Skip to main content

Kripto faoliyat bilan shugʻullanish uchun litsenziya narxlari

Kripto aktivlar – bu internetda mavjud raqamli pullar yoki qiymatga ega narsalar. Ular kompyuter dasturlari va internet orqali ishlaydi. Misol uchun, Bitcoin, Etherium, Notcoin va boshqalar. Oʻzbekiston Respublikasida kripto aktivlar cheklangan muomaladagi mulklar sirasiga kiradi. Yaʼni kripto valyuta sotish, sotib olish, konvertatsiya qilish uchun maxsus litsenziyaga ega boʻlish lozim. Ushbu litsenziyani olish uchun belgilangan tartibda davlat boji toʻlash talab etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining “Kripto aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga muvofiq davlat boji miqdori belgilangan.

Unga koʻra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirishga litsenziyalar berilganligi uchun davlat boji miqdorlari toʻlash sanasida amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi baravarlarida belgilanadi:

Faoliyat turiBHM miqdori
1kripto-birja73 400 (27 mlrd 525 mln soʻm);
2mayning3 000 ( 1 mlrd 125 mln soʻm);
3kripto-depozitariy 7 000 (2 mlrd 625 mln soʻm);
4kripto-doʻkon3 700 (1 mlrd 387 mln 500 ming soʻm).

Eslatib oʻtamiz, kripto-aktivlardan litsensiya olmasdan faoliyat yuritish javobgarlikka sabab boʻladi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1554-moddasiga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Unga koʻra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, oʻtkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish, —

  • ➖kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollarini musodara qilib, oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq oʻziga nisbatan maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Agar ushbu holat maʼmuriy javobgarlikka tortilgandan soʻng yana takrorlansa, Jinoyat kodeksining 2788-moddasiga muvofiq:

  • ➖bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda kripto-aktivlar bilan qonuniy shugʻullanish uchun maxsus litsenziya talab etiladi. Shu bois, kripto sohasida ishlashni rejalashtirayotgan shaxslar belgilangan tartib va qonunlarga qatʼiy rioya qilishlari lozim.

Categories: Biznes huquqi