O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonunning 44-moddasiga asosan quyidagilar maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullana olmaydilar:
- muomalaga layoqasiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
- pedagogik faoliyatni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan shaxslar;
- qasddan jinoyatlar sodir etganligi uchun ilgari hukm qilingan shaxslar.
Shu bilan birga quyidagilar maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas:
- ilgari o‘zining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar;
- qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
- jinoyat ishlari aybdorligi to‘g‘risidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlar sodir etgan shaxslar.
Endi e’tibor beradigan bo‘lsak, Mehnat kodeksining 119-moddasida sudlanganligi, shu jumladan tugallangan va olib tashlangan sudlanganligi sababli shaxslarni ishga qabul qilmaslik, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi, shu jumladan tugallangan sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etilish sifatida baholanishi belgilangan.
Ammo, ta’lim va pedagogik soha bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga nisbatan alohida tartib o‘rnatilgani bois, ular ishga kirish vaqtida Mehnat kodeksining 124-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar qatorida sudlanganlik holatini aniqlashtiradigan hujjatlarni ham taqdim etishlari lozim.