TIEK xulosasi bo‘lmasa, bir yo‘la nafaqa to‘lanmaydimi?
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida xodimning sog‘lig‘iga zarar yetkazilsa, ish beruvchi zimmasida bir qator majburiyatlar yuzaga keladi. Biroq amaliyotda mazkur majburiyatlarning har biri uchun qanday hujjat talab qilinishi, ayniqsa Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi xulosasi bir yo‘la nafaqa to‘lashning majburiy sharti hisoblanishi yoki hisoblanmasligi yuzasidan turlicha yondashuvlar uchramoqda.
Bunday muammo 2-1106-2604/5854-sonli fuqarolik ishida ham yuzaga kelgan. Ish hujjatlariga ko‘ra, xodim 2019-yil 23-sentabrda mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtda tan jarohati olgan. Hodisa korxona tomonidan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa sifatida tan olinib, 2019-yil 26-sentabrda N-1 shaklidagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan. Shunga qaramay, xodimga sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar munosabati bilan bir yo‘la nafaqa to‘lanmagan.
Xodim 2025-yilda ish beruvchiga yozma ravishda murojaat qilib, bir yo‘la nafaqani to‘lashni so‘ragan. Ish beruvchi esa Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) tomonidan kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi belgilanmaganini ko‘rsatib, talabni rad etgan. Nizo sudga olib chiqilgach, birinchi instansiya sudi ham TIEK xulosasi mavjud emasligini asosiy sabab sifatida qabul qilib, da’vo talablarini qanoatlantirishni rad etgan.
Bir qarashda, sudning yondashuvi mantiqli ko‘rinadi. Chunki Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-son qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarning 6-bandida mehnat jarohati tufayli kasbiy mehnat layoqatining yo‘qotilish darajasi TIEK tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan. Qoidalarning 35-bandida esa zararni to‘lash haqidagi arizaga kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi to‘g‘risidagi xulosa ilova qilinishi ko‘rsatilgan.
Ammo ushbu normalarni qo‘llashdan oldin bir masalaga aniqlik kiritish talab etiladi. Mehnat kodeksida sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplashning bir yo‘la nafaqa, yo‘qotilgan ish haqi uchun oylik to‘lov hamda qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish kabi bir-biridan farq qiluvchi shakllari nazarda tutilgan. TIEK xulosasi bu to‘lovlarning barchasi uchun bir xil huquqiy vazifani bajaradimi? Yoki u faqat kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasiga qarab hisoblanadigan to‘lovlarga taalluqlimi?
Nizoni apellyatsiya bosqichida ko‘rish jarayonida javobgar vakiliga berilgan beshta savol aynan shu masalani aniqlashtirishga qaratilgan edi. Ushbu savollarga ketma-ket javob berish N-1 dalolatnomasi bilan TIEK xulosasining huquqiy vazifasini, bir yo‘la nafaqa bilan oylik zarar to‘lovi o‘rtasidagi farqni hamda TIEK xulosasi mavjud emasligining haqiqiy oqibatini tushunish imkonini beradi.
1. Bir yo‘la nafaqa to‘lash uchun asos nima?
Masalani TIEK xulosasidan emas, bir yo‘la nafaqa olish huquqi qaysi holatdan kelib chiqishini aniqlashdan boshlash kerak.
Mehnat kodeksining 321-moddasiga ko‘ra, xodimning sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lish yoki kasb kasalligi tufayli ziyon yetkazilgan bo‘lsa, ish beruvchi, basharti ziyon o‘zining aybi bilan yetkazilmaganini isbotlay olmasa, uning o‘rnini qoplashi shart. Demak, ish beruvchining majburiyati uchun xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi, bu ziyonning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liqligi va ish beruvchining javobgarligi asos bo‘ladi.
Mehnat kodeksining 322-moddasi ushbu majburiyat doirasida amalga oshiriladigan to‘lovlarni uch turga ajratadi. Bular xodimga bir yo‘la nafaqa to‘lash, yo‘qotilgan ish haqi uchun har oylik to‘lovlarni amalga oshirish va qo‘shimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishdan iborat. Mazkur to‘lovlar bir umumiy hodisa, ya’ni xodimning sog‘lig‘iga mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda ziyon yetkazilganidan kelib chiqadi. Biroq ularning miqdorini aniqlash tartibi va talab qilinadigan dalillar bir xil emas.
Bir yo‘la nafaqa miqdori Mehnat kodeksining 323-moddasida alohida tartibga solingan. Unga ko‘ra, nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, jamoa shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi. Har qanday holatda ham uning miqdori jabrlangan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan bir yillik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Shunga o‘xshash qoida Vazirlar Mahkamasining 60-son qaror bilan tasdiqlangan Qoidalarning 25-bandida ham mustahkamlangan. Mazkur bandda yo‘qotilgan ish haqini to‘lash va zararni qoplashning boshqa turlaridan tashqari, ish beruvchi jabrlanuvchiga bir yo‘la nafaqa to‘lashi belgilangan. Norma tuzilishidan ham bir yo‘la nafaqa yo‘qotilgan ish haqini qoplashdan alohida to‘lov ekani ko‘rinadi.
Oliy sud Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 18-son qarorida ham bir yo‘la nafaqa mustaqil talab sifatida qaraladi. Qarorning 2-bandida xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni qoplash haqidagi nizolar bilan bir qatorda, bir yo‘la nafaqani to‘lash haqidagi nizolar alohida ko‘rsatilgan. Plenum qarorining 12-bandida esa sud bunday nizolarni ko‘rishda jamoa shartnomasini, u mavjud bo‘lmasa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvni talab qilib olishi lozimligi tushuntirilgan.
Shunday ekan, bir yo‘la nafaqa to‘lash uchun dastlabki huquqiy asos xodimning kasbiy mehnat layoqati necha foizga yo‘qotilgani emas, uning sog‘lig‘iga mehnat faoliyati bilan bog‘liq holda ziyon yetkazilganidir. Kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi keyingi bosqichda ayrim zarar to‘lovlarini hisoblash uchun ahamiyat kasb etishi mumkin. Ammo u ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisaning o‘rnini bosmaydi va hodisani ishlab chiqarish bilan bog‘liq deb e’tirof etuvchi hujjat hisoblanmaydi.
Bunda Qoidalarning 4-bandi ham muhim ahamiyatga ega. Mazkur bandga ko‘ra, quyidagi hujjatlar mehnat jarohati uchun ish beruvchining aybdorligini yoki javobgarligini isbotlovchi dalil bo‘lishi mumkin:
| № | Asoslar |
|---|---|
| 1 | baxtsiz hodisani maxsus tekshirish dalolatnomasi; |
| 2 | baxtsiz hodisa va ishlab chiqarishda sog‘liqqa yetkazilgan boshqa xil shikastlar to‘g‘risidagi dalolatnoma; |
| 3 | sud qarori; |
| 4 | mehnatni muhofaza qilish va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, sog‘liqqa yetkazilgan zarar sabablarini nazorat qilishni amalga oshiruvchi davlat mehnat texnika inspektori yoxud boshqa mansabdor shaxslar yoki organlarning xulosasi; |
| 5 | kasb kasalligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa; |
| 6 | aybdor shaxslarga ma’muriy yoki intizomiy jazo berish to‘g‘risidagi qaror; |
| 7 | kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakolatli organi qarori. |
Ushbu ishda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa sodir bo‘lganligi taraflar o‘rtasida nizoli bo‘lmagan. Hodisa N-1 shaklidagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan, ish beruvchi ham xodim ishlab chiqarishda jarohat olganini inkor etmagan. Qoidalarning 4-bandiga ko‘ra, bunday dalolatnoma mehnat jarohati uchun ish beruvchining aybdorligi yoki javobgarligini tasdiqlovchi dalillardan biri hisoblanadi.
N-1 dalolatnomasi mavjudligi da’vo o‘z-o‘zidan qanoatlantirilishi kerakligini anglatmaydi. Sud dalolatnoma mazmunini, hodisaning kelib chiqish sabablarini va taraflarning javobgarligiga ta’sir qiluvchi boshqa holatlarni baholashi lozim. Biroq sud bir yo‘la nafaqa talabini ko‘rishda, avvalo, hodisaning ishlab chiqarish bilan bog‘liqligi va sog‘liqqa ziyon yetkazilganligi masalasiga huquqiy baho berishi kerak. TIEK xulosasi mavjud emasligi esa ushbu faktlarni bevosita inkor qilmaydi.
TIEK xulosasi qanday vazifani bajarishi esa keyingi savol doirasida aniqlashtirilishi lozim.
2. TIEK xulosasi nimani tasdiqlaydi?
Ikkinchi savolga javob berishda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisani tasdiqlovchi hujjat bilan uning xodim sog‘lig‘iga yetkazgan oqibatlarini baholovchi hujjatni bir-biridan ajratish kerak.
Qoidalarning 6-bandiga ko‘ra, mehnat jarohati tufayli kasbiy mehnat layoqatining yo‘qotilish darajasi TIEK tomonidan belgilanadi. Asoslar mavjud bo‘lsa, TIEK nogironlik guruhini hamda jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligini ham aniqlaydi.
Normaning mazmunidan TIEKning vazifasi baxtsiz hodisa sodir bo‘lganligini aniqlash emasligi ko‘rinadi. TIEK hodisaning ishlab chiqarish bilan bog‘liqligi, uning kelib chiqish sabablari yoki ish beruvchining aybdorligi masalalariga huquqiy baho bermaydi. Bu holatlar N-1 shaklidagi dalolatnoma, baxtsiz hodisani maxsus tekshirish hujjatlari va boshqa dalillar orqali aniqlanadi.
Soddaroq aytganda, N-1 dalolatnomasi xodim qachon, qayerda va qanday vaziyatda jarohat olgani hamda hodisaning ishlab chiqarish bilan bog‘liqligi haqidagi savollarga javob beradi. TIEK xulosasi esa ushbu jarohat xodimning kasbiy mehnat qobiliyatiga qanchalik ta’sir qilgani, mehnat qobiliyati necha foizga va qancha muddatga yo‘qotilgani haqidagi savollarga javob beradi.
TIEK xulosasining qaysi to‘lov uchun zarur ekanini Mehnat kodeksining normalari yanada aniqroq ko‘rsatadi. Mehnat kodeksining 324-moddasiga ko‘ra, sog‘liqqa ziyon yetkazilishi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar xodimning o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan kasbiy mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi darajasiga muvofiq foizda belgilanadi. Kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilish darajasi esa TIEK tomonidan aniqlanadi.
Oliy sud Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 18-son qarorida ham sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash shakllari alohida ko‘rsatilgan. Qarorning 9-bandida kasbiy mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi darajasiga qarab belgilanadigan zarar to‘lovi, qo‘shimcha xarajatlar va bir yo‘la nafaqa bir-biridan farqlangan. Qarorning 10-bandidagi TIEK tomonidan belgilangan foizga oid tushuntirish esa yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan to‘lov miqdoriga taalluqlidir.
Shuning uchun TIEK xulosasi xodimning sog‘lig‘iga umuman ziyon yetkazilganligini emas, ushbu ziyon oqibatida uning kasbiy mehnat qobiliyati qay darajada kamayganligini tasdiqlaydi. Shuningdek, xodimning davolanish, protezlash, parvarish, sanatoriy-kurort muolajasi yoki boshqa qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi masalasida ham TIEK xulosasi huquqiy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Mazkur ishda baxtsiz hodisaning sodir bo‘lganligi va uning ishlab chiqarish bilan bog‘liqligi N-1 shaklidagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan. Javobgar ham xodim ishlab chiqarishda jarohat olganini inkor etmagan. Shunday holatda TIEK xulosasining mavjud emasligi N-1 dalolatnomasida qayd etilgan hodisani yoki xodimning tan jarohati olganligini rad etuvchi dalil sifatida baholanishi mumkin emas.
Biroq bundan TIEK xulosasi nizoni hal qilishda umuman ahamiyatga ega emas, degan xulosa kelib chiqmaydi. Qoidalarning 35-bandida zararni to‘lash haqidagi arizaga TIEK xulosasi ilova qilinishi nazarda tutilgan. Masala ushbu talabni zararni qoplashning barcha shakllariga bir xil tatbiq etish mumkinmi yoki har bir to‘lovning xususiyatidan kelib chiqib baholash kerakmi, degan huquqiy savoldan iborat.
3. TIEK xulosasida 5 yoki 60 foiz belgilanishi bir yo‘la nafaqaga ta’sir qiladimi?
Sud muhokamasida javobgar vakiliga berilgan uchinchi savol masalaning asosiy farqini ochib berdi: agar TIEK xulosasida xodim kasbiy mehnat qobiliyatining 5 foizini yoki 60 foizini yo‘qotgani ko‘rsatilsa, bu bir yo‘la nafaqa miqdoriga qanday ta’sir qiladi?
Kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilish foizi oylik zarar to‘lovini hisoblashda bevosita qo‘llanadi. Masalan, xodimning o‘rtacha oylik ish haqi 5 million so‘m bo‘lsa, kasbiy mehnat qobiliyati 5 foizga yo‘qotilganda oylik to‘lov 250 ming so‘mni, 60 foizga yo‘qotilganda esa 3 million so‘mni tashkil etadi. Demak, TIEK belgilagan foiz o‘zgarsa, har oy to‘lanadigan yo‘qotilgan ish haqi miqdori ham o‘zgaradi.
Bir yo‘la nafaqa uchun esa qonunda boshqa mezon belgilangan. Mehnat kodeksining 323-moddasi va Qoidalarning 25-bandiga ko‘ra, ushbu nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, jamoa shartnomasi mavjud bo‘lmasa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi. Nafaqaning eng kam miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan bir yillik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Mazkur hisoblash tartibida kasbiy mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi foizi ko‘rsatilmagan. Xodim kasbiy mehnat qobiliyatining 5 foizini yoki 60 foizini yo‘qotganidan qat’i nazar, qonunda nazarda tutilgan bir yo‘la nafaqaning eng kam miqdori bir yillik ish haqi bilan bog‘langan. Jamoa shartnomasida bundan yuqori miqdor belgilanishi mumkin, lekin uni TIEK belgilagan foizga ko‘paytirish yoki shu foizga mutanosib ravishda kamaytirish tartibi qonunchilikda nazarda tutilmagan.
Qoidalarning 11-bandida ham zarar to‘lovining alohida shakllari qayd etilgan. Unda yo‘qotilgan ish haqi kasbiy mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi darajasiga muvofiq har oy to‘lanishi, zarur qo‘shimcha xarajatlar qoplanishi va belgilangan hollarda bir yo‘la nafaqa berilishi nazarda tutilgan. Banddagi kasbiy mehnat qobiliyati foiziga oid qoida aynan har oylik to‘lov miqdoriga taalluqli. Uni qo‘shimcha xarajatlar va bir yo‘la nafaqaga ham tatbiq etish normada bir-biridan ajratilgan to‘lovlarni yagona hisoblash tartibiga bo‘ysundirishga olib keladi.
Shu sababli ushbu ishni ko‘rishda sud faqat TIEK xulosasi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash bilan cheklanmasdan, korxonada hodisa sodir bo‘lgan davrda amal qilgan jamoa shartnomasini ham talab qilib olishi lozim edi. Chunki bir yo‘la nafaqaga oid talabning miqdorini aniqlashga xizmat qiladigan asosiy hujjatlardan biri aynan jamoa shartnomasidir.
4. TIEK xulosasi bo‘lmasligining huquqiy oqibati qanday?
Javobgar o‘z e’tirozida Qoidalarning 35-bandiga tayangan. Mazkur bandda zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizaga TIEKning kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi hamda tegishli hollarda jabrlanuvchining qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi haqidagi xulosasi ilova qilinishi belgilangan. Ushbu normaning matni umumiy tarzda bayon qilinganligi sababli, javobgarning vajini shunchaki asossiz deb chetga surib bo‘lmaydi.
Biroq 35-band Qoidalarning “Zararni to‘lash to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi” deb nomlangan V bobida joylashgan. Ya’ni mazkur norma, avvalo, ish beruvchiga beriladigan arizaga ilova qilinadigan hujjatlarni tartibga soladi. Unda TIEK xulosasi mavjud bo‘lmasa, sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplashning barcha shakllari, shu jumladan bir yo‘la nafaqa olish huquqi bekor bo‘lishi to‘g‘risida qoida mavjud emas.
Shu o‘rinda hujjatni arizaga ilova qilish talabi bilan ushbu hujjatning moddiy-huquqiy vazifasini farqlash zarur. TIEK xulosasi yo‘qotilgan ish haqi uchun oylik to‘lovni hisoblashda kasbiy mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi foizini aniqlashga xizmat qiladi. Qo‘shimcha xarajatlarni undirishda esa xodimning muayyan yordam turlariga muhtojligini tasdiqlaydi. Shuning uchun TIEK xulosasi mavjud bo‘lmasa, ushbu to‘lovlarning miqdorini aniqlash yoki ayrim xarajatlarning zarurligini isbotlash qiyinlashadi.
Qoidalarning 35-bandi 25-banddan ajratilgan holda talqin qilinsa, TIEK xulosasi bir yo‘la nafaqani olish uchun ham mutlaq shartga aylanadi. Bunday talqinda TIEK belgilaydigan kasbiy mehnat qobiliyati foizining bir yo‘la nafaqaga qanday ta’sir qilishi ochiq qoladi. Chunki Qoidalarning o‘zida ham, Mehnat kodeksida ham bir yo‘la nafaqani mazkur foiz asosida hisoblash tartibi nazarda tutilmagan.
Qoidalarning 32-bandi ham bu masalaga boshqa tomondan yondashish imkonini beradi. Unga ko‘ra, ish beruvchi xodimga zararni qoplash huquqi va murojaat qilish tartibini tushuntirishi, zarur hujjatlarni olishda ko‘maklashishi hamda tegishli hollarda ularni boshqa tashkilotlardan talab qilishi shart. Demak, hujjatning mavjud emasligi har doim ham arizani mazmunan rad etish uchun yetarli sabab emas. Avvalo, qaysi hujjat nima uchun zarurligi va uni olishda ish beruvchi o‘z majburiyatini bajargan yoki bajarmagani aniqlanishi kerak.
Ushbu ishda sud TIEK xulosasi yo‘qligining har bir talabga ta’sirini alohida baholamagan. Yo‘qotilgan ish haqi uchun oylik to‘lov, qo‘shimcha xarajatlar va bir yo‘la nafaqa bir-biridan farqlanishiga qaramay, ularning barchasi bitta sabab bilan rad etilgan.
Qoidalarning 50 va 53-bandlari ham sud xulosasini to‘liq asoslamaydi. Ushbu bandlarda kasbiy mehnat qobiliyati yo‘qotilgan kundan boshlab to‘lovlarni amalga oshirish, yo‘qotilgan ish haqini TIEK belgilagan muddat davomida va qo‘shimcha xarajatlarni ularga muhtojlik mavjud bo‘lgan davrda to‘lash tartibi belgilangan. Ularning mazmuni, asosan, oylik zarar to‘lovlari va qo‘shimcha xarajatlarga tegishli bo‘lib, bir yo‘la nafaqani hisoblash mezonini o‘zgartirmaydi.
5. Qanday holatda bir yo‘la nafaqa to‘lanmaydi?
Beshinchi savol hujjatning mavjud emasligi bilan huquqning mavjud emasligi o‘rtasidagi farqni ochib beradi. Bir yo‘la nafaqa TIEK xulosasi bo‘lmagani uchun emas, uni olish uchun qonunda belgilangan moddiy asoslar mavjud bo‘lmaganda to‘lanmasligi mumkin.
Avvalo, xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi va ushbu ziyon mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda kelib chiqqanligi tasdiqlanishi kerak. Agar hodisa ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmasa yoki xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilgani isbotlanmasa, ish beruvchida bir yo‘la nafaqa to‘lash majburiyati yuzaga kelmaydi.
Ikkinchidan, Mehnat kodeksining 321-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ziyon o‘zining aybi bilan yetkazilmaganini isbotlasa, umumiy qoida bo‘yicha javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. Bunda ish beruvchining aybsizligi taxminlarga emas, ishdagi dalillarga asoslanishi kerak. Xodimning ehtiyotsizligi qayd etilganining o‘zi ish beruvchining aybi yo‘qligini anglatmaydi. Sud mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilganini, xavfsiz mehnat sharoiti yaratilganini va hodisaning kelib chiqish sabablarini tekshirishi lozim.
Qoidalarning 5-bandiga ko‘ra, jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishiga yoki ko‘payishiga sabab bo‘lsa, to‘lov miqdori uning aybi darajasiga qarab kamaytirilishi mumkin. Biroq kamaytirish ellik foizdan oshmasligi kerak. Demak, qo‘pol ehtiyotsizlik aniqlangan taqdirda ham masala nafaqani butunlay bermaslik haqida emas, uning miqdorini kamaytirish haqida qo‘yiladi.
Demak, bir yo‘la nafaqani to‘lamaslik uchun TIEK xulosasining yo‘qligini ko‘rsatishning o‘zi yetarli emas. Ish beruvchi ishlab chiqarish bilan bog‘liq sog‘liq shikasti mavjud emasligini, zarar uchun javobgar emasligini yoki nafaqa avval to‘langanini isbotlashi lozim. Xodimning qo‘pol ehtiyotsizligi aniqlansa, bu to‘lovni to‘liq rad etishga emas, qonunchilikda belgilangan chegarada kamaytirishga sabab bo‘lishi mumkin.
Mazkur ishda esa ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa N-1 shaklidagi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan va xodimning jarohat olgani inkor etilmagan. Shunday sharoitda sud bir yo‘la nafaqa talabini rad etishdan oldin ish beruvchining javobgarligi, hodisaning kelib chiqish sabablari, xodimning ehtiyotsizligi darajasi, jamoa shartnomasi va nafaqa miqdoriga ta’sir qiladigan boshqa holatlarga huquqiy baho berishi kerak edi. TIEK xulosasining yo‘qligi ushbu masalalarning barchasiga javob bermaydi.
Apellyatsiya instansiyasi qanday xulosaga keldi?
Birinchi instansiya sudi da’vo talablarini rad etishda, asosan, xodimning kasbiy mehnat layoqati yo‘qotilganligi darajasi TIEK tomonidan belgilanmaganiga tayangan. Sud Oliy sud Plenumining 18-son qarori 10-bandini hamda Qoidalarning 6, 50 va 53-bandlarini keltirib, TIEK xulosasi bo‘lmagan sharoitda xodimga tegishli to‘lovlarni undirish uchun asos mavjud emas, degan xulosaga kelgan.
Bir yo‘la nafaqa, yo‘qotilgan ish haqi uchun oylik to‘lov va qo‘shimcha xarajatlarning har biri alohida huquqiy vazifani bajarishi, ularni hisoblash mezonlari ham bir-biridan farq qilishi e’tibordan chetda qolgan.
Apellyatsiya muhokamasida javobgar vakiliga berilgan yuqoridagi beshta savol va uning javobi asosida da’vogar vakili tomonidan berilgan tushuntirish aynan shu ziddiyatni ochib berdi.
Apellyatsiya instansiyasi mazkur vajlar bilan kelishdi. Birinchi instansiya sudi bir yo‘la nafaqaga bevosita taalluqli normalarni yetarlicha tahlil qilmagani hamda ish uchun ahamiyatli holatlarni to‘liq tekshirmagani e’tirof etildi. Shu tariqa javobgar vakiliga berilgan beshta savol oddiy savol-javob doirasidan chiqib, sud qo‘llagan normalar o‘rtasidagi nomuvofiqlikni ko‘rsatib berdi.
Xulosa sifatida aytish kerakki, 2-1106-2604/5854-sonli ish “TIEK xulosasi yo‘q ekan, bir yo‘la nafaqa ham to‘lanmaydi” degan umumiy xulosa notoʻgʻri ekanligini, sud Qoidalarning 25 va 35-bandlarini o‘zaro bog‘liq holda sharhlashi, TIEK xulosasi yo‘qligining har bir talabga ta’sirini alohida ko‘rsatishi hamda bir yo‘la nafaqani aniqlash uchun jamoa shartnomasini talab qilib olishi kerakligini koʻrsatdi va yaxshi bir amaliyotni shakllantirish uchun asosga aylandi.
Albatta, N-1 dalolatnomasi mavjudligining o‘zi har qanday talab qanoatlantirilishini anglatmaydi. Ish beruvchining javobgarligi, hodisaning sabablari, xodimning ehtiyotsizligi darajasi ham tekshiriladi. Biroq ushbu holatlarning o‘rnini TIEK xulosasi bosa olmaydi.
Mazkur ishda apellyatsiya instansiyasining shikoyat vajlariga qo‘shilgani ham aynan shuni ko‘rsatdi. Sud nizoni faqat bir hujjatning mavjud yoki mavjud emasligi bilan hal qilmasdan, har bir to‘lovning huquqiy tabiatini, uni hisoblash mezonlarini va tasdiqlovchi dalillarni alohida baholashi lozim.