Uy-joy sotib olishda iste’molchilar huquqlari

Uy-joy kompleksi sotib olishda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish alohida ahamiyat kasb etadi, chunki uy sotib olish insonlar uchun eng muhim moliyaviy bitimlardan biri hisoblanadi.

 Isteʼmolchilar uchun kafolatlar qurilishning sifati, muddatlarga rioya qilinishi va shartnomaning barcha shartlarini bajarish boʻyicha quruvchi-pudrat tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni oʻz ichiga oladi.

 Ammo, bugungi kunda “insofsiz” quruvchi-pudrat tashkilotlari tomonidan obyektlarni topshirishda kechiktirishlar, qurilish materiallari va ishlarning sifatsizligi kabi jiddiy xatar va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi kuzatilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan:

  • quruvchi-pudrat tashkilotlari ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
  • quruvchi-pudrat tashkilotlari shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqliligi;
  • quruvchi-pudrat tashkilotlari shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.

Iste’molchi ushbu yuqorida nazarda tutilgan huquqlarni:

  • ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda;
  • kafolat muddati davomida, kafolat muddati bo‘lmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan e’tiboran olti oy davomida;
  • import yoki boshqa ko‘chmas mulkda nuqsonlar aniqlangan kundan e’tiboran ikki yil davomida ro‘yobga chiqarishi mumkin.

Shunindek, quruvchi-pudrat tashkilotlari tomonidan ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qo‘yiladi. Bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida quruvchi-pudrat tashkilotlari tomonidan bartaraf etilishi kerak.

Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, quruvchi-pudrat tashkilotlari iste’molchi har bir kechiktirilgan kun uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.

Biroq, iste’molchi undirib olgan neustoyka (penya) summasi ish bajarish (xizmat ko‘rsatish)ning alohida turi bahosidan yoki buyurtmaning umumiy bahosidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Bajarilgan ishdagi nuqsonlarni bartaraf etish kechiktirilganligi uchun quruvchi-pudrat tashkilotlari to‘lagan neustoyka (penya) qoplanishi lozim bo‘lgan zarar hisobiga kirmaydi.

Quruvchi-pudrat tashkilotlarining majburiyatni umuman yoki lozim darajada bajarilmaganlik uchun neustoyka (penya) to‘lashi va zararni qoplashi uni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi.

Iste’molchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor bo‘lsa, haq to‘lashi lozim. Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan haq miqdorini sud belgilaydi.

Ma’naviy zarar uchun haq to‘lash mulkiy ziyon va iste’molchi ko‘rgan zararning o‘rni qoplanishidan qat’i nazar, amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1021 — 1022-moddalari.

Iste’molchilar o‘z huquq va manfaatlari buzilganligi yuzasidan, ularning huquq va manfaatini buzgan shaxsga talabnoma yuborish, shundan so‘ng, vakolatli organga murojaat qilish hamda sudlarga da’vo arizasi kiritish orqali huquq va manfaatlarini himoya qilishga haqli.

Iste’molchilar o‘z huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq da’volar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Ammo, sud tomonidan da’vo arizasi qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi
Yuridik ta’minlash bo‘limi
Bosh yuriskonsulti
Abdulhamidov Asilbek

Kontrgarantiya yoki kontrgarant nima?

Negator daʼvo nima?

Ogohlantirish muddati

Vindikatsiya nima?

Fuqarolik huquqida restitutsiya

Fuqarolik huquqida konvolidatsiya

Culpa in Contrahendo Doktrinasi

Kreditorlar huquqlarini himoya qilish usullari: ex ante va ex post control

Fuqarolik huquqida sinallagmatik shartnomalar

Fuqarolik huquqida eviksiya