
Monopol yuqori va monopol past narx haqida bilasizmi?
Bozorda baʼzi yirik kompaniyalar oʻzining ustun mavqeidan foydalanib, mahsulot narxini adolatdan tashqari belgilashi mumkin. Aynan shuni oldini olish uchun qonunchilikda “monopol narx” degan tushuncha bor. Monopol narxning ikki turi bor – monopol yuqori va monopol past.
Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasida tovarning monopol yuqori narxi tushunchasi belgilab berilgan.
Unga koʻra, agar bozorda ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt mahsulotni ishlab chiqarish va/yoki sotish xarajatlariga nisbatan haddan tashqari yuqori narxda sotayotgan boʻlsa yoki mahsulot sifatini pasaytirish evaziga ortiqcha foyda olayotgan boʻlsa, bu holat monopol yuqori narx deb baholanadi.
Misol uchun, agar kompaniya bir dona dori vositasini 10 ming soʻmga ishlab chiqarib, uni 150 ming soʻmga sotayotgan boʻlsa va bu dori bozorda yagona boʻlsa, bu ortiqcha narx belgilash orqali ustun mavqedan foydalanish holati hisoblanadi. Biroq, agar narxlar tovar-xomashyo birjasi orqali shakllangan boʻlsa, ular monopol narx deb tan olinmaydi, bundan firibgarlik va sunʼiy narx shakllantirish holatlari mustasno.
Shuningdek, 12-moddada monopol past narx tushunchasi yoritilgan. Unga koʻra, agar ustun mavqega ega boʻlgan subyekt mahsulotni tannarxidan past narxda sotib, bozordagi raqobatchilarni siqib chiqarish yoki yangi subyektlarning kirishini cheklashga erishmoqchi boʻlsa, bu ham qonunbuzarlik hisoblanadi.
Masalan, agar yirik supermarket tarmogʻi bir kilogramm shakarni 8 ming soʻmga xarid qilib, uni 5 ming soʻmdan sotsa va bu narx orqali kichik doʻkonlarni zarar koʻrishga majbur qilsa, bu holat monopol past narx sifatida baholanadi. Bunday amaliyotlar vaqtinchalik zarar koʻrish evaziga raqiblarni bozor tashqarisiga chiqarishga qaratilgan boʻladi.
Ikkala holat ham qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.