqi ta’minlanishi kerak.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasiga ko‘ra, ayrim holatlarda advokat ishtiroki faqat huquq emas, balki majburiy hisoblanadi.
Bunday holatlar quyidagilar:
- 1) voyaga yetmaganlarning ishi bo‘yicha;
- 2) soqovlar, karlar, ko‘rlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilganligi sababli o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarning ishi bo‘yicha;
- 3) sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarning ishi bo‘yicha;
- 4) jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarning ishi bo‘yicha;
- 5) shaxslarning manfaatlari o‘zaro qarama-qarshi bo‘lib, ulardan aqalli biri himoyachiga ega bo‘lgan ishlar bo‘yicha;
- 6) davlat ayblovchisi yoki jamoat ayblovchisi ishtirok etayotgan ishlar bo‘yicha;
- 7) jabrlanuvchining vakili sifatida advokat ishtirok etayotgan ishlarda;
- 8) tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarda;
- 8.1) sud tomonidan dastlabki eshituv o‘tkazilayotgan ishlarda;
- 8.2) o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha;
- 8.3) shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotganda;
- 8.4) aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan ishlar bo‘yicha;
- 9) apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari sudi tomonidan ko‘riladigan ishlarda himoyachi ishtirok etishi shart.
Bundan tashqari, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishning murakkabligi yoki boshqa sabablarni inobatga olib, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘z huquqlarini amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelishi mumkin degan xulosaga kelsa, advokat ishtirokini shart deb topishga haqlidir.
Agar shaxs yuqoridagi toifalarga kiritilsa, unga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Ya’ni, u yoki davlat tomonidan tayinlangan advokat orqali, yoki o‘zi yollagan advokat yordamida o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu qoida jinoyat protsessining asosiy tamoyillaridan biri bo‘lib, har bir shaxsning adolatli sudlovga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini kafolatlashga xizmat qiladi.