Korporativ shartnomalarning huquqiy tartibga solinishi
Korporativ shartnoma – bu yuridik shaxs ishtirokchilari (aksiyadorlari) oʻrtasida tuziladigan, ularning korporativ huquqlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi kelishuv hisoblanadi. Bu shartnoma orqali ishtirokchilar kompaniyani boshqarish, ovoz berish, aksiyalarni sotib olish yoki sotish, foyda taqsimoti kabi masalalarni tartibga solishadi.
Bu shartnoma quyidagi muhim xususiyatlarga ega:
№ | Xususiyati | Tasnifi |
---|---|---|
1 | Huquqiy tabiatiga koʻra: | Fuqarolik-huquqiy shartnoma elementlari; |
Korporativ huquq elementlari; | ||
Majburiyat huquqi elementlarini oʻz ichiga oladi | ||
2 | Maqsadli yoʻnalishi: | Kompaniya boshqaruvini optimallashtirish; |
Ishtirokchilar manfaatlarini muvozanatlashtirish; | ||
Korporativ nizolarning oldini olish hisoblanadi. | ||
3 | Amaliy ahamiyati: | Kompaniya faoliyatini barqarorlashtirish; |
Investitsion jozibadorlikni oshirish; | ||
Korporativ boshqaruvni takomillashtirishda namoyon boʻladi. |
Huquqiy maqomi. Garchi hozirgi kunda milliy qonunchiligimizda ushbu shartnoma toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga solinmagan boʻlsa-da, uning huquqiy maqomini belgilashning yuridik asoslari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi hamda Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisidagi qonunlari bilan tartibga solinadi. Bu shartnoma fuqarolik-huquqiy shartnoma sifatida tan olinadi va uning bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Korporativ shartnomaning predmeti boshqa fuqarolik-huquqiy yoki korporativ shartnomalardan farqlanadi. Ushbu shartnomaning predmeti ham korporativ, ham mulkiy munosabatlarni qamrab oladi.
Xususan, Korporativ boshqaruv masalalari: strategik qarorlar qabul qilish tartibini, boshqaruv organlarini shakllantirish, ovoz berish tartib-qoidalari va nazorat mexanizmlarini oʻz ichiga oladi.
Shartnoma predmetining mulkiy munosabatlari: dividend siyosatini belgilash, aksiyalarni/ulushlarni sotish shartlari, investitsiya kiritish majburiyatlari hamda foydani taqsimlash tartibini belgilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, shartnoma predmeti raqobat masalalarini (raqobat qilmaslik majburiyatlari, manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish, bozordagi xulq-atvor qoidalari), shu bilan birga kadrlar siyosatiga oid (asosiy mansabdor shaxslarni tayinlash va ularni lavozimidan ozod qilish) masalalarni ham qamrab olishi mumkin.
Xulosa qiladigan boʻlsak, shartnoma predmeti quyidagilarni:
- Ishtirokchilarning ovoz berish tartibi va majburiyatlari;
- Kompaniya boshqaruvida ishtirok etish shartlari;
- Aksiyalarni sotish yoki sotib olish tartibi;
- Dividend siyosati;
- Kompaniya faoliyatining strategik yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi.
Shartnoma taraflari:
1 | Aksiyadorlar/ishtirokchilar | yirik aksiyadorlar, minoritar aksiyadorlar, imtiyozli aksiyadorlar |
2 | Kompaniya boshqaruv organlari vakillari | taftish komissiyasi, kuzatuv kengashi, ijro organi. |
Korporativ shartnomalarda taraflarning huquq va majburiyatlari shartnoma predmetidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda taraflarning:
a) boshqaruvga oid huquqlari: ovoz berish huquqi, nomzod koʻrsatish huquqi, maslahat berish huquqi, veto huquqi;
b) mulkiy huquqlar: dividend olish huquqi, ulushni sotish huquqi, qoʻshimcha emissiyada ishtirok etish, kompaniya mulkidan foydalanish va boshqalarga oid huquqlari mavjud.
Shu bilan birgalikda taraflar oʻz zimmasiga oladigan majburiyatlar ham 2 guruhga boʻlinishi alohida eʼtiborga molik masala sanaladi. Jumladan, faol va passiv majburiyatlar.
Faol majburiyatlarga: investitsiya kiritish, ovoz berish, maʼlumot taqdim etish, hisobot berish kabilar;
Passiv majburiyatlarga esa: konfidensiallikni saqlash, raqobat qilmaslik, manfaatlar toʻqnashuvidan saqlanish kabi majburiyatlarni misol qilish mumkin.
Korporativ shartnomalarning turlari.
Aksiyadorlar oʻrtasidagi shartnomalar. Bu shartnomalar aksiyadorlarning oʻzaro munosabatlarini tartibga soladi. Masalan, ovoz berish tartibi, aksiyalarni sotib olish yoki sotish shartlari.
Taʼsischilar oʻrtasidagi shartnomalar. Kompaniya tashkilotchilari oʻrtasidagi shartnomalar, odatda, boshlangʻich bosqichdagi kapital va boshqaruv masalalarini tartibga soladi.
Kompaniya boshqaruvi bilan tuzilgan shartnomalar. Bunday shartnomalar boshqaruv organlari (masalan, direktorlar kengashi) va kompaniya oʻrtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soladi.
Investitsion shartnomalar. Investitsiya jarayonida tuziladigan ushbu shartnomalar investorlar va kompaniya oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Masalan, investitsiyalarning hajmi va qaytarilish muddati.