Skip to main content

Vaxta usulida ishlash bu nima?

Vaxta usuli — bu xodimning doimiy yashash joyiga kunlik qaytishi imkonsiz boʻlgan holatlarda, ularning doimiy yashash joyidan tashqarida mehnat faoliyatini olib borishning alohida shaklidir. Bu usul, asosan, ishlab chiqarish obyektlarini yoki ijtimoiy inshootlarni qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, hamda aholi yashamaydigan yoki alohida tabiiy sharoitlarga ega boʻlgan hududlarda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishda qoʻllaniladi.

Agar ish joyi xodimning doimiy yashash manzilidan ancha uzoqda joylashgan boʻlsa va u har kuni uyiga qayta olmasa, bu ish vaxta usulida bajariladi. Ammo agar xodim har kuni doimiy yashash joyiga qaytish imkoniyatiga ega boʻlsa, bunday ish vaxta usulida ishlash deb hisoblanmaydi.

Vaxta usulida ishlovchi xodimlar vaqtincha yashash uchun ish beruvchi tomonidan tashkil etilgan va moliyalashtirilgan turar joylar – yaʼni, vaxta shaharchalari yoki maxsus yotoqxonalarda yashaydi. Ushbu joylarda ularning ishlash jarayonidagi hayot faoliyati va smenalar oʻrtasidagi dam olishlari taʼminlanadi.

Vaxta usulida ishlash tartibi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Kimlar vaxta usulida ishlashga jalb qilinmaydi?

Quyidagi shaxslar vaxta usulida ishlashga jalb etilishi taqiqlanadi:

  • ➖18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
  • ➖Homilador ayollar;
  • ➖3 yoshgacha boʻlgan bolani parvarishlayotgan ota-onalardan biri (yoki vasiy);
  • ➖Tibbiy xulosaga koʻra bunday ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslar.

Vaxta davomiyligi va tartibi

Vaxta davri – bu xodimning ish bajarish joyida boʻlishi va smenalar oʻrtasidagi dam olishni oʻz ichiga olgan umumiy muddatdir. Odatda vaxta davomiyligi bir oydan oshmasligi kerak. Ammo jamoa kelishuvida alohida hollarda, ayrim obyektlar uchun bu muddat uch oyga qadar uzaytirilishi mumkin.

Ish vaqti bir oy, chorak yoki boshqa muddat uchun jamlab hisoblanadi, lekin bu muddat 12 oydan oshmasligi lozim.

Hisobga olish davriga quyidagilar kiradi:

  • ➖Xodimning vaxta davomida ishlagan vaqti;
  • ➖Ish joyiga borish va qaytishda yoʻlda boʻlgan vaqt;
  • ➖Kalendar boʻyicha toʻgʻri kelgan dam olish kunlari.

Ish va dam olish vaqtini hisobga olish tartibi kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda belgilangan jadval asosida amalga oshiriladi. Ushbu jadval ikki oydan kechiktirmay xodimlarga yetkazilishi shart.

Jadvalda quyidagilar koʻzda tutiladi:

  • ➖Hisobga olish davrining davomiyligi;
  • ➖Ish joyiga borish va qaytishda sarflanadigan vaqt (bu kunlar ish vaqtiga kiritilmaydi);
  • ➖Har kunlik ish soati davomiyligi (maksimal – 12 soat);
  • ➖Kunlik dam olish va ovqatlanish tanaffuslari. 8 soatdan ortiq smenalarda ikki tanaffus boʻlishi shart;
  • ➖Har kunlik (smenalar oʻrtasidagi) dam olish – kamida 12 soat;
  • ➖Haftalik dam olish kunlari (iloji boʻlsa);
  • ➖Vaxta oraligʻidagi dam olish kunlari – jadvalda koʻrsatilgan ortiqcha ishlangan soatlarga mos ravishda belgilanadigan otgul kunlari.

Ortib qolgan soatlar yil davomida yigʻilib boradi va ular toʻliq ish kuniga tenglashgach, vaxta oraligʻida qoʻshimcha dam olish kunlari beriladi.

Yillik mehnat taʼtili

Vaxta usulida ishlovchi xodimlarga yillik mehnat taʼtili, ular vaxta oraligʻidagi dam olish kunlaridan foydalanib boʻlganidan keyin berilishi kerak. Agar taʼtil muddati vaxta oraligʻidagi dam olish kunlariga toʻgʻri kelsa, ish beruvchi xodim roziligi bilan:

  • ➖uni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazishi;
  • ➖unga ish haqi saqlanmagan holda qoʻshimcha taʼtil berishi;
  • ➖boshqa smenaga oʻtkazishi mumkin.
Mehnatga haq toʻlash tartibi

Vaxta usulida ishlovchi xodimlarga mehnat haqi quyidagicha belgilanadi:

  • ➖Ishbay ishlovchilarga – bajarilgan ish hajmiga muvofiq shartnoma asosida;
  • ➖Vaqtbay ishlovchilarga – ishlab berilgan soatlarga qarab tarif stavkalariga binoan.

Quyidagi toʻlovlar ham amalga oshiriladi:

  • ➖Vaxta davomida bajarilgan ish uchun haq;
  • ➖Vaxta oraligʻida ortiqcha ishlangan soatlar uchun berilgan dam olish kunlariga haq;
  • ➖Vaxta usulida ishlaganlik uchun ustama;
  • ➖Qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar.
Ustama va kompensatsiyalar

Xodimlar quyidagi holatlar uchun ustama oladi:

  • ➖Ish joyida har bir kalendar kun uchun;
  • ➖Ish joyiga borish va qaytish yoʻlida sarflangan kunlar uchun.

Budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlariga vaxta davrida ishlarni bajarish joylarida boʻlgan har bir kalendar kun uchun, shuningdek, ish beruvchining joylashgan joyidan (yigʻilish punktidan) ish joyigacha borish va orqaga qaytish chogʻida yoʻldagi haqiqiy kunlar uchun bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 0,1 koeffitsiyent miqdorida ustama toʻlanadi.

Boshqa hollarda esa bu miqdor kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Categories: Mehnat huquqi