Skip to main content

Voyaga yetmaganlar uchun yuk ko‘tarish me’yorlari

Yoshlar mehnatga jalb etilishi hayotiy tajriba va mustaqillik sari qadamdir. Biroq, ularning sog‘lig‘i, rivojlanishi va xavfsizligi har narsadan ustun turadi. Shu sababli voyaga yetmaganlarning mehnat qilish huquqi va mehnat sharoitlari davlat tomonidan qat’iy tartibga solinadi. Ayniqsa, voyaga yetmagan shaxslarning mehnatga jalb etilishi ularning sog‘lig‘i, jismoniy rivojlanishi va huquqlari nuqtai nazaridan alohida e’tiborni talab qiladi. Shu bois, ular uchun og‘irlik cheklovlari ham qonunchilikda aniq belgilangan.

Mehnat kodeksining 118-moddasiga muvofiq, fuqarolarga 16 yoshdan boshlab mustaqil mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilgan. Shu bilan birga, 15 yoshga to‘lgan shaxslarga ularni mehnatga tayyorlash maqsadida yengil va sog‘lig‘iga zarar yetkazmaydigan ishlar bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi. Biroq bu holatda bolalarning jismoniy, aqliy, axloqiy va ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik masalasi alohida e’tiborda bo‘lishi lozim.

Mehnat faoliyatida ayrim hollarda voyaga yetmagan shaxslar yuklarni qo‘lda ko‘tarish yoki tashish kabi ish turlariga jalb etilishi mumkin. Bunday hollarda, ularning salomatligiga zarar yetmasligi uchun yuk ko‘tarish va tashishning maksimal normalari qonunchilik bilan qat’iy tartibda belgilangan.

“O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar ko‘tarishlari va tashishlari mumkin bo‘lgan og‘ir yuk normalarining chegarasini belgilash to‘g‘risida”gi Nizomga asosan:

  • ➖16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar faqat yuk ko‘tarish va tashish ishlari bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsalar, ular uchun maksimal yuk og‘irligi 4,1 kg dan oshmasligi lozim.
  • ➖Bunday shaxslar aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishiga jalb etilishi taqiqlanadi.

Agar ish vaqtining uchdan bir qismi yuk ko‘tarish va tashishga to‘g‘ri kelsa, ya’ni bu ish asosiy emas, balki qo‘shimcha xarakterga ega bo‘lsa, 16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun quyidagi yuk ko‘tarish me’yorlari belgilangan:

  • ➖ o‘g‘il bolalar uchun — 6,5 kg,
  • ➖ qiz bolalar uchun — 3,5 kg.

Agar esa ularning ish faoliyati faqat qo‘lda yuk ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday holatda ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan maksimal og‘irlik 2 kg dan oshmasligi kerak. Har qanday holatda ham, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga aravacha va vagonetka orqali yuk tashishiga ruxsat etilmaydi.

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning sog‘lig‘ini, jismoniy rivojlanishini va kelajakdagi mehnat salohiyatini himoya qilish maqsadida ularning yuk ko‘tarish va tashish faoliyatiga qat’iy me’yoriy cheklovlar joriy etilgan. Bu normalar bolalar mehnatining ekspluatatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni haddan ziyod og‘ir jismoniy ishdan asrash va sog‘lom rivojlanishiga imkon yaratish uchun xizmat qiladi.

Categories: Mehnat huquqi