Hozirda repititorlik xizmatlarini ko‘rsatish sohasi anchagina rivojlandi. Ushbu sohada o‘quv markazlari tashkil etgan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari ham bisyor. Lekin bu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxs ochish yoki YaTT sifatida ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritish qo‘shimcha soliq majburiyatlarini keltirib chiqaradi.
Shaxs o‘zini-o‘zi band qilgan fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tib, bunday faoliyat bilan shug‘ullanadigan bo‘lsa, undan olingan daromad qonuniy ravishda soliqdan ozod qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 4742 – son qarori 1 – ilovasida o‘zini o‘zi band qilganlik yuzasidan ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘lgan mashg‘ulotlar ro‘yxati orasida Uyda yoki davlat ta’lim muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlari xonalarida repetitorlik qilish — bolalar va kattalar bilan ta’lim fanlari bo‘yicha yakka tartibda hamda guruh bo‘lib mashg‘ulotlar o‘tkazish ham qayd etilgan.
Shunga ko‘ra, repititor bu faoliyat bilan o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida shug‘ullanishi mumkin.
Ushbu faoliyatdan olayotgan daromadni qonuniylashtirish va soliq to‘lashdan qonuniy usulda qochish uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish kifoya.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 16-bandiga ko‘ra o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat staji hisoblanishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.
Demak, repititor o‘zi uchun ish staji kerak bo‘lsagina yilda bir marta BXM 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi xolos.
Asosiysi Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
Shunday ekan siz ham hududiy soliq organidan yoki soliquz ilovasidan ro‘yxatdan o‘tib, shu faoliyat bilan shug‘ullanishingiz mumkin.