
Kimlarga xususiy shifoxonalarda bepul xizmat ko‘rsatiladi?
O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy davlat bo‘lib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyoz va kafolatlarni belgilagan. Xususan, xususiy tibbiyot muassasalari ayrim toifadagi fuqarolarga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga majburdir.
Bu tartib “Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida tartibga solinadi.
Mazkur Nizomga muvofiq, quyidagi toifadagi shaxslar bepul tibbiy xizmatlar olish huquqiga ega:
- ➖o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
- ➖I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar;
- ➖muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
- ➖ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalinganlar;
- ➖yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- ➖1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- ➖urush yillaridagi mehnat fronti qatnashchilari;
- ➖qonunchilikda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb e’tirof etilgan boshqa shaxslar.
Bunday bepul xizmatlar fuqarolarning shaxsini va ijtimoiy toifaga mansubligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ko‘rsatiladi.
Shuningdek, bepul xizmatlarning turi va hajmi tibbiyot muassasasiga berilgan litsenziyada belgilangan ixtisosliklar va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib aniqlanadi.
Shu bois, xususiy tibbiyot muassasasiga murojaat qilayotgan har bir ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro o‘zining huquqlarini bilishi va zarur hujjatlarni taqdim etishi muhim ahamiyatga ega.