Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 27.06.2023 yildagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining yo‘riqnomasiga ko‘ra sinf rahbari quyidagi mezonlarga asosan tanlab olinadi:
- kamida 3 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan;
- maktabda asosiy ishchi sifatida faoliyat olib borayotgan (umumta’lim muassasalarida mehnatini soatbay (shu jumladan o‘rindoshlik) asosda faoliyat olib boruvchi o‘qituvchilarning sinfga rahbarlik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi).
- boshqaruvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lgan;
- o‘quvchilar bilan ishlash jarayonida mas’uliyat bilan yondasha oladigan;
- boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi boshlang‘ich sinfga biriktirilgan o‘qituvchilarga yuklatiladi.
Sinf rahbar bo‘lish uchun yuqoridagi talablarga javob berish lozim. Undan tashqari sinf rahbarlik lavozim emas, uni direktor yuqoridagi talablarga mos kelgan pedagoglar orasidan tanlab oladi va unga sinf rahbarlikni biriktiradi.