Skip to main content

Tushuntirish xati – intizomiy choralardan himoya vositasimi?

Koʻpchilik xodimlar tushuntirish xati yozishdan xavotirga tushishadi. Aslida esa tushuntirish xati yozish qoʻrqinchli emas, balki xodimning huquqlarini himoya qilishda muhim vosita hisoblanadi. Chunki xodim tushuntirish xatida oʻzining pozitsiyasini bayon etishi, vaziyatni tushuntirishi va aybsizligini asoslab berishi mumkin. Masalan, oʻqituvchi darsni kech boshlagan boʻlsa, u tushuntirish xatida bunga sabab boʻlgan obyektiv holatlarni keltirib oʻtishi mumkin.

Keling, bu masalani batafsil koʻrib chiqaylik.

Tushuntirish xati xodimga oʻz nuqtayi nazarini va vaziyatning kelib chiqish sabablarini rasman bayon qilish imkoniyatini beradi.

Mehnat kodeksining 313-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, intizomiy jazo qoʻllashdan oldin xodimdan yozma tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Ushbu modda kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, xodim tushuntirish xati yozishdan bosh tortsa, bu intizomiy choralar qoʻllashga monelik qilmaydi. Bunday holatda, ish beruvchi xodimning rad javobini guvohlar ishtirokida dalolatnoma bilan rasmiylashtirishi mumkin.

Shunday ekan, ish beruvchi muayyan intizomiy holatlar yuzasidan xodimdan tushuntirish xati yozishni talab qilishga haqli. Bu mehnat intizomini taʼminlash bilan birga, xodimga oʻz pozitsiyasini tushuntirish imkoniyatini ham yaratadi.

Mehnat kodeksining 312-moddasiga koʻra, mehnat intizomini buzgan xodimga quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:

  • ✅ Hayfsan;
  • ✅ Oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizigacha (baʼzi hollarda 50 foizgacha) jarima;
  • ✅ Mehnat shartnomasini bekor qilish (161-moddaning 2-qismi 4 va 5-bandlari).

Shuni ham unutmaslik kerakki, intizomiy jazo chorasi qoʻllanilganda, xodim tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlikning ogʻirligi, yuzaga kelgan shart-sharoit, xodimning avvalgi faoliyati va xulq-atvori hisobga olinishi lozim.

Demak, tushuntirish xati – bu nafaqat majburiyat, balki xodim uchun oʻz pozitsiyasini huquqiy asosda bayon etish va oʻzini himoya qilish imkoniyatidir.

Categories: Mehnat huquqi