Ta’til olish xodimning huquqi va ish beruvchining majburiyati. Biroq xodim ta’til muddati kelganda uni olishi shart. Mehnat kodeksi 216-moddasiga asosan barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Aynan mana shu qoida xodimlarga ta’til olish huquqini beradi.
Har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi (MK 228-m).
Shunga ko‘ra, tashkilotda har yillik mehnat ta’tillari jadvali keyingi yil boshlanishidan oldin, qoida tariqasida dekabr oyida tuziladi. Shu jadvalga muvofiq xodimga albatta ta’til beriladi.
Aytish kerakki, har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak. Biroq ayrim holatlarda xodimlar ish yilining o‘zida ta’tilga chiqa olmaydigan vaziyatlar bo‘lishi mumkin.
Misol uchun ishlab chiqishning to‘xtab qolishi, xodimning xizmat safariga yuborilishi yoki boshqa holatlarda ta’tilni ololmay qoladigan holatlarda ta’tilning bir qismi kelasi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin.
Lekin bunda ta’tilning o‘n to‘rt kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin. Mazkur holatda albatta xodimning yozma roziligini olinishi shart (MK 230-m).
Shuni ham aytish kerakki, Mehnat kodeksi 234-moddasiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.
Bunda xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda joriy ish yilida foydalanilmagan har yilgi mehnat ta’tili uchun xodimga tegishli bo‘lgan kompensatsiyaning miqdori, shuningdek joriy ish yilida ishlab berilmagan ta’til kunlari uchun ushlab qolinadigan haq miqdori xodimning oxirgi ish yilida ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi (MK 223-m).
Demak, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda Mehnat kodeksining yuqoridagi hamda 172-moddasiga muvofiq xodimga foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiya beriladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, har qanday holatda ham xodimning ta’tili kuyib ketmaydi, u yo kelasi ish yiliga ko‘chiriladi yohud xodim ishdan bo‘shaganda birdaniga kompensatsiya shaklida beriladi.