Redomitsilyatsiya nima?
Globallashuv jarayonlari va xalqaro biznes muhitining jadal rivojlanishi sharoitida redomitsilyatsiya masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Redomitsilyatsiya global biznes muhitida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda, chunki u kompaniyalarga oʻz faoliyatini qulayroq sharoitlarda davom ettirish imkonini beradi. Masalan, 2022-yilda Rossiyaga qarshi Gʻarb sanksiyalari kuchga kirgandan soʻng, Rossiyada faoliyat yurituvchi, ammo xorijda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar uchun vaziyat murakkablashdi.
Redomitsilyatsiya – bu kompaniyaning huquqiy adresini bir yurisdiksiyadan boshqa biriga oʻtkazish jarayonidir. Boshqacha aytganda redomitsilyatsiya – bu yuridik shaxsning oʻz yuridik manzilini bir davlatdan boshqa davlatga oʻtkazish jarayoni boʻlib, bu jarayon kompaniyaning huquqiy shaxs maqomini saqlab qolgan holda amalga oshiriladi.
Bu soʻz lotin tilidan kelib chiqqan boʻlib, domicilium — “yashash joyi”, re esa — “qayta” degan maʼnoni anglatadi. Redomitsilyatsiyani toʻgʻridan-toʻgʻri tarjima qilinganda, yashash joyini yangilash yoki oʻzgartirish sifatida tushunish mumkin.
Bu jarayon davomida kompaniya bir yurisdiksiyadan boshqasiga oʻtadi, biroq uning mol-mulki, majburiyatlari va shartnomaviy munosabatlari saqlanib qoladi. Bu jarayon koʻpincha xalqaro kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi va quyidagi maqsadlarni koʻzlaydi:
- Qulayroq soliq rejimidan foydalanish;
- Yangi bozorlarga kirish;
- Qonunchilikning moslashuvchanligi yoki xavfsizroq huquqiy muhitga intilish.
Redomitsilyatsiya jarayonida jihatlar saqlanib qoladi:
- tashkiliy-huquqiy shakli (masalan, MChJ yoki AJ);
- korxona va menejment tuzilmasi;
- aktivlar tarkibi;
- mavjud majburiyatlar.
Redomitsilyatsiya kompaniyaning faoliyatini tugatish va qayta roʻyxatdan oʻtkazishga qaraganda ancha qulayroq usul hisoblanadi. Redomitsilyatsiyani tartibga soluvchi qoidalar davlatlar oʻrtasida sezilarli darajada farq qiladi. Baʼzi davlatlar bunday jarayonni qoʻllab-quvvatlaydi, boshqalari esa umuman tan olmaydi. Hozirda Oʻzbekiston qonunchiligida redomitsilyatsiya uchun maxsus normativ asos mavjud emas, ammo xorijiy davlatlarda bu jarayon keng qoʻllaniladi. Masalan, BAA, Kipr, Malta kabi davlatlar redomitsilyatsiya jarayonini soddalashtirgan maxsus huquqiy mexanizmlarni taklif etadi.
Nima uchun kompaniyalar redomitsilyatsiyani amalga oshiradi?
Kompaniyalar roʻyxatdan oʻtish joyini tanlashda odatda soliq yuki minimal boʻlgan yoki qulay qonunchilikka ega boʻlgan davlatlarni tanlaydi. Ammo vaqt oʻtishi bilan bu shartlar oʻzgarishi mumkin. Buning bir nechta sabablari mavjud:
№ | Sabablar | Tasnif |
---|---|---|
1 | Ofshor hududlarning talablari oʻzgarishi | Koʻplab davlatlar kompaniyalardan iqtisodiy faoliyatni tasdiqlovchi hujjatlar (Economic Substance) taqdim etishni talab qila boshlashi, shuningdek, oshkoralik talablarining oshirilishi |
2 | Moliyaviy muammolar | Moliya bozoridagi inqirozlar tufayli kredit shartlari oʻzgarishi, foiz stavkalaring oshishi, valyutani boshqarish qoidalari murakkablashishi |
3 | Soliq rejimlari | Pastroq soliq stavkalari yoki ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish imkoniyatidan foydalanish zaruratining vujudga kelishi |
4 | Kapitalga qulay kirish | Investorlar uchun qulayroq yurisdiksiyada boʻlish |
5 | Qonunchilik barqarorligi | Huquqiy xavfsizlikni taʼminlash va korrupsiyani minimallashtirish |
6 | Regulyativ muhit | Kompaniyaning faoliyat turiga mos keladigan qonunchilik tizimidan foydalanish |
7 | Rossiyaga qarshi sanksiyalar | Rossiyada faoliyat yurituvchi, ammo boshqaruv markazi xorijda joylashgan kompaniyalar dividendlarni toʻlashda qiyinchiliklarga duch kelishi |
Redomitsilyatsiya qanday amalga oshiriladi?
Redomitsilyatsiya jarayoni davlatga qarab farq qiladi, ammo umumiy holatda kompaniyaning yangi yurisdiksiyada roʻyxatdan oʻtishi uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- Ilgari roʻyxatdan oʻtganligi haqida guvohnoma.
- Ustav hujjatlari.
- Toʻlovga qobiliyatli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar.
- Direktor (direktorlar) va aksiyadorlar reyestri.
Shuningdek, Articles of Continuation deb nomlangan hujjat tayyorlanadi. Ushbu hujjatda kompaniyaning yangi va eski nomi, oʻzgarish sababi koʻrsatiladi. Yangi yurisdiksiyadagi registrator hujjatlarni tekshirib, kompaniyani qayta roʻyxatdan oʻtkazadi.
Redomitsilyatsiya – bu murakkab yuridik va iqtisodiy jarayon boʻlib, uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun puxta tayyorgarlik, chuqur huquqiy va moliyaviy tahlil talab etiladi. Redomitsilyatsiya kompaniyalar uchun global bozor sharoitida raqobatbardoshlikni oshirish vositasidir. Ushbu jarayon huquqiy va moliyaviy jihatlarni chuqur tahlil qilishni talab qiladi.