2025-yildan chet tili sertifikati uchun 20 foiz ustama toʻlanadimi?
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda chet tili oʻqituvchilariga ustama haq toʻlash tartibi yuzasidan turli xil muhokamalar avj oldi. Xususan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab chet tili sertifikatiga ega boʻlgan oʻqituvchilarga ustama miqdori 50 foizdan 20 foizga tushirilishi haqidagi xabarlar pedagoglar orasida keskin munozaralarga sabab boʻlmoqda. Ushbu holat koʻplab oʻqituvchilarda tushunmovchilik va savollar uygʻotmoqda: sertifikatlar boʻyicha haqiqiy tartib qanday, va bu oʻzgarishlar qanday asoslanadi? Mazkur maqolada ushbu savollarga huquqiy meʼyorlar asosida javob berishga harakat qilamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 11.05.2022 yildagi PF-134-son Farmoni 9-bandi uchinchi xatboshisiga koʻra:
• xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida ustama toʻlanishi belgilangan.
Shunga koʻra, chet tili oʻqituvchisi xalqaro tan olingan sertifikatlardan birini olgan boʻlsa, bu sertifikat uchun uning amal qilish muddatiga yoki muddat koʻrsatilmagan boʻlsa 3 yil 50 foizlik ustama toʻlanadi.
Endi qarang! Ushbu qaror 9-bandning toʻrtinchi xatboshisiga koʻra:
• xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida.
Bunda, milliy baholash tizimining xalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli xalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Demak, aynan ushbu banddagi qoidaga mos shaklda olingan sertifikatga ham yuqoridagidek 50 foizlik ustama toʻlanadi.
Eʼtibor bering! Agar sertifikat toʻrtinchi xatboshida koʻrsatilgan talablarga muvofiq boʻlmagan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida chet tili boʻyicha olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik qoʻshimcha ustama:
• 2025 yil 1 yanvarga qadar — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
• 2025 yil 1 yanvardan boshlab — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida toʻlanadi.
Sertifikatlarning xalqaro tan olingan yoki milliy toifaga kirishi Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar Roʻyxatida belgilangan. Uning 3-bobida maktablarda ishlayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qoʻllaniladigan xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar Roʻyxati tasdiqlangan.
Ushbu roʻyxat bilan quyidagi havola orqali tanishib chiqish mumkin.
Xulosa qiladigan boʻlsak, chet tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat xalqaro tan olingan sertifikatlar toifasiga kirsa, unda bu sertifikat uchun 50 foiz ustama toʻlash davom etadi. Biroq sertifikat yuqoridagi meʼyorlarga mos kelmasa, unda 2025-yil 1-yanvardan boshlab ustama 20 foizga tushiriladi.