Huquqiy tizimda yuridik shaxs tushunchasi muhim ahamiyatga ega boʻlib, u fuqarolik-huquqiy munosabatlar subyekti sifatida munosabatlarda qatnashadi. Anʼanaviy ravishda yuridik shaxslar davlat yoki nodavlat shaklida tashkil etiladi. Ammo amaliyotda ularga oʻxshash, biroq toʻliq yuridik maqomga ega boʻlmagan tashkilotlar ham faoliyat yuritmoqda. Bunday tuzilmalar “kvazi yuridik shaxslar” deb ataladi.
Kvazi yuridik shaxslar – toʻliq yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, ammo ayrim jihatlari bilan yuridik shaxslarga xos funksiyalarni bajaruvchi tuzilmalar hisoblanadi. Ular mustaqil ravishda huquq va majburiyatlarni amalga oshira olmasa-da, ayrim holatlarda huquqiy subyekt sifatida tan olinadi.
Kvazi yuridik shaxslar odatda muayyan davlat, iqtisodiy yoki ijtimoiy maqsadlarni amalga oshirish uchun tashkil etiladi. Ushbu subyektlarga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, saylov kompaniyalari, sunʼiy intellekt va avtomatlashtirilgan tizimlar misol boʻladi.
Kvazi yuridik shaxslarning asosiy xususiyatlari quyidagicha:
№ | Xususiyat | Tasnif |
---|---|---|
1 | Huquqiy mustaqillikning cheklanganligi | Ular yuridik shaxsga xos huquqiy belgilarning barchasiga ega emas |
2 | Maxsus vazifalar bilan chegaralanganlik | Faoliyati muayyan maqsadlar yoki vazifalar doirasida tashkil etiladi |
3 | Moliyaviy va maʼmuriy boshqaruv | Koʻpincha davlat yoki boshqa tashkilotlar tomonidan moliyaviy va maʼmuriy jihatdan nazorat qilinadi |
Kvazi yuridik shaxslarning huquqiy maqomi qanday?
Kvazi yuridik shaxslarning huquqiy maqomi turli mamlakatlarda farq qilishi mumkin. Ayrim mamlakatlarda ular qonuniy jihatdan aniq belgilangan boʻlsa, boshqalarda bu tushuncha faqat amaliyotda qoʻllaniladi. Quyida kvazi yuridik shaxslarning umumiy huquqiy xususiyatlari keltirilgan:
- Mol-mulkka egalik huquqi: Ular odatda mulkka toʻgʻridan-toʻgʻri egalik qilmaydi, ammo mulkni boshqarish yoki undan foyda olish huquqiga ega.
- Huquq va majburiyatlar doirasi: Kvazi yuridik shaxslarning vakolatlari faqat oʻz faoliyat maqsadlari bilan cheklangan.
- Masʼuliyat: Ularning majburiyatlari, odatda, tashkilot tuzuvchilariga yoki davlatga bogʻliq boʻladi.
Kvazi yuridik shaxslar zamonaviy huquqiy tizimning muhim elementi boʻlib, ular davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishda katta ahamiyatga ega. Ularning huquqiy maqomini aniq belgilash va faoliyatini tartibga solish ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.