Skip to main content

Qisqartirilgan ish vaqti qachon majburiy?

Ish vaqti — bu xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt boʻlib, u ichki mehnat tartib-qoidalari, smena jadvallari, boshqa ichki hujjatlar yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq belgilanadi.

Ish vaqti nafaqat xodimning bevosita mehnat majburiyatlarini bajargan vaqtini, balki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlarini ham oʻz ichiga oladi. Bularga quyidagilar kiradi:

  • ➖Xodimning aybisiz bekor turib qolgan vaqti;
  • ➖Texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bogʻliq tanaffuslar;
  • ➖Bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar;
  • ➖Asosiy va tayyorgarlik-yakuniy ishlarni bajarish vaqti (masalan, kiyim almashtirish, materiallar olish, ish joyini tayyorlash yoki tozalash, tayyor mahsulot topshirish va h.k.).

Ish vaqtining turlari

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga koʻra, ish vaqti bir nechta turlarga boʻlinadi:

Ish vaqtiTasnifi
1Normal davomiylikdagi ish vaqtibu besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak (Mehnat kodeksi, 182-modda).
2Qisqartirilgan davomiylikdagi ish vaqtiAyrim toifadagi xodimlar uchun mehnatga toʻlanadigan haqni kamaytirmasdan qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi.
3Toʻliqsiz ish vaqtiBu xodimning ish beruvchi bilan kelishuvi asosida qisqartirilgan ish soatlari bilan ishlashi.

Qisqartirilgan ish vaqti nima?

Qisqartirilgan ish vaqti — bu xodimning yoshi, sogʻligʻi, mehnat sharoitlari, vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari yoki boshqa holatlarni hisobga olgan holda, mehnat haqini kamaytirmasdan, qonunchilik yoki mehnat shartnomasiga muvofiq ish soatlarining qisqartirilgan davomiyligi. Bu turdagi ish vaqti ayrim xodimlar toifasi uchun majburiy ravishda belgilanadi (Mehnat kodeksi, 183-modda).

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 183-moddasiga koʻra, qisqartirilgan ish vaqti quyidagi xodimlar toifasi uchun majburiy ravishda, mazkur miqdorlarda belgilanadi:

ToifaIsh vaqti
1Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlar15 yoshdan 16 yoshgacha 24 soat
16 yoshdan 18 yoshgacha 36 soat boʻlishi kerak.
2I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar36 soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.
3Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlar36 soatdan oshmaydigan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.
4Yuqori darajadagi ruhiy, aqliy yoki asabiy zoʻriqish bilan bogʻliq ishlarda band boʻlgan xodimlarhaftasiga koʻpi bilan 36 soat qilib belgilanadi.
5Uch yoshgacha boʻlgan bolasi boʻlgan, byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-ona yoki vasiy35 soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi
Categories: Mehnat huquqi