Suvni isrof qilganlik uchun javobgarlik bor
Hozirda koʻplab fuqarolar tomonidan suvni isrof qilgan holatlarga va suvdan foydalanish qoidalari qoʻpol ravishda buzilayotganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. “Hech kim bilmaydi, suvdan istagancha va istalgan tartibda foydalanishimiz mumkin” qabilidagi odamlar koʻpayib bormoqda.
Ammo, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida” gi Qonunga muvofiq suv yetkazib berganlik va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun haq toʻlash — suv taʼminoti tashkilotlari (suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalari va boshqalar) tomonidan koʻrsatiladigan suv yetkazib berish boʻyicha xizmatlar (bundan suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan, qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv yetkazib berish xizmatlari mustasno) va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari (suv xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, suvni boshqarish va hisobga olish vositalaridan foydalanishda koʻmaklashish) uchun shartnoma asosida toʻlovlarni amalga oshirishdir.
Mazkur Qonunning 18²-moddasiga binoan suv isteʼmolchilari uyushmalari asosan gidrografiya prinsipiga yoki suv resurslarini oqilona boshqarish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan boshqa shartlarga muvofiq tashkil etiladi.
Suv isteʼmolchilari uyushmasi va uning xizmat koʻrsatish zonasida joylashgan aʼzolari, shuningdek boshqa suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari hamda oʻzga yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi suvga doir munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinadi.
“Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi Vazirlar Mahkamasi qarorining 59-bandiga koʻra suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibini buzganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar.
Mazkur qarorning 60-bandiga binoan suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga nisbatan ular tomonidan qishloq xoʻjaligi, baliqchilik xoʻjaligi, sanoat, energetika va kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish tartibi buzilgan taqdirda:
➖ suv isteʼmolchilari tomonidan limitdan ortiqcha suv olinganligi uchun — limitdan ortiqcha olingan har ming kub metr suv uchun — belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
➖ suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamasdan suv olish suv olishga ruxsat etilmagan joylardan, shuningdek, shartnoma tuzmasdan suv olganlik uchun — olingan har ming kubometr suv uchun — belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida;
➖ suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olganlik yoki suvdan foydalanganlik uchun — olingan har ming kubometr suv uchun — belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 40 foizi miqdorida jarima sanksiyalari qoʻllaniladi.
Demak, yuqoridagi normalardan shuni tushunish mumkinki, suvdan meʼyordan ortiqcha foydalangandan tortib undan maxsus ruxsatnomasiz foydalansa ham tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin ekan.