Farishta Investorlari
Bugungi raqamli iqtisodiyot davrida innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etish va startaplarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga zamonaviy iqtisodiy muhitda startaplar va yangi biznes loyihalarni rivojlantirish uchun moliyaviy resurslarni topish eng katta muammolardan biri hisoblanadi. Bank kreditlari koʻpincha yuqori foiz stavkalari yoki qatʼiy shartlari tufayli yangi tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni cheklaydi. Shunday sharoitda, farishta investorlar yangi tadbirkorlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlashda muhim oʻrin tutadi.
Farishta investorlar kim oʻzi?
Farishta investorlar – bu boshlangʻich bosqichda boʻlgan biznes loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun oʻz mablagʻlarini taklif qiluvchi shaxslar yoki kompaniyalardir. Ular bu mablagʻ evaziga kompaniyaning ulushiga ega boʻlishadi yoki konvertatsiya qilinadigan qarz shaklida sarmoya kiritishadi. Ular venchur kapitalistlardan farqli ravishda boshqa investorlardan olingan mablagʻlarni emas, balki oʻz mablagʻlarini ishlatishadi.
Farishta investorlarning maqsadi – yangi biznes loyihalarning rivojlanishiga koʻmaklashish orqali uzoq muddatda foyda olish. Ular nafaqat moliyaviy resurslar bilan taʼminlaydi, balki oʻz tajribasi va aloqalari orqali startaplarning rivojlanishiga koʻmaklashadi. Ular koʻpincha tadbirkorlarning boshqaruv faoliyatida ham ishtirok etib, biznesni rivojlantirishda maslahat va tajribalarini ulashadi.
“Farishta” atamasi dastlab Brodvey teatrlarida qoʻllanilgan boʻlib, moliyaviy yordam koʻrsatgan badavlat shaxslarni ifodalash uchun ishlatilgan. Ular teatr loyihalarini moliyalashtirgan va oʻz mablagʻlarini foyda olish umidida qoʻllagan. Zamonaviy biznesda ushbu atama startaplarni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻz mablagʻlarini sarflaydigan investorlarni ifodalash uchun kengaytirildi.
1978-yilda Nyu-Xempshir Universitetining professor Uilyam Vetsel ushbu atamani iqtisodiyotga tatbiq etgan va tadbirkorlar tomonidan kapital jalb qilish jarayonini oʻrgangan. Hozirda Silikon vodiysi farishta investorlar faoliyatining markazi hisoblanadi.
Farishta investorlarning afzalliklari va kamchiliklari qanday?
№ | Afzalliklar | Kamchiliklar | ||
1 | Qaytarib bermaslik talabi | Farishta investorlarning sarmoyasi odatda qaytarib berilmaydi, chunki ular oʻz ulushlarini kompaniyaning aksiyalarida koʻradi | Katta ulush talabi | Ular koʻpincha kompaniyaning 20-30 foizgacha ulushini talab qilishadi, bu esa boshqaruvdagi nazoratni yoʻqotishga olib kelishi mumkin |
2 | Maslahat va boshqaruv yordami | Ular oʻz tajribalari va tarmoqlardagi aloqalari orqali startap egalariga katta yordam berishadi | Moliyaviy bogʻliqlik | Tadbirkorlarning farishta investorlarga haddan tashqari bogʻlanib qolishi xavfi mavjud |
3 | Uzoq muddatli koʻmak | Farishta investorlar biznesning oʻsishi uchun uzoqroq muddatda yordam koʻrsatishga tayyor boʻladilar | Cheklangan moliyaviy resurslar | Yirik venchur fondlarga nisbatan kamroq mablagʻ ajratilishi, qoʻshimcha investitsiya olish zarurati borligi va barqaror moliyalashtirish kafolati yoʻqligi kabi xavflar mavjud. |
Farishta investorlar asosan quyidagi sohalarda faoliyat yuritishadi:
- ➖ Texnologiya: Sunʼiy intellekt, ilovalar va texnologik yechimlar.
- ➖ Sogʻliqni saqlash: Farmatsevtika va biotexnologiya loyihalari.
- ➖ Energetika: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari.
Ular koʻpincha startapning urugʻlik va boshlangʻich bosqichida investitsiya kiritishadi, bu bosqichlarda biznes hali foyda keltira boshlamagan boʻladi.
Farishta investitsiya jarayonida quyidagi bosqichlar mavjud:
- 1. Tadbirkorlik gʻoyasini tayyorlash: Tadbirkorlar farishta investorga taqdim qilish uchun mukammal biznes-reja tayyorlashlari kerak.
- 2. Muzokaralar: Investor va tadbirkor sarmoya shartlari va ulush foizlarini muhokama qilishadi.
- 3. Chiqish strategiyasi: Farishta investor foyda olish uchun aksiyalarni sotish yoki IPO orqali chiqish strategiyasini oldindan rejalashtiradi.
Farishta investorlar startaplar rivojlanishining eng muhim bosqichlaridan birida – “death valley” (oʻlim vodiysi) deb ataladigan davrda yordam beradi. Bu davr gʻoya paydo boʻlganidan to birinchi daromad kelguniga qadar boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oladi. Koʻplab startaplar aynan shu davrda mablagʻ yetishmasligi sababli faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻladi.
Farishta investorlari va venchur kapitalistlar oʻzaro nisbati
Xususiyat | Farishta Investor | Venchur Kapitalist |
---|---|---|
Sarmoya hajmi | Bir necha mingdan million dollargacha | Bir necha million dollardan yuqori |
Investitsiya bosqichi | Urugʻlik va boshlangʻich bosqich | Rivojlanish bosqichi |
Boshqaruvda ishtirok | Faol yoki cheklangan | Faol |
Oʻzbekistonda ham farishta Investorlar mavjudmi?
Oʻzbekistonda farishta investitsiya amaliyoti hali rivojlanish bosqichida. Mahalliy tadbirkorlar uchun imkoniyatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- ◾️ Texnologik parklar va startap akseleratorlari orqali investorlar bilan bogʻlanish.
- ◾️ Moliya institutlari va hukumat dasturlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan tadbirkorlik loyihalari.
Silicon Valley, Boston va New York shaharlari farishta investorlar faoliyati eng faol boʻlgan hududlar hisoblanadi. Misol uchun, Google dastlabki $100,000 ni farishta investorlardan olgan, Facebook ham dastlab farishta investorlar yordamida rivojlangan, dunyo miqyosida Airbnb, Uber va WhatsApp kabi kompaniyalar farishta investorlarning qoʻllab-quvvatlashi tufayli muvaffaqiyat qozongan. Mahalliy tadbirkorlar uchun bu kabi misollar ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Farishta investorlar biznes rivojlanishi uchun muhim moliyaviy manba hisoblanadi. Ular nafaqat moliyaviy yordam, balki tajriba va maslahat shaklida qoʻllab-quvvatlash ham taqdim etadilar. Ammo tadbirkorlar ulush va boshqaruv boʻyicha ehtiyotkor boʻlishlari kerak. Oʻzbekistonda ushbu sohaga oid huquqiy va iqtisodiy muhitni yaxshilash orqali tadbirkorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish mumkin.
Foydalanilgan Manbalar
- 1. University of New Hampshire Center for Venture Research, “The Angel Market in 2020: Return of the Seed and Start-Up Stage Market for Angels”
- 2. Money Morning, “Why You Need an Angel Investor Exit Strategy Before You Invest”
- 3. AngelList, www.angellist.com
- 4. MicroVentures, www.microventures.com
- 5. Angel Capital Association, www.angelcapitalassociation.org