
Virtual mulk nima?
Raqamli iqtisodiyotda o‘yin ichidagi buyumlar, NFT, kripto-aktivlar, hatto metaverse (metaolam)dagi “yer” va “inshootlar” muomalaga kirib, real pulga sotilmoqda. Biroq ularning huquqiy tabiatini an’anaviy mol-mulk yoki intellektual mulk doirasida to‘liq tushuntirib bo‘lmaydi. Shu bois bunday obyektlar ko‘p olimlar tomonidan sui generis — ya’ni o‘ziga xos, alohida huquqiy obyekt sifatida talqin qilinmoqda. Maqolada “virtual mulk”ning mohiyati, nega klassik mulk triadasi (egalik–foydalanish–tasarruf etish) unga to‘liq mos kelmasligi sodda tilda tushuntiriladi.
Virtual mulk — bu faqat raqamli muhitda mavjud bo‘ladigan, lekin haqiqiy iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan obyektlar. Masalan:
- ▪️ onlayn o‘yinlardagi predmetlar va “skin”lar;
- ▪️ NFT (unique tokenlar) va raqamli san’at asarlari;
- ▪️ kripto-aktivlar;
- ▪️ raqamli identifikatorlar;
- ▪️ metaolamdagi “yer” bo‘laklari yoki virtual do‘konlar.
Ularni qo‘lingizga olib bo‘lmaydi, lekin ular uchun real pul to‘lanadi, ular sotiladi. Demak, bu obyektlar fuqarolik muomalasiga allaqachon kirib bo‘lgan.
Nega ularni “oddiy mulk” deyish qiyin?
Klassik mulk huquqida uch asosiy element bor: egalik, foydalanish, tasarruf etish. Virtual olamga kelsak:
- 1. Egalik — amalda akkauntingiz va kirish huquqingiz bilan belgilanadi (login-parol, hamyon manzili). Server o‘chsa yoki akkauntingiz bloklansa, “egalik” ham yo‘qoladi.
- 2. Foydalanish — platforma va dastur qoidalari bilan cheklanadi (EULA, foydalanish siyosatlari). Ya’ni “o‘zim bilganimcha foydalanaman” deyolmaysiz.
- 3. Tasarruf etish — odatda texnik va shartnomaviy cheklovlarga duch keladi: hamma narsani erkin sotib bo‘lmaydi, ayrim o‘yinlar hisobni yoki predmetni “bozor”ga chiqarishni taqiqlaydi.
Shuning uchun virtual obyektga klassik mulk huquqi triadasi to‘liq o‘tirmaydi. U ko‘proq “raqamli foydalanish huquqi”ga o‘xshaydi.
“Intellektual mulk” deyish ham to‘liq to‘g‘ri emas. Nega?
Virtual obyektlar odatda ijodiy mehnat (kod, dizayn, grafika) mahsuli. Lekin foydalanuvchi NFT yoki o‘yin buyumini sotib olganda, odatda mutlaq huquqlar o‘tmaydi, faqat cheklangan foydalanish huquqi olinadi. Natijada:
- ▪️ yaratuvchida mutlaq huquqi saqlanadi;
- ▪️ foydalanuvchi esa mahsulotdan belgilangan shartlar doirasida foydalanadi.
Demak, virtual obyekt intellektual mulkka yaqin, lekin u to‘liq intekkeltual mulk obyekti emas va ayni paytda u ashyoviy huquq ham emas.
Sui generis — o‘ziga xos alohida obyekt
“Sui generis” — “o‘z navida yagona” degan ma’noni ifodalovchi zamonaviy fuqarolik huquqiy doktorinasiga kirib kelgan terminlardan biri sanaladi. Uning g‘oyasi shuki, virtual mulkni mavjud toifalardan biriga zo‘rlab joylashtirmaymiz, aksincha, alohida huquqiy obyekt sifatida tan olamiz. Bu nimani beradi?
№ | Xusisusiyatlari | Izoh |
---|---|---|
1 | Aniq terminlar | “virtual egalik”, “raqamli tasarruf”, “token asosida mulkdorlikni isbotlash” kabi tushunchalar huquqiy maqomga ega bo‘ladi. |
2 | Himoya mexanizmlari | akkaunt bloklanganda yoki virtual aktiv “o‘g‘irlanganda” (masalan, hamyon xakerlar hujimiga uchraganda) foydalanuvchining huquqi qanday himoya qilinishi belgilab qo‘yiladi. |
3 | Adolatli platforma siyosati | foydalanuvchi-platforma shartnomalarida (EULA) bir tomonlama va nohaq shartlarga chek qo‘yiladi |
4 | Muomala aniqligi | sotish, garov, meros, hadya — bularning barchasi raqamli obyektlar uchun ham tushunarli huquqiy yo‘lga qo‘yiladi. |
Qisqasi, sui generis yondashuv — virtual mulkni “sun’iy ravishda” eski qoliplarga joylashtirmasdan, o‘zi uchun mos huquqiy rejim yaratishdir.
Metaolam (metaverse) nima va u yerda “mulk” qanday ishlaydi?
Metaolam — VR (Virtual reallik)/AR (Kengaytirilgan yoki qo‘shimcha reallik), 3D va internet texnologiyalari uyg‘unlashgan doimiy virtual makon. Unda:
- ▪️foydalanuvchilar avatarlar orqali ishlaydi, o‘qiydi, savdo qiladi, tadbir o‘tkazadi;
- ▪️virtual “yer”, “binolar”, do‘konlar sotuvi bo‘ladi;
- ▪️to‘lovlar ko‘pincha kripto orqali amalga oshadi;
- ▪️egalikni ko‘pincha NFT yoki boshqa tokenlar tasdiqlaydi.
Ammo metaolamdagi “ko‘chmas mulk” ham serverga bog‘liq, platforma qoidalariga bo‘ysunadi va konstitutsiyaviy mulk himoyasiga (klassik ma’noda) ega emas. Bu ham sui generis yondashuv zarurligini kuchaytiradi.
Virtual mulk — na oddiy ashyo, na sof intellektual mulk. U sui generis, o‘ziga xos huquqiy obyekt. O‘zbekistonda hozircha FK 169-moddasidagi “boshqa mol-mulk” doiraviy talqinidan foydalanish mumkin, lekin real yechim — maxsus, zamonaviy va aniq huquqiy rejim ishlab chiqish sanaladi. Bu fuqarolar huquqini himoya qiladi, biznesga aniqlik beradi, innovatsiyaga yo‘l ochadi.