Mualliflik huquqi

Zamonaviy dunyoda ijodiy faoliyat mahsullari tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Har qanday jamiyatning madaniy va intellektual salohiyati uning fan, adabiyot va sanʼat sohasidagi yutuqlari bilan belgilanadi. Bu yutuqlarning asosida esa ijodkorlarning mehnati yotadi. Ijodkorlar oʻz asarlari orqali jamiyatning maʼnaviy boyligini oshiradi, madaniyatini rivojlantiradi. Shu bois, ularning mehnatini qadrlash, huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu sababli, bugun sizlar bilan ijodkorlarning huquqlari, ularni amalga oshirish va himoya qilish kabilarni oʻz ichiga olgan mualliflik huquqi haqida fikr yuritamiz.

Mualliflik huquqi – bu fan, adabiyot va sanʼat asarlarining yaratilishi, ulardan foydalanish va huquqiy muhofaza qilish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar yigʻindisidir.

Mualliflik huquqining mohiyati shundaki, u ijodkorning oʻz asari ustidan mutlaq huquqqa ega boʻlishini kafolatlaydi. Bu huquq asarni yaratish jarayonidayoq, yaʼni u biron-bir moddiy shaklda ifodalangan paytdan boshlab vujudga keladi va davlat tomonidan tan olinadi. Boshqacha aytganda, mualliflik huquqi muayyan obyekt yaratilgan vaqtdan eʼtiboran huquqiy muhofazaga olinadi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Ushbu huquqning qanday ahamiyati bor?

Birinchidan, ijodiy faoliyatni ragʻbatlantirish. Mualliflik huquqi tizimi ijodkorlarning oʻz asarlaridan foydalanish natijasida moddiy manfaat koʻrishini taʼminlaydi. Bu esa ularni yangi asarlar yaratishga undaydi. Masalan, kitob yozgan muallif oʻz asarining sotilishidan daromad olishi mumkin, bu esa uni yangi kitoblar yozishga ragʻbatlantiradi.

Ikkinchidan, madaniyat va sanʼatning rivojlanishiga hissa qoʻshish. Ijodkorlarning huquqlari himoyalanganda, ular oʻz isteʼdodlarini toʻliq namoyon etish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu esa jamiyatning madaniy boyishiga olib keladi. Misol uchun, bastakorlar, rassomlar, yozuvchilar oʻz asarlarining noqonuniy nusxalanishidan xavotir olmay, erkin ijod qila oladilar.

Uchinchidan, innovatsion gʻoyalarni himoyalash. Mualliflik huquqi tizimi yangi gʻoyalar va yechimlarning himoyalanishini taʼminlaydi. Bu esa innovatsion rivojlanishga turtki beradi. Masalan, dasturchilar yaratgan dasturiy mahsulotlar mualliflik huquqi bilan himoyalanadi, bu esa IT sohasining rivojlanishiga yordam beradi.

Keling, endi mualliflik huquqining obyektlari va subyektlari haqida mulohaza yuritamiz.

Mualliflik huquqi obyekti – bu muallif tomonidan yaratilgan, ijodiy mehnat mahsuli boʻlgan, biron-bir obyektiv shaklda ifodalangan asar hisoblanadi. Bunda asarning qiymati, hajmi, maqsadi yoki ifoda etish shaklining ahamiyati yoʻq.

1. Adabiy asarlar. Adabiy asarlar deyilganda, soʻz orqali ifoda etilgan barcha turdagi asarlar tushuniladi. Asarlar toifasiga quyidagilarni keltirish mumkin:

  • Badiiy adabiyot (romanlar, qissalar, hikoyalar)
  • Ilmiy adabiyot (monografiyalar, maqolalar, tezislar)
  • Oʻquv adabiyoti (darsliklar, qoʻllanmalar)
  • Publitsistik asarlar (esse, ocherklar)

Misol: Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani, Erkin Vohidovning sheʼrlari

2. Sanʼat asarlari. Tasviriy sanʼatning barcha turlari:

  • Rangtasvir asarlari
  • Haykaltaroshlik
  • Grafika
  • Dizayn namunalari.

Bu asarlarning oʻziga xos jihati shundaki, ular moddiy shaklda yaratiladi va odatda yagona nusxada boʻladi.

Misol: Oʻrol Tansiqboyevning peyzajlari, Behzodning miniatyuralari

3. Musiqiy asarlar. Musiqiy asarlar matn bilan yoki matnsiz boʻlishi mumkin:

  • Simfonik asarlar
  • Estrada qoʻshiqlari
  • Opera va balet musiqalari
  • Xalq qoʻshiqlari qayta ishlanmalari

Misol: Mutal Burhonovning “Tanovar” simfoniyasi, Sherali Joʻraevning qoʻshiqlari

Kimlar ushbu huquqning subyekti hisoblanadi? Amaldagi qonunchilikka muvofiq Mualliflik huquqi subyektlari sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:

Subyektlar
Tasnif
SubyektlarTanif
1Muallifasarni yaratgan jismoniy shaxs
2Hammualliflarasarni birgalikda yaratgan shaxslar
3Huquqiy vorislarMerosxoʻrlar
Shartnoma asosida huquq olgan shaxslar
4Mualliflik huquqlarini jamoaviy boshqarish tashkilotlarMisol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati (uzavtor.uz)

Huquqning boshqa sohalaridan farqli oʻlaroq intellektual mulk huquqida, shu jumladan mualliflik huquqida muallifning oʻzi yaratgan obyektga nisbatan 2ta huquq vujudga keladi: (1) shaxsiy nomulkiy huquqlar; (2) mulkiy huquqlar.

Shaxsiy nomulkiy huquqlar – bu muallifning oʻz asari bilan maʼnaviy-madaniy bogʻliqligini taʼminlovchi, begonalashtirilmaydigan va faqat muallif shaxsi bilan bogʻliq boʻlgan huquqlardir.

1. Mualliflik huquqi (asar muallifligini tan olish huquqi). Bu huquqning mazmuni shundaki:

  • Muallif oʻzi yaratgan asarning ijodkori sifatida tan olinadi;
  • Hech kim oʻzganing asariga nisbatan mualliflik huquqini daʼvo qila olmaydi;
  • Bu huquq muallif hayotligi davridagina emas, vafotidan keyin ham amal qiladi.

Misol: Choʻlpon sheʼrlarini hech kim oʻz nomi bilan eʼlon qila olmaydi

2. Muallif nomidan foydalanish huquqi. Bu huquq quyidagi imkoniyatlarni beradi:

  • Asarni oʻz nomi bilan eʼlon qilish;
  • Taxallus (psevdonim) dan foydalanish;
  • Anonim tarzda eʼlon qilish;
  • Muallifning ismini koʻrsatishni talab qilish.

Misol: Abdulla Qodiriy “Julqunboy” taxallusi bilan ham ijod qilgan.

3. Asarning daxlsizligi huquqi. Bu huquq quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Asarga har qanday tarzda oʻzgartirish kiritishni taqiqlash;
  • Asarni buzib koʻrsatishdan himoya qilish;
  • Asarning gʻoyaviy yaxlitligini saqlash;
  • Muallif roziligisiz asarga qoʻshimchalar kiritishni man etish.

Misol: Alisher Navoiyning “Xamsa” asariga boshqa shaxs tomonidan sheʼrlar qoʻshish yoki undagi baytlarni oʻzgartirish mumkin emas.

4. Asarni oshkor qilish (eʼlon qilish) huquqi:

  • Muallif asarini jamoatchilikka yetkazish vaqti va usulini belgilash huquqiga ega;
  • Asarni eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
  • Asarni eʼlon qilishdan voz kechish huquqi.

Misol: Yozuvchi oʻz romanini nashr ettirish vaqti va nashriyotni tanlash huquqiga ega.

Mulkiy huquqlar – bu muallifning oʻz asaridan foydalanishdan moddiy manfaat olishini taʼminlovchi huquqlardir. Fuqarolik kodeksining 1056-moddasida muallifning mulkiy huquqlari eʼtirof etilgan boʻlib, ularni shartli ravishda 2 guruhga boʻlish mumkin. Bularga quyidagilar kiradi:

1. Asardan foydalanish huquqi:

  • Asarni takror ishlab chiqarish (nusxa koʻchirish);
  • Asarni tarqatish (sotish, ijaraga berish);
  • Asarni omma oldida ijro etish;
  • Efirga uzatish huquqi;
  • Tarjima qilish va qayta ishlash huquqi.

2. Haq olish huquqi:

  • Asardan foydalanganlik uchun gonorar olish;
  • Asarni sotishdan tushgan mablagʻdan ulush olish;
  • Kompensatsiya va zararni qoplash huquqi.

Aytish kerakki, muallifning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari oʻzining bir qator jihatlari bilan farqlanadi. Xususan:

  1. Shaxsiy nomulkiy huquqlar muddatsiz amal qiladi va vorislarga oʻtmaydi;
  2. Mulkiy huquqlar muayyan muddat davomida amal qiladi va vorislik boʻyicha oʻtishi mumkin;
  3. Muallifning mulkiy huquqlari shartnoma asosida boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin;
  4. Shaxsiy nomulkiy huquqlar esa begonalashtirilmaydi.

Smart kontraktlar

Oʻzgartirish mulk huquqining vujudga kelishining asosi sifatida

Faktoring. U nima? Qanday ishlaydi?

Kontrfakt tovarlar boʻyicha huquqiy himoya nimalardan iborat

Fuqarolik huquqida estoppel

Turdosh huquqlar

Sanoat mulki obyektlari

Kondiksion daʼvo nima?

Eskrou agentning huquqiy maqomi

Konsignatsiya shartnomasi