Skip to main content

Shaxs qanday hollarda ishsiz deb e’tirof etiladi?

Fuqaroni ishsiz deb e’tirof etish jarayoni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali amalga oshiriladi. Ariza topshirilgach, mahalliy mehnat organi uni ko‘rib chiqadi va fuqaro “ish qidiruvchi” sifatida ro‘yxatga olinadi.

Biroq fuqaro quyidagi hollarda ishsiz deb tan olinmaydi:

  • 1. ishlab chiqarishdan ajralgan holda (kunduzgi shaklda) ta’lim olayotgan bo‘lsa;
  • 2. pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lsa;
  • 3. ikki yoshgacha farzandni parvarish qilayotgan, ishlamaydigan ayol bo‘lsa;
  • 4. ro‘yxatdan o‘tish vaqtida amalda biron tashkilotda ishlayotgan bo‘lsa;
  • 5. sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilingan yoki axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan bo‘lsa;
  • 6. fermer xo‘jaligi rahbari/xodimi, oilaviy korxona a’zosi, dehqon xo‘jaligi rahbari yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa;
  • 7. o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lsa.

Agar yuqoridagi holatlar mavjud bo‘lmasa, fuqaro 10 kun ichida mahalliy mehnat organi tomonidan taklif etilgan “maqbul ish”ni qabul qilishi kerak. Maqbul ish — bu fuqaroning kasbiy malakasi va salomatligiga mos, yashash joyiga yaqin, eng kam ish haqidan past bo‘lmagan ish hisoblanadi.

Shaxs quyidagi hollarda ishsiz deb e’tirof etiladi:

  • – 10 kun ichida unga maqbul ish topilmasa;
  • – taklif etilgan ishni uzrsiz sababsiz ikki marta rad etmasa;
  • – ish beruvchi tomonidan rad javobi olsa.

Bunday hollarda mahalliy mehnat organi ariza topshirilgan kundan boshlab 11-kunidan kechiktirmay qaror qabul qiladi.

Ishsizlik nafaqasini olish tartibi

  1. 1. Ariza topshirish — fuqaro My.gov.uz orqali so‘rovnoma to‘ldiradi va mahalliy mehnat organiga yuboradi.
  2. 2. Ro‘yxatga olish — fuqaro “ish qidiruvchi” sifatida ro‘yxatga olinadi.
  3. 3. Tekshiruv jarayoni — mahalliy organ qonunchilik asosida rad etish sabablari mavjud yoki yo‘qligini tekshiradi.
  4. 4. Ish taklifi — sabablar bo‘lmasa, fuqaro 10 kun ichida maqbul ish yuzasidan taklif oladi.
  5. 5. Qaror qabul qilish — mos ish topilmasa yoki fuqaro asosli sabab bilan rad etsa, 11-kunidan boshlab fuqaro ishsiz deb e’tirof etiladi.
  6. 6. Nafaqa tayinlanishi — shu qaror asosida fuqaro ishsizlik nafaqasini olish huquqiga ega bo‘ladi.
  7. 7. Xabarnoma yuborish — qaror qabul qilinganidan 2 kun ichida fuqaroning shaxsiy kabinetiga QR-kodli elektron xabarnoma yuboriladi.

Qulaylik uchun havola — http://my.gov.uz/uz/service/903

Ishsizlik nafaqasi miqdori va muddati 1 noyabrdan o‘zgaradi:

  • ▪️ Ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi.
  • ▪️ Nafaqa so‘nggi 5 yil ichida kamida 18 oy ishlagan shaxslarga beriladi.
  • ▪️ Ariza mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin 6 oy ichida topshirilishi kerak.
  • ▪️ Nafaqa oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi asosida 3 oy davomida to‘lanadi.

To‘lov tartibi:

  • ▪️ 1-oyda o‘rtacha ish haqining 75 foizi, lekin eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan oshmagan miqdorda.
  • ▪️ 2- va 3-oylarda o‘rtacha ish haqining 50 foizi, lekin eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan oshmagan miqdorda.

Takroran belgilash tartibi: dastlabki nafaqa muddati tugagach, qayta olish uchun kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.