Sanoat mulki – bu intellektual mulk huquqining muhim tarkibiy qismi boʻlib, u sanoat, fan, texnika va savdo sohasidagi ijodiy faoliyat natijalarini oʻz ichiga oladi.
Amaldagi fuqarolik qonunchigida sanoat mulki obyektlarining quyidagi asosiy turlari sanab oʻtiladi:
- Ixtirolar
- Foydali modellar
- Sanoat namunalari
- Tovar belgilari
- Firma nomlari
- Geografik koʻrsatkichlar
Keling ularning har birini koʻrib chiqamiz.
1. Ixtiro – bu texnika va texnologiya sohasidagi yangi, ixtirochilik darajasiga ega boʻlgan va sanoatda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan texnik yechim. Ixtiro patenti yigirma yil mobaynida amal qiladi.
Har qanday texnik yechim ixtiro sanalaydi. Qonun muayyan yechimni ixtiro sifatida qabul qilish uchun zarur shartlarni belgilaydi. Xususan, Ixtironing patentga layoqatlilik shartlari:
1 | Yangilik |
2 | Ixtirochilik darajasi |
3 | Sanoatda qoʻllanilish imkoniyati |
Yangilik – bu ixtironing ilgari maʼlum boʻlmagan texnik yechim ekanligini anglatadi. Bunda yangilik shartining mazmuni quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin: (1) ixtiro haqidagi maʼlumot ilgari ochiq nashr qilinmagan, (2) ixtiro Oʻzbekiston yoki boshqa davlatlarda patentlanmagan, (3) ixtiro toʻgʻrisidagi maʼlumot boshqa yoʻllar bilan jamoatchilikka maʼlum qilinmagan boʻlishi lozim.
Ixtirochilik darajasining mazmuni ixtiro mutaxassis uchun texnikaning mavjud darajasidan kelib chiqmaydigan boʻlishi kerakligini anglatadi. Ixtirochilik darajasini baholashning bir qator mezonlari mavjud.
№ | Baholash mezoni | Tasnif |
---|---|---|
1 | Texnik masalaning murakkabligi | Muammoning ilgari hal qilinmaganligi |
Yechimning kutilmaganligi | ||
Mavjud yechimlardan tubdan farq qilishi | ||
2 | Erishilgan texnik natija | Yangi texnik effekt |
Sifat koʻrsatkichlarining sezilarli yaxshilanishi | ||
Kutilmagan qoʻshimcha effektlar | ||
3 | Texnik yechimning noaniqlik darajasi | Oldingi texnik yechimlardan farq qiluvchi yangi belgilar |
Mavjud belgilarning yangi kombinatsiyasi | ||
Yangi texnik aloqalarning mavjudligi |
Patentga layoqatlilikning navbatdagi sharti bu sanoatda qoʻllash imkoniyatidir. Ushbu shartning mazmuni ixtiro turli sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda koʻp marta amalga oshirilishi mumkin boʻlishi kerakligini anglatadi.
Sanoatda qoʻllanilish imkoniyatining belgilari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- Texnik jihatdan amalga oshirilish imkoniyati: zarur texnik vositalarning hamda texnologik jarayonlarning mavjudligi, texnik vositalarning ishonchliligi;
- Takroriy amalga oshirish imkoniyati: bir xil natijalarning olinishi, barqaror texnik effektning taʼminlanishi va natijalarning qayta tiklanishi
- Amaliy qoʻllash imkoniyati: iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, ekologik xavfsizligi, shuningdek, texnik xavfsizlik talablariga muvofiqligi.
Qisqacha xulosa qiladigan boʻlsak, maʼlum bir texnik yechimni ixtiro deb atash uchun yuqoridagi layoqatlilik shartlari boʻlishi lozim.
Misol: Samsung kompaniyasining buklanadigan smartfoni (Z fold) – bu ixtiro sifatida patentlangan yangi texnologik yechim.
2. Foydali model – bu qurilma yoki uskunaning konstruktiv yechimidir. Foydali model patenti besh yil mobaynida amal qiladi. Foydali modelning xususiyatlari quyidagicha:
- Yangilik;
- Sanoatda qoʻllanilish imkoniyati;
- Ixtirodan farqli ravishda, ixtirochilik darajasi talab qilinmaydi.
Bunda yangilik shartining oʻziga xos xususiyatlari 2 turga boʻlinadi: (1) mahalliy yangilik talabi (Oʻzbekiston hududida yangi boʻlishi), (2) absolyut yangilik talabi (butun dunyoda yangi boʻlishi).
Yangilikni baholash mezonlari:
№ | Baholash mezoni | Tasnif |
---|---|---|
1 | Konstruktiv belgilarning yangiligi | Yangi konstruktiv elementlar |
Elementlarning yangi joylashuvi | ||
Yangi texnik aloqalar | ||
2 | Funksional belgilarning yangiligi | Yangi vazifalarning bajarilishi |
Mavjud vazifalarning yangicha bajarilishi | ||
Qoʻshimcha funksiyalarning paydo boʻlishi |
Foydali modelning sanoatda qoʻllanilish imkoniyati oʻziga xos xususiyatlari oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
- Ishlab chiqarish imkoniyati yaʼni mavjud texnologiyalar bilan ishlab chiqarish mumkinligi, zarur materiallarning mavjudligi hamda ishlab chiqarish xarajatlarining maqbulligi hisoblanadi.
- Texnik amalga oshirish imkoniyati: konstruksiyaning soddaligi, ishonchlilik darajasi, taʼmirlash va xizmat koʻrsatish qulayligi hisoblanadi.
Misol: Quyosh energiyasidan foydalanuvchi koʻchma telefon zaryadlovchi qurilma.
3. Sanoat namunasi – bu mahsulotning tashqi koʻrinishini belgilovchi badiiy-konstruktorlik yechimi sanaladi. Sanoat namunasi patenti oʻn yil mobaynida amal qiladi. Sanoat namunasining himoya (patentga layoqatlilik) shartlariga:
- Yangilik;
- Oʻziga xoslik;
- Sanoatda qoʻllanilish imkoniyati kiradi.
Bunda yangilikni baholash mezonlari oʻz ichiga quyidagilarni oladi:
Tashqi koʻrinishning yangiligi: | Ergonomik yangilik: |
---|---|
Shakl | Foydalanish qulayligi |
Kompozitsiya | Estetik jozibadorlik |
Naqsh va ranglar | Funksionallik |
Patentga layoqatlilikning navbatdagi sharti oʻziga xoslikdir. Oʻziga xoslikni baholash mezonlari:
Badiiy-konstruktorlik yechimining originaligi: | Kompozitsion yaxlitlik: |
---|---|
Individual xususiyatlar | Elementlarning oʻzaro muvofiq joylashuvi |
Boshqa namunalardan farqlanish darajasi | Proporsiyalarning mutanosibligi |
Estetik taʼsir kuchi | Ranglar uygʻunligi |
Sanoat namunasining keyingi himoya sharti sanoatda qoʻllash imkoniyatining mavjud boʻlishi sanaladi.
Ishlab chiqarish imkoniyati | Amaliy qoʻllash imkoniyati |
---|---|
Industrial usulda koʻp marta ishlab chiqarish mumkinligi | Funksional vazifalarning bajarilishi |
Texnologik jarayonlarning mavjudligi | Xavfsizlik talablariga muvofiqligi |
Zarur materiallarning mavjudligi | Ergonomik talablarga javob berishi |
Misol: Coca-Cola shishasi dizayni
Sanoat mulki obyektlarining yuqorida koʻrib chiqilgan obyektlarini huquqiy mufoza qilishning yana bir zaruriy sharti bu – ushbu obyektlarni patentlashdir. Agar sanoat mulki obyektining muallifi ular yaratilgandan soʻng belgilangan tartibda patent olmasa, ularga nisbatan huquqiy muhofaza berilmaydi.
Sanoat mulki obyektlarini himoya qilish zamonaviy innovatsion iqtisodiyotning muhim elementi hisoblanadi. Bu sohadagi bilimlar har bir mutaxassis uchun muhimdir.
Sanoat mulki obyektlarining qolgan turlari haqida alohida fikr yuritamiz.